«Qarz olib sep qilgandim, to‘lab bo‘lmasimdan qizim qaytib keldi»
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda avgust oyining o‘zida nikohdan ajralishga doir 4123 ta holatlar qayd etildi. Yurtimizda bir oyda shuncha ajrim sodir bo‘layotgan bo‘lsa, bu raqam bir yilda qariyb 50 mingtani, 5 yilda esa 250 mingtani tashkil qiladi. Bu juda ayanchli!
Ajralishga nimalar sabab bo‘lmoqda. Quyida biz ayrim qahramonlarimiz hayoti misolida masalaning tub ildiziga e’tibor qaratishga harakat qilamiz.
Malika ajrashganda bolasi chaqaloq edi. Ota-onasidan ayrilganidan so‘ng qaynonasi «men orzu-havasli ayolman, qudalarim bilan bordi-keldi qilishni xohlayman», deb uydan quvib yubordi. Eri chet elga ishlagani ketgan edi. Qaynotasi ham yonini olmadi — xotinining gapidan o‘tolmadi. O‘g‘li qaytib kelishi hamono onasi uni boshqaga uylantirib qo‘ydi. Yigit ham o‘g‘illik vazifam dedi-yu, erlik, otalik vazifasiga ko‘z yumdi.
Otasining kasalini davolatish uchun qizlik uyi sotilib ketgan, borarga joyi, suyangani odami qolmagan Malika bir necha bor bo‘yniga sirtmoq ham solmoqchi bo‘ldi. Ammo jajji qizi oldidagi mas’uliyat uni ushlab qoldi. Bugunga kelib qizi Omina 4-sinfga o‘tdi, ammo ular hali ham ijarama-ijara, boshpanasizlikdan qiynalib yuradi.
Xalqaro miqyosdagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ajrashgan har beshinchi ayol qashshoqlikka tushmoqda, har uchinchi ayol uy-joysiz qoladi. Aksariyat erkaklarning turmush darajasi 10–40 foizga pasayib ketadi. Bu holat o‘z navbatida jamiyat taraqqiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi va kambag‘allik o‘sishi, ijtimoiy yordamga muhtojlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
BMT tomonidan har yili ajralishlarning global koeffitsiyenti berib boriladi. Mazkur ma’lumotlarga ko‘ra, nikohdan ajrashish statistikasi bir qator ta’sirchan omillar tufayli keskin o‘zgarib bormoqda. Dunyo bo‘yicha ajrashishga juftliklarning o‘zaro mos kelmasligi, xiyonat, giyohvandlik/alkogolga qaramlik, moddiy yetishmovchilik hamda jismoniy/ruhiy zo‘ravonlik katta ta’sir o‘tkazadi.
Shuningdek, o‘zbek oilalarining ajralishlariga uchinchi shaxslarning aralashuvi, qaynona-kelin munosabatlari, farzandsizlik, yosh oilalarning o‘z uy-joyiga, daromad manbaiga ega emasligi kabi omillar ham katta ta’sirga ega.
Qaynonaning aralashuvi bilan oilasi buzilgan Malika singari ayollar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Oila uchun mutlaqo kerak bo‘lmagan oldi-berdi, o‘tkinchi orzu-havaslar sabab bolalar ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lishmoqda.
“Baxtiyor oila” kitobida keltirilishicha, ota‑onalarning insofsizligi, ularning shariatni bilmasliklari, unga amal qilishni xayollariga ham keltirmasliklari yosh oilalarning ajralishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday kimsalar bolasi o‘z jufti haloli bilan saodatli umr kechirayotganini yetarli hisoblamaydilar. Ular bir-birlariga emas, bizga yoqishlari kerak, degan fikrda bo‘ladilar. Islom ta’limotida iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qilingan. Boshqa birovning – agar o‘sha birov ota‑ona bo‘lsa ham – xohishiga binoan oilani buzishga ruxsat yo‘q.
Tekinning qadri bo‘lmaydi
Vodiy tomonlarda qiz bolani uzatishning o‘zi bo‘lmaydi. «Qizimni sepini to‘kis qilay, deya qarz ko‘tardim, — deya gap boshladi o‘zini Odina deb tanishtirgan andijonlik ayol. — Turmushga chiqishidan bir necha kun oldin plastigiga oylik maoshi tushdi. Shuni ham kamingga ishlatay deb, idish-tovoqlarini butladim. To‘ydan keyin qaynonasi oyligini so‘raganda qizim yaqinda tushgandi, onam sepimga narsa olgandilar, debdi. Shu bo‘ldi-yu qaynonasi qizimning ko‘zini ochirmaydi. Qizligida olgan oyligiga o‘ziga narsa olishga haqqim yo‘qmi? Hali olgan qarzimdan qutulmay turib, qizimni quvib yubordi. Qornida bolasi bilan qayerga boradi?! Eri yonini olgan ekan, uni ham xotiniga qo‘shib chiqarib qo‘yibdi. Hozir og‘iroyoq holi bilan ijarama-ijara yurishibdi».
