Jahon | 12:33 / 19.09.2022
39774
8 daqiqa o‘qiladi

Qurbonlar soni 100 ga yaqinlashdi: Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida nimalar bo‘lmoqda?

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘zaro chegaradagi to‘qnashuvlar oqibatida jami 94 kishi halok bo‘lgani, 150 dan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qildi. Chegaradagi qishloqlarga hujumlar va otishmalar 14 sentabrdan 16 sentabrga qadar davom etgan va tomonlar bunda bir-birini ayblagan.

Foto: EPA

Ikki mamlakat hukumatlari yakshanba kuni bergan bayonotlarga ko‘ra, mojaro qurbonlari soni 94 nafarni tashkil etmoqda. Qirg‘iziston hukumati Botken oblastining chegara hududidagi qarama-qarshilik oqibatida 59 kishi halok bo‘lgani, yana 144 kishi yaralangani haqida ma’lumot bergan.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi ham o‘z tomoni yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Vazirlikning feysbukdagi sahifasida mamlakat fuqarolaridan 35 kishi halok bo‘lgani va 25 kishi yaralangani, ular orasida ayollar va bolalar ham borligi aytilgan.

Tomonlar bir-birini janglar vaqtida tanklar, minomyotlar, reaktiv artilleriya va jangovar dronlardan foydalanganlikda ayblamoqda.

Qirg‘iziston hukumati Tojikiston qurolli kuchlari ma’lum vaqt davomida chegaradagi bir qancha qishloqlarini egallab olgani, keyinroq bu hududlarni tark etgani haqida ma’lum qilgan. Juma kuni Qirg‘izistonning chegaradan 10 kilometr masofada joylashgan Botken shahriga Tojikiston tomonidan raketa zarbalari kelib tushgan. Bundan tashqari, Qirg‘iziston hukumati tojik chegarachilari O‘sh viloyati hududida qirg‘izlarning chegara naryadlarini o‘qqa tutganini xabar qilgan. Mojaro boshlangan vaqtda Qirg‘izistonning chegara hududlaridan 137 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan (ayni vaqtga kelib ularning bir qismi uyga qayta boshlagan). 19 sentabr Qirg‘izistonda milliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Tojikiston qirg‘iz qurolli kuchlarini dron orqali masjidni o‘qqa tutgani, natijada 12 kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. Rasmiy Dushanbe maktab va tez yordam mashinasi o‘qqa tutilishi oqibatida ham odamlar halok bo‘lgani haqida ma’lumot bergan.

Qarama-qarshilik boshlanishidan ko‘p vaqt o‘tmay tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgandi, ammo, Qirg‘iziston hukumati bayonotiga ko‘ra, vaziyat faqat yakshanba kuniga kelib biroz sokinlashgan. Qirg‘iziston hukumati vakillari ikki mamlakat huquq-tartibot organlari xodimlari chegaradagi uchastkalardan birida birgalikda navbatchilik qila boshlaganini xabar qilgan.

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida nizolar doimiy ravishda yuzaga kelib turadi, ammo bu safargi keskinlashuv so‘nggi vaqtlardagi eng qonlisi bo‘lmoqda. So‘nggi bor tomonlarning bunday shiddatli qarama-qarshiligi 2021 yil aprelida ro‘y bergan va o‘shanda ikki tomondan 55 kishi halok bo‘lib, 205 kishi yaralangandi.

O‘shanda mahalliy aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, qaytganida esa uylari o‘rnida kultepalarni ko‘rgan. Ikki mamlakat hukumatlari vayron bo‘lgan infratuzilmalarni tiklashga e’tibor qaratadi, ammo so‘nggi kunlardagi voqealar vaqtida yangi qurilgan uylarning ko‘p qismi yana yonib ketgan.

Foto: VYACHESLAV OSELEDKO/AFP

Shu bilan birga, Qirg‘izistonning Botken viloyati ham, Tojikistonning So‘g‘d viloyati ham (shartli chegara o‘tadigan viloyat) ikki mamlakat uchun eng chekka va iqtisodiy qashshoq hududlardir, bu hududlar aholisi ishsizlik va qurg‘oqchilikdan aziyat chekadi. Mahalliy aholi uchun asosiy daromad manbayi - qishloq xo‘jaligidir.

Tojikistonlik ekspert Abdug‘ani Mamadazimov Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham hozirda urush boshlash holatida emasligini aytadi.

«Tojikiston ham, Qirg‘iziston ham boshqa davlatlar bilan chegaradagi kelishmovchiliklarni muvaffaqiyatli hal etish tajribasiga ega va bu shuni ko‘rsatadiki, agar siyosiy iroda ko‘rsatilsa, rasmiylar bahsli kilometrlarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish jarayonini muzokaralar stolida yakunlashi mumkin», deya qayd etadi Mamadazimov.

