AQSh Afg‘onistondan o‘tgan harbiy samolyot va vertolyotlarni O‘zbekiston va Tojikistonda qoldirmoqchi – Politico
AQSh hukumati afg‘onistonlik harbiylar olib o‘tgan havo kemalarining ayrimlarini O‘zbekiston va Tojikistonga berishi mumkin.
AQSh hukumati o‘tgan yil yozida «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi ortidan afg‘onistonlik harbiylar olib qochgan 50 ga yaqin harbiy samolyot va vertolyotlarni O‘zbekiston va Tojikistonda qoldirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deya xabar bermoqda Politico o‘z manbalariga tayangan holda.
«AQSh tomonidan Afg‘oniston hukumatiga berilgan ushbu harbiy texnikalar taqdiri bir yildan ko‘proq vaqt davomida mavhum bo‘lib qolayotgan edi. «Tolibon» ushbu harbiy samolyotlar Afg‘onistonning mulki ekanligini ta’kidlab, ularni qaytarib berishni talab qildi, ammo O‘zbekiston rasmiylari havo kemalari AQSh mulki ekanligini va qaytarilmasligini ma’lum qilishdi.
Afg‘oniston-O‘zbekiston munosabatlarining nozikligi hamda Rossiyaning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va harbiy ta’siri tufayli bu masala yuzasidan omma oldida juda kam gapiriladi. Ammo parda ortida AQSh rasmiylari amerikalik harbiylar mavjud bo‘lmagan mintaqada o‘z o‘rnini egallash uchun samolyotlardan tayanch sifatida yashirincha foydalanishga urinmoqda», deya yozadi Politico.
Nashr manbasiga ko‘ra, AQSh samolyotlarning parvozga yaroqliligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazishni rejalashtirgan. Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralarini qo‘riqlashdagi xavfsizlikni kuchaytirish va terrorchilikka qarshi kurash sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha norasmiy kelishuv doirasida havo kemalarining ayrimlari O‘zbekiston va Tojikiston hukumatiga berilishi mumkin.
«Kelishuv uzoq muddatli istiqbolda o‘zaro razvedka ma’lumotlarini ayirboshlashdan tortib, Afg‘onistondagi terrorchilar faoliyatini kuzatib borish uchun mintaqaviy platsdarm sifatida ushbu mamlakatlarda qo‘shinlar yoki samolyotlarni joylashtirishgacha bo‘lgan jihatlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Bayden ma’muriyati buni amalga oshirishga urinib ko‘rgan, ammo uddalay olmadi. Ikkala davlat ham Afg‘oniston bilan chegaradosh va Yaqin Sharqdagi Amerika harbiylari tayanadigan bazalarga nisbatan ushbu mamlakatga yaqinroq joylashgan. Ammo hozirda olib borilayotgan muzokaralar O‘zbekiston va Tojikistonning terrorchilik tarmoqlari haqidagi axborotlaridan foydalanish imkoniyati to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishiga qaratilgan», deyiladi maqolada.
Amerika Mudofaa vazirligi mansabdorining qayd etishicha, Tojikiston ham, O‘zbekiston ham ushbu harbiy texnikalarni qo‘lga kiritishdan manfaatdor.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gap 46 ta havo kemasi haqida bormoqda. Ular orasida S-208 universal samolyotlari, A-29 Super Tucano yengil hujumkor samolyotlari (shturmovik), Mi-17, Mi-25 va UH-60 Black Hawk vertolyotlari bor. Bu afg‘on harbiy-havo kuchlariga tegishli bo‘lgan texnikalarning qariyb 25 foizini tashkil etadi.
Bayden ma’muriyati Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqib ketilishini AQSh armiyasi aksilterror amaliyotlarini o‘tkazish uchun «ufqda» yetarli qudratga egaligiga bog‘lagan. Biroq o‘shandan beri Qo‘shma Shtatlar terrorchilarga qarshi faqatgina bir marta hujum uyushtirdi. Joriy yilning iyul oyida «Al-Qoida» yetakchisi Ayman al-Zavohiriy dron missiyasi yordamida o‘ldirildi.
«Tolibon» O‘zbekiston va Tojikistondan nimani talab qilmoqda?
2021 yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakat havo makonini 585 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar bergandi. Tojikiston hududiga esa 18 ta harbiy texnika orqali 140−150 kishi o‘tgan. 2021 yil sentabr va noyabr oylarida uchuvchilar va ularning oila a’zolari avvaliga BAAga, keyin AQShga olib ketildi. Harbiy texnikalar esa Afg‘onistonga qaytarilmadi.
