O‘zbekiston | 07:36 / 23.09.2022
17900
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda soch uzunligi uchun maktab o‘quvchisi ota-onasi 1,5 million so‘m jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston poytaxtida maktab o‘quvchisining ota-onasi soch uzunligi uchun 1,5 million so‘m jarimaga tortilgani haqida ma’lumot tarqaldi.

Foto: Getty Images

Bu haqda «Potrebitel.uz» guruhida xabar berildi.

Guruh ma’murlari Vazirlar Mahkamasining «Davlat ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori haqida eslatib o‘tgan.

Bu hujjatda o‘g‘il bolalarning sochi 2-3 sm uzunlikda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, pirsing, tatuirovka, soqol va sochni yorqin ranglarga bo‘yash taqiqlangan.

Qizlar uchun pirsing, tatuirovka, makiyaj, uzun tirnoqlar, tirnoqlar bo‘yog‘i, uzuklar, 3 smdan ortiq poshnali oyoq kiyimlari, bir quloqqa bir nechta sirg‘a taqish taqiqlangan va yubka uzunligi tizzadan 5-15 sm pastda belgilangan.

«Potrebitel» foydalanuvchilari xabariga ko‘ra, ota-onalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha jarimaga tortilgan.

Yuqoridagi moddada qayd etilishicha, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan shaxs tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilishiga olib kelgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (300 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi maktablardan birida direktor va ichki ishlar organi xodimi sochi uzun o‘quvchilarning sochini olish niyatida ekanliklarini aytgan edi.

Mavzuga oid