Mojaroning mohiyati nimada?

Botken oblasti - Qirg‘izistonning eng chekka va g‘arbiy hududi bo‘lib, uch tomondan Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaralangan. Botken oblastida yettita anklav hudud (bir davlatning boshqa davlat hududi bilan o‘rab olingan hududi) bor va odatda qurolli to‘qnashuvlar Tojikistonning eng yirik anklavi Vorux atrofida kelib chiqadi, bu yerda Tojikistonning 35 ming fuqarosi istiqomat qiladi.

Markaziy Osiyoning uch davlati tutashgan joydagi anklavlar

Bu hududdagi barcha tojik qishloqlari qirg‘izlarning aholi manzillari hamda ekin dalalari bilan o‘ralgan. Vorux atrofidagi ayrim nuqtalarda aniq chegara chizig‘i chizilmagan va shu uchastkalar tufayli mahalliy aholi va chegarachilar o‘rtasida tez-tez nizolar kelib chiqadi.

Hududdagi bahsli nuqtalardan biri Tojikistonning materik qismi va Voruxni bog‘lovchi yo‘l hisoblanadi. Sovetlarning eski xaritalariga ko‘ra (Qirg‘iziston va Tojikiston chegara delimitatsiyasi bo‘yicha muzokaralarda turli yillardagi xaritalarga tayanadi), bu yo‘l avvaliga Tojikiston SSR hududi sifatida qayd etilgan, keyinroq esa Qirg‘iziston SSR tarkibida belgilangan.

Shuningdek, bu yo‘l - Qirg‘izistonning Laylak tumanidan Botken tumaniga olib o‘tuvchi yagona yo‘l hisoblanadi.

«Tojikistonliklar bunday hujumlar orqali Voruxga yo‘l ochishga va bu uchastkani egallab olishga harakat qilmoqda, ammo bu uchastka Tojikistonga berib yuborilsa, Qirg‘izistonning 200 ming qirg‘izistonlik yashaydigan Laylak tumani anklavga aylanadi va bizning mamlakat bunga yo‘l qo‘ya olmaydi», degan Laylak tumani rahbari Baymurat Bekmuratov BBC qirg‘iz xizmati uchun bergan intervyusida.

Bu bahsli uchastka - Botken oblastidagi kelishib olinmagan 70 dan ortiq uchastkadan biridir, ularning jami maydoni 210 ming gektarni tashkil etadi - bu qariyb Lyuksemburg hududiga teng. Bu uchastkalar bo‘yicha yechimga kelishning murakkabligi shundaki, ularning aksariyati ikki mamlakatning chegara hududidagi aholi manzillari uchun dala maydonlari, yaylovlar yoki suv manbalari sifatida o‘ta muhimdir.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Facebook sahifasi orqali millatga murojaat qilgan.

«Tarix ko‘rsatdiki, chegara masalasi ehtiyotkorlik va vazminlikni talab qiladi», degan u va Qirg‘iziston «o‘z yerining bir kvadrat metrini ham berib qo‘ymasligi va milliy manfaatlarni qat’iyat bilan himoya qilishi»ni ta’kidlagan.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon hozircha chegaradagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirmadi.

Yakshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.  Kreml saytida xabar qilishlaricha, Putin «tomonlarni keskinlashuvning oldini olishga va vaziyatni imkon qadar tez fursat ichida faqat tinch, siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal qilish choralarini ko‘rishga chaqirgan».

Murakkab muzokaralar

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi umumiy chegara uzunligi 984 kilometrni tashkil etadi va shundan 308 kilometri hamon aniq belgilab olinmagan (bu jami chegara uzunligining 32 foizidir), bu borada ikki mamlakat rasmiylari kelishib ololmayapti.

Qirg‘iziston qurolli kuchlarining 2021 yil bahoridagi to‘qnashuvlar vaqtida yonib ketgan zirhli transportyori. Foto: Reuters

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni 2002 yilda, Tojikiston 1992-1997 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushi oqibatlarini yengib o‘tganidan keyin boshlangan.

Muzokaralar Tojikiston o‘z pozitsiyasida 1924-1939 yillardagi xaritalarga, Qirg‘iziston esa 1958-1959 va 1989 yillardagi xaritalarga tayanishi tufayli murakkab tus olgan.

So‘nggi 20 yil mobaynida chegarada qariyb 100 marta to‘qnashuv kelib chiqqan, ikki tomonning ham qurbonlari soni oshib bormoqda va ikki xalq munosabatlari yil sayin yomonlashmoqda.

Mavzuga oid