2022 yil yanvar oyi boshida toliblar hukumatida mudofaa vaziri v.b. bo‘lgan Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid O‘zbekiston va Tojikistondan aviatexnikalarni qaytarishni talab qilgandi. «Tojikiston yoki O‘zbekistonda bo‘lgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz bu samolyotlar chegaralarimizdan tashqarida qolishi yoki bu mamlakatlar tomonidan foydalanilishini istamaymiz», — degandi u.
Shundan so‘ng, AQSh mudofaa vazirligi rasmiysi Afg‘oniston armiyasining Kobuldagi hukumat qulaganidan keyin O‘zbekiston va Tojikistonga olib qochib ketilgan vertolyotlari toliblarga berilmasligini ma’lum qildi
Aprel oyi oxirida O‘zbekiston prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev nima uchun O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlarni toliblarga qaytarmaganini tushuntirgandi.
«Amerika ovozi» nashriga bergan intervyusida u afg‘on uchuvchilari avvalroq o‘z mamlakatidan O‘zbekistonga olib qochgan aviatexnika AQShga tegishli ekanligini aytdi. «AQSh hukumati ular uchun pul to‘lagan, avvalgi Afg‘oniston hukumatini moliyalashtirgan», dedi u.
Ismatulla Ergashev aviatexnikalar taqdiri bo‘yicha qaror Vashingtonda qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Avgust oyida Afg‘oniston tomoni yana O‘zbekiston va Tojikistondan olib qochilgan vertolyotlarni qaytarishni so‘radi. Mamlakat muvaqqat hukumat mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyatulloh Xorazmiy Kobul o‘g‘irlab ketilgan vertolyotlarni tez orada qabul qilib olishi, vertolyotlar afg‘on xalqi mulki ekanini ma’lum qildi.
Ayrim afg‘on tahlilchilarining fikricha, Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagani uchun vertolyotlarni qaytarib olishning iloji yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati 164 ta harbiy samolyot va vertolyotga ega bo‘lgan, hozirda ularning 81 tasi Afg‘oniston ixtiyorida. Qolganlari esa mamlakatdan olib chiqib ketilgan.
«AQSh Markaziy Osiyodagi harbiy bazalardan foydalanmoqchi emas»
AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi, podpolkovnik Rob Lodvikning ta’kidlashicha, AQSh mamlakat harbiy kuchlarining Markaziy Osiyoda joylashishi yoki doimiy bo‘lishiga hech qanday ko‘rinishda intilmayapti.
Politico’ning yozishicha, qisqa muddatda Rossiya bilan yaqin aloqalarini hisobga olgan holda O‘zbekiston ham, Tojikiston ham AQShga o‘z hududidan baza qurish uchun foydalanishga ruxsat berishi dargumon.
«O‘zbekiston 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan keyin AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilib, Afg‘onistondagi operatsiyalar uchun «Qarshi-Xonobod» aviabazasini 2001-2005 yillarda ijaraga bergan. Biroq ushbu kelishuv Rossiya tomonidan bo‘lgan bosimlar tufayli bekor qilingan. Hozirda O‘zbekiston «Tolibon» bilan yaqin aloqaga ega va o‘zbek jamiyati Afg‘oniston mojarosiga har qanday aralashuvga salbiy qaraydi.
Shuningdek, AQShning O‘zbekistonda harbiy baza ochishi haqidagi yangi kelishuv ushbu mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi.
Tojikistonning ham rasmiy Vashington bilan o‘zaro hamkorlik tarixi bor. 11 sentabr teraktlaridan keyin Amerika harbiy samolyotlariga mamlakat aeroportlaridan yonilg‘i olish uchun ruxsat bergan. Ammo keyinchalik rasmiy Dushanbe Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo bo‘ldi va o‘z hududiga Rossiya harbiy bazasini joylashtirdi.
Shunday bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlari ichida Tojikiston terrorizmga qarshi kurashda «aniq hamkorlik qiladigan» mamlakatdir», deya qayd etdi Politico.
Ma’lumot uchun, AQSh harbiy kuchlari Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarni amalga oshirishda 2001–2014 yillarda Qirg‘izistonning «Manas» aeroportidan hamda 2001–2005 yillar mobaynida O‘zbekistonning «Qarshi-Xonobod» harbiy bazasidan foydalangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning amaldagi Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga ko‘ra, mamlakat hududida xorijiy davlat harbiy bazalari va obektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
23:50 / 29.11.2024