O‘zbekiston | 11:44 / 29.09.2022
9511
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda o‘quvchilarni xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Romitan va Shofirkon tumanlaridagi maktablarga tashrif buyurib, “Buxoro viloyati umumta’lim maktablarida suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena” loyihasining natijalari bilan tanishdi.

Foto: «Zamin» fondi

Fond axborot xizmatining xabar berishicha, Ziroat Mirziyoyeva o‘quvchilar bilan suvdan oqilona foydalanish, sanitariya va gigiyenaning sog‘lom turmush uchun ahamiyati haqida suhbatlashgan.  

Foto: «Zamin» fondi

Bugungi kunda viloyatning 16 ta maktabida quduqlardan suv bilan ta’minlash, suvni filtrlash va xavfsiz ichimlik suvi darajasigacha chuchuklashtirish tizimlari o‘rnatilgan. Suv ta’minoti va kanalizatsiyaning ichki va tashqi muhandislik tarmoqlari, hojatxona va dush xonalari qurilgan. Shuningdek, oqova suvlarni sug‘orma suv darajasigacha biologik tozalash tizimlari o‘rnatilgan. Maktablar joylashgan hududlar aholisi ham toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Foto: «Zamin» fondi
Foto: «Zamin» fondi

Loyihaning navbatdagi bosqichi uchun viloyatdagi yana 15 ta maktab tanlab olingan. Loyiha BMT Bolalar fondi (YuNICeF), “O‘zsuvta’minot” AJ, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Foto: «Zamin» fondi
Foto: «Zamin» fondi

Shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva Buxorodagi 123-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatga ham tashrif buyurib, o‘quvchilar bilan suhbatlashgan. Mehmonlar ishtirokida “Zamin Eco education” o‘quvchilari bilan birgalikda daraxt ekish aksiyasi o‘tkazilgan. Tadbir davomida “aqlli sug‘orish” tizimi namoyish etilgan. 

Foto: «Zamin» fondi

PS: Mirziyoyeva Ziroát Maxmúdovna (1964 yil 4 dekabr kuni tug‘ilgan, Qo‘qon shahri, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston SSR) – jamoat arbobi, muhandis-iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rafiqasi.

Ziroat Mirziyoyeva 1964 yil 4 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti) muhandis-iqtisodchi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Ikki nafar qizi va bir nafar o‘g‘li bor. Mumtoz va milliy musiqani xush ko‘radi, tarix bilan qiziqadi.

2020 yildan buyon O‘zbekistonda ochiq va inklyuziv muhitni yaratish orqali aholining yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshirayotgan “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisidir.

Fond faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat. Ko‘kalamzorlashtirish, havo sifati monitoringini avtomatlashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlar orasida ekologik ta’limni rivojlantirish, olis hududlarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Ijtimoiy va ekologik sohalardagi dolzarb masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida ham milliy, ham xalqaro darajada qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid