Oliy sudda singan umid. To‘dako‘l ishi arzimas sabab bilan quyiga uloqtirildi
Amerika-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining milliardlab mulki tortib olinib, mahalliy tadbirkorga berib yuborilishiga asos bo‘lgan tender hujjatlari qalbaki bo‘lib chiqdi. Shu bois ham ish taqdiri qo‘shma korxona foydasiga hal bo‘lishi shart bo‘lib turgan bir vaziyatda Oliy sud “o‘yin”ni qaytadan boshladi. AQShlik investorning ham, uning o‘zbekistonlik hamkorining ham sudlarga nisbatan tiklanay deb turgan ishonchi yana sindi.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan To‘dako‘l suv havzasi bo‘yicha 4 yildan buyon davom etayotgan mojaro tobora chigallashib bormoqda: Oliy sud oldingi sud qarorlarini bekor qilib, ishni qayta ko‘rish uchun Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga yubordi. Kun.uz oldinroq ushbu mavzu bo‘yicha maqola e’lon qilgandi.
Qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan To‘dako‘l
Mojaro sababi To‘dako‘lni ijaraga olish bilan bog‘liq. 2004 yilda “Shams-Navoiy” korxonasi “CASEF” jamg‘armasi bilan “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasini tashkil etgan va o‘tkazilgan tenderda To‘dako‘l suv havzasini 18 yil muddatga ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritgan.
“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasining 18 yillik ijara shartnomasi 2022 yilda tugashi kerak edi. Ammo 2018 yilda tabiiy suv havzalari doimiy ravishda tanho foydalanish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilgach, uyushma To‘dako‘lni ijaraga berish uchun 2018 yil yanvar oyida qayta tender o‘tkazgan. 4 ta firma o‘z takliflari bilan qatnashgan tenderda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi yana g‘olib bo‘lgan va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan 10 yillik shartnoma imzolagan.
Oradan qariyb 3 oy o‘tib, 2018 yil aprel oyida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi shartnomani bekor qilish va tanlov o‘tkazish haqida buyruq qabul qilgan. May oyiga kelib esa qayta tender “tashkil etilgan” va To‘dako‘l “Golden Lake Fish” MChJga o‘tgan.
“Aqua-Tudakul” MChJ “SHAMS-NAVOI” XK va “Central Asiya Small Enterprise F” (CASEF) jamg‘armasining ta’sischiligida ochilgan. Ushbu qo‘shma korxona 2018 yilga qadar 14 yil davomida To‘dako‘l suv havzasidan foydalanib kelgan. “Golden Lake Fish” MChJ esa tender o‘tkazilishidan bor-yo‘g‘i 16 kun oldin, 2018 yil 7 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Qariyb 46 mlrd so‘mlik zarar
To‘dako‘l yangi ijarachiga berilganida unda oldingi ijarachi – “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi tomonidan yetishtirilgan baliq bo‘lgan. Masalaning sud ishida ko‘rilayotgan asosiy nuqtasi aynan shu.
Da’vogar – “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi yetkazilgan moddiy zarar miqdori 45,8 mlrd so‘m ekanligini, ko‘lda baliq yetishtirish uchun uni 2011-2017 yillarda har yili o‘rtacha 125 tonna chavoq bilan baliqlantirganini aytmoqda. Qo‘shma korxona bu vajga ko‘plab dalillar, jumladan, soliq va statistika hisobotlarini, baholash xulosalarini taqdim etgan.
Javobgarlar – “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda “Golden Lake Fish” MChJ vakillari esa tabiiy muhitga chiqarib yuborilgan hayvonlar davlat mulki hisoblanishini, da’vogar tabiiy hududdagi baliqlarni qonunchilikka zid ravishda o‘zining mulki sifatida e’tirof etayotganligini ta’kidlayapti.
Oliy sud ishni qayta ko‘rishga yubordi
“To‘dako‘l ishi”ni ko‘rib chiqqan Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi “Golden Lake Fish” MChJdan “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi foydasiga 45,8 mlrd so‘m moddiy zarar undirish haqida qaror chiqargan.
Sud da’vogarning “To‘dako‘l” suv omborida baliqlantirish va uni qo‘riqlash, moliyalashtirish yuzasidan taqdim qilgan hujjatlari hamda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasiga asosan ko‘ldagi baliq zaxirasi “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasining mulki ekanligi va uni undirish asosli deb hisoblagan.
Toshkent viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Ammo Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 16 martdagi hamda Toshkent viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2022 yil 12 maydagi qarorlarini bekor qilgan va ishni yangidan ko‘rish uchun Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborgan.
Oliy sud qarorni quyiga uloqtirishiga “Oldingi sudlar tomonidan 2018 yilgacha da’vogarga tegishli baliq zaxirasi qaysi shartnoma asosida yuzaga kelganligi o‘rganilmagan. Ya’ni baliq zaxirasi da’vogar bilan Navoiy viloyati hokimligi o‘rtasida ijara shartnomasi tuzilganidan so‘ng yuzaga kelgan, deb hisoblanmoqda. Biroq mazkur ishga Navoiy viloyati hokimligi jalb qilinmagan”, degan mazmunda vaj keltirgan.
Biroq Oliy sud negadir masalaning asosiy nuqtasi – Amerika-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining 45,8 mlrd so‘m moddiy zarar ko‘rishiga, suv havzasi 15 yillik firmadan 15 kunlik firmaga tortib olib berilishiga asos bo‘lgan tender hujjatlari qalbakilashtirilganiga e’tibor qaratmagan.
Tender hujjatlari soxtalashtirilgan
Eng qizig‘i, To‘dako‘lni “yutib olgan” “Golden Lake Fish” MChJ rahbari Panjiqul Ro‘ziqulov tenderga soxta hujjatlar taqdim qilgan. Uning bu qilmishi yuzasidan jinoyat ishi ochilib, 2022 yilning 15 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmida ko‘rinishicha, Panjiqul Ro‘ziqulov “Golden Lake Fish” MChJ ta’sischisi Azamat Xoliqov, norasmiy mutaxassisi Qahramon Tilloyev va norasmiy hisobchisi Iskandar Asadov bilan jinoiy til biriktirib, MChJda go‘yoki 40 dona kichik hajmli kema borligi haqida soxta hujjat tayyorlagan (kemani boshqarish biletlarini qalbakilashtirgan).
Chunki Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Baliq ovlash xo‘jaliklariga tabiiy suv havzalari uchastkalarini ajratish, baliqni sanoat yo‘li bilan ovlash, baliq ovlash xo‘jaliklarining tabiiy suv havzalaridan foydalanganligi uchun ijara to‘lovini hisoblash va undirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda tanlov takliflarini ko‘rib chiqish va tanlov g‘olibini aniqlashda bir qator baholash natijalari, jumladan, talabgorning baliq ovlash va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish uchun mavjud moddiy-texnika vositalari (rusumi ko‘rsatilgan qayiqlar, motorlar, ovlash qurollari, avtotransport vositalari, baliq va baliq mahsulotlarini saqlash uchun sovitish uskunalari va hokazo) bo‘lishi belgilangan.
Shu tariqa qalbaki hujjatlarni tenderga taqdim etgan “Golden Lake Fish” MChJ 225 ball bilan g‘olib bo‘lishga erishgan.
Panjiqul Ro‘ziqulov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilgan. Ammo javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli javobgarlikdan ozod qilingan.
Shuningdek, olingan ma’lumotga ko‘ra, mazkur ish doirasida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi mansabdor (To‘dako‘lni ijaraga berish yuzasidan o‘tkazilgan tanlov komissiya tarkibida bo‘lgan) shaxslariga ham Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
E’tiborlisi, aynan tergovda javobgarlik masalasi ko‘rilayotgan mansabdor imzosi bilan 2018 yil 3 aprel kuni “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga o‘zaro tuzilgan shartnomani bir tomonlama bekor qilish haqida ogohlantirish xati jo‘natilgan.
Birov ekkanini boshqa o‘rib ketaveradimi?
Shunaqa bo‘lyapti: “Aqua-Tudakul” katta xarajat evaziga ko‘lda baliq yetishtirgan, “Golden Lake Fish” MChJ qalbaki hujjatlar evaziga ijara huquqi o‘ziga o‘tgach, birov yetishtirgan baliqlarni sotib, daromad ko‘rib ketmoqda. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi ko‘lda baliqchilikni rivojlantirish o‘rniga o‘z o‘yinlari bilan borini ham yo‘q qildi, Oliy sud esa qaror topay degan adolatning belini bukyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida qilinadigan 5 ta asosiy vazifani belgilab bergan edi. Ulardan ikkinchisi – sud. Shunga qaramay, quyida emas, Oliy sudda shunaqa qarorlar chiqayotgani bu islohotlar hali Oliy sudda boshlanmaganini ko‘rsatib qo‘ymayaptimi?
Kun.uz voqealar rivojini kuzatadi va mavzuga yana qaytadi.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
17:49 / 06.12.2024
Oliy sud: 10 oyda 4 934 kishi sud zalida qamoqdan ozod qilindi
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024