Jamiyat | 17:12 / 20.09.2022
19104
7 daqiqa o‘qiladi

Jarqo‘rg‘on va Uchko‘prikda qishloq xo‘jaligi kooperativlari faoliyatiga to‘sqinlik qilinyapti

Qishloq xo‘jaligi kooperativlari – O‘zbekiston uchun hozirda aynan kerakli bo‘lgan soha. Aynan kooperativlar mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining ertangi kuni. Nega? Chunki aynan kooperativlar dehqonlarning ko‘ngilli – o‘z irodasi bilan, shaxsiy manfaatni ko‘zlab tuziladigan, dehqonlarning o‘z mablag‘lari evaziga faoliyat yuritadigan birlashmalardir.

Mana qarang, hozirgacha qishloq xo‘jaligini davlat moliyalashtirib keldi: avval fermerlar, keyin klasterlar ham deyarli davlat beradigan imtiyozli kreditlar evaziga faoliyat yuritib kelishyapti. Bu degani tomorqachilardan tashqari hamma yerda ishlaydigan xo‘jaliklar o‘z pulini yerga deyarli tikmay keldi. Birovning puli – baribir birovning puli, istaysizmi-yo‘qmi – jigardan bo‘lmagan. Shuning uchun ham bu ketishda rivojlanish bo‘lmaydi va biz – jurnalistlarga kelayotgan ma’lumotlar bunga yaqqol dalil.

Yechimlardan biri – aynan qishloq xo‘jaligi kooperativlari – fermer va dehqonlarning o‘z tashabbuslari bilan (“tepadan tushgan” buyruqqa binoan emas) tuzilgan birlashmalari. Bu yerda:

Birinchidan, dehqonlar xossatan manfaatlarini ko‘zlab birlashishadi, shu sabab ularning ustidan nazorat o‘rnatish kerak bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, dehqon va fermerlar o‘zi pullarini tikishadi, o‘sha – biz tilga olgan “birovning [qadri yo‘q] puli”ni emas. Bu esa umuman boshqacha manzara!

Xullas, kooperativlar sohasi rivojlansa, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlanadi.

Endi bir savol, kooperativlar yuzaga kelishiga to‘sqinlik qilayotganlarni nima deb atasak bo‘ladi? Ularni nima deb atashni siz azizlarga qoldiraman-da, bizga kelib tushayotgan murojaatlarga o‘taman.

Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani. Bu yerda hozircha atigi bitta kooperativ tuzilgan – 16 fermer birlashib, kooperativ tuzgan, paxta yetishtirgan. Mana endi paxta pishdi deguncha, paxtaga ega chiqdi. Kooperativ o‘zi yetishtirgan paxta o‘zi istagan joyga yig‘ishiga imkon berilmayapti.

Boshqa bir murojaat Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidan. 19 nafar fermer kooperativ tuzgan. Bu yerda ham o‘sha holat – kooperativ o‘zi yetishtirgan paxtasini o‘zi istagan joyda saqlashiga to‘sqinlik qilinyapti. Va yig‘ib qo‘yilgan paxta g‘aramini (buntini) klaster omboriga majburan olib ketish bilan tahdid qilinmoqda.

Hali aytganimizdek, kooperativlar – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ertangi kuni. Masalan, hozirdanoq ma’lum bo‘ldiki, kooperativlar yetishtirilayotgan paxtaning tannarxini tushirishga harakat qilishyapti va paxta yetishtirishga kamroq mablag‘ sarflanyapti. Har bir tuzilayotgan kooperativni hozirda mamlakat yutug‘i deb qabul qilish kerak.

Kun.uz'ga Jarqo‘rg‘on va Uchko‘prik tumanlarida tashkil qilingan qishloq xo‘jaligi kooperativlaridan murojaatlar kelib tushdi. O‘rganishimiz ikki holatda ham manzara deyarli bir xil ekanini ko‘rsatdi – muammolar paxta yetilib, terish davri kelganda yuzaga kela boshlagan: kooperativlar o‘z paxtasini o‘zi lozim topgan joyda saqlashiga to‘sqinlik qilingan, ma’lum klasterning joyiga yig‘ishga majburlanyapti.

Biz Surxondaryo viloyati hokimining q/x bo‘yicha muovini Usmon Turopov va Uchko‘prik tumani hokimidan telefon orqali izoh oldik. Ikki holatda ham mas’ullar o‘z izohi bilan qonunchilikda kooperativlarga biriktirilgan huquqlardan yo bexabar ekani, yo bilib inkor qilayotgani ravshan bo‘ldi...

Qonunlardan iqtiboslar:

“Kooperativ yuridik shaxslarning tashabbusi bilan mutlaqo ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi”.

“Kooperativning ustavi yuridik shaxslar muxtor vakillarining yig‘ilishida qabul qilinadi va davlat xizmatlari markazlarida ro‘yxatga olinadi”.

“Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan qonunchilik hujjatlari rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi shart”.

“Tadbirkorlik faoliyati sub’yektidan mulkni olib qo‘yishga, uning boshqa ashyoviy huquqlarini bekor qilishga, shuningdek ularni cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi”.

“Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari xomashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga erkin kirishda, shuningdek, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda teng imkoniyatlarga ega. Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining xomashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga kirishi davlat organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan biror-bir tarzda cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

“Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining o‘zga qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas”.

“Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari fermer xo‘jaliklarining agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini hamda realizatsiya qilish yo‘nalishini belgilashiga aralashishga haqli emas”.

“Davlat organlarining bitimlar tuzish, foydani taqsimlash, ijroiya organi rahbarini va uning a’zolarini saylash (tayinlash) masalalari bo‘yicha hamda tadbirkorlarning boshqaruv organlari vakolatiga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlariga ko‘rsatmalar va boshqa farmoyishlar berish, hujjatlarga muhr bosishni talab qilish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash to‘g‘risida talab qo‘yish xamda tavakkalchiligi sharoitlarida qabul qilingan, zarar ko‘rilishiga olib kelgan qarorlar uchun ularning boshqaruv organlari a’zolariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish taqiqlanadi”.

“Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish, ya’ni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va (yoki) undan mahrum etish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon bo‘lgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, shuningdek mulkdorning mulkini olib qo‘yish yoxud uni o‘z mol-mulkiga bo‘lgan huquqidan voz kechishga majburlash, talon-toroj alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda Jinoyat kodeksining XIII¹-bobida qat’iy jinoiy javobgarliklar bor”.

Shokir Sharipov tayyorladi. 

Mavzuga oid