O‘zbekiston | 10:02 / 22.09.2022
3545
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Yaponiya choyini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi

Hozirda sinovdagi choy o‘simligi mamlakatda yaxshi o‘smoqda.

Videodan kadr

Respublika dengiz sathidan 600-1500 metr balandlikda joylashgan tog‘ va tog‘oldi hududlari, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida choy ko‘chatlari ekilib, O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha olimlar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Hozirda sinovdagi choy o‘simligi mamlakatda yaxshi o‘smoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, respublikada choy yetishtirish bo‘yicha ushbu qadam dastlab Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifida kunchiqar mamlakat bosh vaziri bilan protokol imzolab, o‘simlikni yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganda boshlangan. 

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi «Choy yetishtirishni tashkil etish va aholini mamlakatda ishlab chiqarilgan sifatli choy hamda choy mahsulotlari bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi. 

Kelishuv va qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti «Dehqonchilik va melioratsiya» kafedrasi professor o‘qituvchilari Yaponiya Mayzuru shahri hamda Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda u yerda yetishtirilayotgan 5 ta: «Sayamakaori», «Fukimidori», «Xokimey», «Fushin», «Sayamadori» choy navlarini introduksiya, ya’ni mamlakatga «ko‘chirib keltirishga» kirishdi. 

Bildirilishicha, aynan ushbu choy navlari respublika yerlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Hamkorlikdan maqsad - tog‘ va tog‘oldi hududlarida o‘simlikni ko‘paytirib, keyinchalik choy ekiladigan maydonlarni yaratish. Bu orqali xalqni mahalliy yetishtirilgan va ishlab chiqilgan arzon, sifatli choy va choy mahsulotlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid