O‘zbekiston | 13:43 / 29.09.2022
7037
2 daqiqa o‘qiladi

Nikohlanuvchilarning mahallani xabardor etish tartibi bekor qilindi

“Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etish tartibi 2023 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.

Tug‘ilganlik holati FHDYo bo‘limlarida qayd qilingani haqida tibbiyot muassasalari tomonidan QR-kod tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.

Nikoh tuzish va nikohdan ajrashishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi. Huquqiy eksperiment 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 iyulgacha amalga oshiriladi.

Qaror bilan nikoh tuzish va nikohdan ajrashishni qayd etish uchun davlat xizmatlari markazlari orqali arizalar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi. Nikohga kirish haqida ariza berilganda nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘inini xabardor qilish tartibi bekor qilindi.

Mavzuga oid