Juda ko‘p oilalarda ajrimga bosh sabab yuqoridagi kabi holatlar bo‘lyapti. Bunday vaziyatda yoshlar alohida yashashi kerak, demakki yigitlar o‘zlari mustaqil pul topib, uy-joy qilib, keyin turmush qilishi kerak.
Statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilning dastlabki avgust oyida hududlar kesimida qayd etilgan ajrashishlar soni eng ko‘p Toshkent shahrida kuzatildi — 530 ta holat. Shuningdek, ajrashish holatlari Farg‘ona (508 ta), Samarqand (448 ta) va Toshkent viloyatida nisbatan ko‘p kuzatildi (419 ta holat). Namangan(398 ta) va Andijon viloyatlari ( 369 ta) ham yetakchi o‘rinlarda.
E’tibor bersangiz, ajrimlar asosiy og‘irlik qiz tomonga tushadigan hududlarda ko‘p. Yigit tomonga yuk tushadigan hududlarda esa kam. Misol uchun Toshkent shahri va vodiy urf-odatlariga ko‘ra, qiz tomon kelinga ajratilgan xonalarni pardadan gilamgacha (mebellarni aytmasa ham bo‘ladi) o‘zi bezatadi. Toshkentda to‘ydan oldin kelin qilgan mebel yoqmasa qaytarib yuborish holatlari va shuning ortidan o‘rtaga sovuqchilik tushishi ham kuzatiladi.
Uylanish oson bo‘lib qoldi
«Kuyovning ichki kiyimidan tortib paypog‘igacha kelin tomon qilib beryapti. Mebellarini-ku aytmay qo‘ya qolay, — deydi yetmishni qoralayotgan G‘ayrat ota. — Bizning vaqtimizda bunday narsalar yo‘q edi. Kelin o‘ziga kerakligini olib kelardi — bo‘ldi. Qolganini asta-sekinlik bilan ro‘zg‘ordan orttirib er-xotin olaverardi. Shuning uchun ham barcha narsaning, turmushimizning qadri bo‘lardi. Hozir-chi, kir mashina, konditsionergacha qizning uyidagilari qilib boryapti. Uyat emasmi? Yoshlarning hayotida erishiladigan, intiladigan narsa qolmayapti. Ota-onalar o‘zini qiynab, kredit olib, bir ro‘zg‘orni mukammal qilib beryapti. Beli og‘rib topmagandan keyin yigitlar ham na ro‘zg‘orning na xotinning qadriga yetyapti. Chunki bunisidan kechsa boshqasini topishini, ikkinchisi ham yana shuncha narsa qilib kelishini biladi».
Qizlar emas, kelinlar uchun yig‘iniladi
«Biz sep yig‘maymiz, qaytanga bizga qalin puli berishadi, — deydi qoraqalpoqlik Ayjamal. — Undan tashqari kuyov tomon kam deganda qo‘y beradi. Biz tomonda sep-sarpo deganga ahamiyat berishmaydi. Sep desa kelinning yangalari olib keladigan 4–5 uy kiyimi, 4 dona quroq ko‘rpacha va chimildiq nazarda tutiladi. Ko‘pgina qoraqalpoq yigitlaridan eshitganman: «xotinimning dadasi olib bergan mebelda yotishga oriyatim yo‘l qo‘ymaydi!» Aqli bor, qizining baxtli turmushini o‘ylagan ota-ona hech qachon qiziga «spalniy» qilmaydi. Bizda yigitlardan ko‘ra qizlarni ko‘proq o‘qitishadi. «Qiz bolaning yo‘li ingichka, o‘g‘il esa joyini, nonini topib keta oladi», degan qarash bor. Ajrashgan ayol ham jamiyatning ikkinchi sortiga aylanib qolmaydi. Birinchi navbatda ota qizini qo‘llab-quvvatlaydi, ajrashishga aniq sabab bormi demak, o‘sha uyga olib borib tashlab kelinmaydi. Biz tomonda oilalar kamdan-kam holatda buziladi. Qizlarning sepiga yillab pul, latta yig‘ishmaydi, kelin tushirish uchun pul yig‘ishadi.
Qoraqalpog‘iston ajrimlar bo‘yicha so‘nggi o‘rinlarda turadi. Oilaning mustahkamligida qadriyat darajasiga ko‘tarilgan odatlar ham muhim rol o‘ynayotgan ekan, demak, ularni isloh qilish kerak. Yana bir e’tiborga molik jihati bu — qizlarni o‘qitish. Jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qiz oilasida ham o‘z o‘rnini topadi. Turmush o‘rtog‘i, qaynona-qaynotaga qanday munosabatda bo‘lishni, qayerda gapirib, qay o‘rinda jim turishni biladi.
Malika nega ijarada turibdi?
Malika eri bilan ajrashar ekan, unga qaynonasi va eri hech kimi yo‘qligini, bunday vaziyatda davlat farzandini erida qoldirishini aytib qo‘rqitishadi. «Agar aliment kerak emas, erimdan hech qanday da’vom yo‘q, hech qachon bezovta qilmayman», deb yozib bersa, bolasini o‘zida qoldirishlarini aytishadi. O‘z huquqlarini bilmagan ayol ular aytganidek qilib yozib beradi. Qizi 9 ga kiribdi hamki, otasi na xabar oladi, na yordam beradi. Subsidiyaga uy olish arizasi bilan bir necha marotaba mahalla, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga chiqqan ayolning arizasi davlat ishida ishlamasligi uchun qonunga to‘g‘ri kelmasligi aytib qaytariladi.
Otasi berishi kerak bo‘lgan narsani davlatdan kutishadi
«Ushbu murojaatchining talabi qondirilmasligining asosiy sababi davlat ishida ishlamasligi, ya’ni doimiy daromad manbaining yo‘qligi, — deya tushuntiradi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot kotibi Nilufar Jumayeva. — Subsidiyaga uy ajratilganidan so‘ng 5 yil davomida hech qanday to‘lov qilinmaydi. Ammo undan so‘ng bir xil miqdorda to‘lov qilib boriladi. Doimiy daromad manbai bo‘lmagan odam qolgan summani to‘lay olmaydi. Farzandning otasidan talab qilishi kerak bo‘lgan narsani ayollar davlatdan talab qilishadi. Aslida, otani sudga berish orqali bu masalani hal qilish mumkin».
Malikaga farzanding qiz bo‘lganligi uchun uning ota uyida haqqi yo‘q. Sen uyga da’vo qilolmaysan, qolaversa yozib bergan qog‘ozing sabab sobiq eringni sudga ham berolmaysan, deb ishontirishgan. Aslida ham shundaymikan?
Bu borada huquqshunos Kamola Aliyeva ayolning huquqlarini tushuntirib o‘tdi:
«Birinchi o‘rinda prokuraturaga ariza yozishi kerak. U arizada sobiq eri bilan qaynonasining qo‘rqitib qog‘oz yozdirib olishganini ko‘rsatadi. Mahalla noziriga borib himoya orderi so‘raydi. U ham bir asos bo‘ladi. Keyin sudga ariza berayotganda undan to‘lov so‘raladi. Mahallaga borib yolg‘iz onaligi, uy-joyi yo‘qligini yozib, «temir daftar»ga kirishi kerak. Hokimiyat, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga uy-joy bilan ta’minlashda yordam so‘rab ariza yozishga ham haqli. Alimentga berish masalasini ham ko‘rib chiqish kerak. Shuningdek, eri yashayotgan uy kimning nomidaligiga qarab uyga da’vo qilishi ham mumkin. Ya’ni uy erining nomida bo‘lsa, uyni bo‘lish bo‘yicha, agar qaynona yoki qaynotasining nomida bo‘lsa uyga kiritib qo‘yish bo‘yicha ariza berishga haqli. Ayol shuni bilishi lozim, sud asossiz, ota-onasi yo‘qligi uchungina bolasini tortib olmaydi».
O‘z haq-huquqini bilmaydigan ayollar jamiyatimizda talaygina. O‘qitib, kasb-hunarli qilguncha «vaqti o‘tib ketadi» degan vahima bilan uzatilgan, tengdoshlari o‘qishni tamomlagan bir vaqtda ajrashishga ham ulgurgan yoki farzandini tortib olishlaridan qo‘rqib, oilada, jamiyatda o‘z o‘rnini topolmay, arosatda qolayotganlar, farzandiga umrini bag‘ishlab, otasiz katta qilayotgan onalar qancha...
Eng yomoni — otasizlikda, onasining qiyinchiligini ko‘rib katta bo‘lgan farzandlarning ruhiy iztiroblari kelajagiga ham ta’sir qilmay qolmaydi.
Oila qurishdan qo‘rqaman
«Otamni elas-elas eslayman, onam bilan tinmay janjallashishardi, — deydi Nasiba xomushlik bilan. — Bir-birlarini tushunaverishmagach, ajrashib ketishgan. Biz ikki farzand onamiz bilan qoldik. Onam umrini bizga bag‘ishlab boshqa turmush qilmadi.
Otam farzandlari bilan ham ajrashgandek, endi otalik vazifasi tugagandek edi. Onam bizni boqish uchun bozorga chiqdi. Oyoq qo‘llari kechasi bilan og‘rib, ingrab chiqardi. Hamma menga sen kuchli bo‘lishing kerak, kuchli bo‘lishing kerak, onangning mashaqqatini rohatga aylantirishing kerak, derdi.
Bor kuchim bilan o‘qidim. Onamni qiyinchiliklardan olib chiqish uchun ham o‘qidim. O‘qishga kirdim. Chet elga grant yutdim. O‘qib kelib, o‘z biznesimni boshladim. Meni ko‘rganlar katta amaldorning qizi bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Aslida esa aksincha.
Oila quradigan yoshga yetgan bo‘lsam-da, menda qo‘rquv bor. Taqdirim onamnikiga o‘xshasa-chi, turmush o‘rtog‘im meni tushunmasa-chi, bolalarim otasizlik azobini torsa-chi, kabi qo‘rquv sabab shu mavzuni chetga suraveraman».
Navbat yigitlarga!
Xalqimizda qizlarni oilaga tayyorlash odat tusiga kirgan. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashash kerakligi uqtiriladi. Bugungi kun esa qizlar qatorida yigitlarni ham oilaga tayyorlash zarurligini ko‘rsatmoqda. Qars bir qo‘ldan chiqmaydi, axir. Bolalarni oilaviy munosabatlarga tayyorlashda diniy bilimni kuchaytirish, oila muqaddasligi g‘oyasini singdirish shart.
Bugun Yevropada, ayniqsa Yaponiyada «Ota-onalik maktablari», «Oila ta’limi», «Oila maktablari» o‘quv maskanlari ko‘payib bormoqda. Yaponiya hukumati uylanadigan erkaklardan 18 raqamdagi, qiz va ayollardan esa 24 raqamdagi sertifikat so‘rashmoqda. Bu sertifikatning mohiyati «Oila uchun hozirlik», «Er-xotinlik bilimi» darajasini ifodalaydi. Aslida «Oila ta’limi» maktablarining bo‘lishi va kengaytirilishi juda dolzarb masala. Oilaga hozirlik qadriyat yoki an’analar bilangina emas, ta’lim-ilm bilan bo‘lishi kerak.
«Tahlillarga ko‘ra, keyingi paytda oilalarda erkaklarning mas’uliyati kamayib bormoqda. Bunda esa tarbiyaning qaysidir jihatida, ayniqsa o‘g‘il bolalar tarbiyasida kamchilikka yo‘l qo‘yilayotganligi ko‘rinib qolyapti. Biz ayollarni himoya qilish borasida himoya orderi berishni, reabilitatsiya markazlariga qabul qilib, ularga ruhiy ko‘mak berishni yo‘lga qo‘yganmiz. Ammo ayol yana o‘sha muhitga borgach hammasi izga tushib ketadi degani emas.
Ta’lim muassasalarida «Yigitlar klubi»ni tashkil etish bo‘yicha Nizom ishlab chiqilmoqda. Mahallalarda «Otalar maktabi» jamoatchilik tuzilmasini tashkil etish borasida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Nizom tayyorlanmoqda», — deydi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva.
O‘g‘il bola tarbiyani otasidan oladi, har bir ishida unga taqlid qiladi. Ro‘zg‘or tashvishi bo‘ynida bo‘lgan ota bolasiga qachon tarbiya beradi? Qachonki, o‘sha tarbiya o‘zida bo‘lsa. Bolasining qo‘lidan yetaklab masjidga olib borsa, oila, ayol, ona muqaddasligi haqidagi ma’ruzalarni tinglaganda o‘g‘lini sherik qilsa. Aksincha, yoshligidan bolalar masjidlarga kiritilmasa, hech qanday diniy ta’lim olishiga yo‘l qo‘yilmasa, oila haqida eshitib bilgani turk seriallaridan ko‘rgan narsalari bo‘lsa, bu avloddan yana qanday natijani kutishimiz mumkin?!
Charos Mannonova, jurnalist
Mavzuga oid
15:31 / 23.12.2024
Novosibirskda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yosh oila O‘zbekistonga qaytarildi
10:55 / 13.12.2024
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi
16:28 / 02.12.2024
Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi - tadqiqot
09:52 / 26.11.2024