Ukraina armiyasi Limanni ozod etdi. Ramzan Qodirov va Prigojin qo‘mondonlikdan norozi
Ukraina harbiylari Putinning annexiasidan keyingi kuni Donetsk oblastidagi Liman shahriga kirishdi. Ularning keyingi maqsadi - Luhansk oblasti.
Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastidagi Liman shahrini qaytarib oldi. Rossiya mudofaa vazirligi ushbu shahar ustidan nazorat boy berilganini tan oldi va bu Ramzan Qodirov hamda Rossiyadagi urushning boshqa tarafdorlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.
So‘nggi kunlarda Liman shahri atrofidagi aholi yashash manzillarini nazoratiga olgan Ukraina qurolli kuchlari 1 oktyabr kuni, Ukrainaning bosib olingan hududlari Rossiya tomonidan rasman annexia qilinganidan keyingi kuni Liman shahriga kirishdi.
Kun avvalidayoq ukrainalik harbiylar shaharga kira boshlagani aks etgan video va fotolar tarqaldi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Ondriy Yermak o‘z tvitterida ukrain harbiylari shaharga kirishdagi stelaga mamlakat bayrog‘ini ilayotgani aks etgan videoni joylashtirdi.
Boshqa bir videoda esa ukrain harbiysi shunday deydi: «Welcome to Liman». U bu videoni shaharga janubdan, Yampil tomondan kirib keladigan temiryo‘l ko‘prigi ustida turgan holda olgan.
Ko‘p o‘tmay rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida ham Rossiya armiyasi Limanni tark etgan bo‘lishi mumkinligi haqida yoza boshlashdi.
Kun oxiriga kelib Rossiya mudofaa vazirligi Liman boy berilganini rasman tasdiqladi.
«Yo‘qotishlarga qaramay jonli kuch va vositalarda sezilarli ustunlikka ega bo‘lgan raqib zaxiralarni ishga solib bu yo‘nalishda hujumlarni davom ettirdi. Qurshov xavfi yuzaga kelgani tufayli ittifoqchi qo‘shinlar Qizil Liman aholi yashash manzilidan yanada afzalroq marraga olib o‘tildi», deya ma’lumot berdi RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov. Rossiya harbiy idorasi «ittifoqchi kuchlar» deb «LXR» va «DXR» harbiylarini nazarda tutadi (ushbu hududlarning annexia qilinishi jarayoni keyingi haftada qonunchilikda rasman ifoda etilishi kerak). Konashenkov odatda Limanni uning sovetcha nomi bilan ataydi.
Rossiya armiyasi aynan qaysi «afzalroq marra»ga olib ketilganiga aniqlik kiritilmagan.
Ukrain rasmiylari bundan bir necha soat oldin ham shaharda janglar davom etayotganini ma’lum qilgandi. Ammo keyin ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina qurolli kuchlari Limandagi markaziy maydonda turib bayonot bergan video tarqaldi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Kirill Timoshenko ham bu videoni o‘z sahifalariga joylashtirdi.
«Avtomatni ko‘tarib frontga»
Limanning boy berilishi Rossiyadagi urush tarafdorlari orasida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Xususan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin bu haqda keskin munosabat bildirdi.
«Bu uchastkada mudofaaga Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Lapin boshchilik qilgan. Bu Lisichansk qo‘lga kiritilgani uchun Rossiya qahramoni yulduzini olgan Lapin, holbuki uning o‘zi u yerda bo‘lmagan. G‘arbiy harbiy okrug ham Lapinning ixtiyoriga berildi», deya yozadi u telegram-kanalida.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni «LXRdan safarbar qilingan jangchilarni Liman yo‘nalishidagi barcha chegara nuqtalariga jo‘natgan, ammo ularni zarur aloqa vositalari va o‘q-dorilar bilan ta’minlamagan». Checheniston rahbari uni frontning mazkur uchastkasida muvaffaqiyatsizlikka uchralishi ehtimoli haqida ogohlantirishgani va u bu borada Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan gaplashgani, ammo «general uni Lapinning lashkarboshilik iste’dodiga shubha qilmasligi hamda Qizil Liman va uning atrofida chekinish bo‘ladi deb hisoblamasligiga ishontirgan».
«Bir hafta o‘tgach Lapin o‘z shtabini Starobelskka ko‘chirgan, o‘zi askarlaridan yuzlab kilometr masofadagi Luhanskda o‘tiribdi. Elementar harbiy logistika yo‘qligi tufayli bugun biz bir qancha aholi punktlari va katta hududni tark etdik. Bu Lapinning no‘noqligi tufayli emas, uni Bosh shtabdagi rahbarlar himoya qilayotgani tufayli bo‘lgani alamli. Menga qolsa Lapinni oddiy askar darajasiga tushirib, barcha mukofotlaridan mahrum etib, qo‘liga avtomat tutqazib, o‘z sharmandaligini qon bilan yuvish uchun oldingi chiziqqa yo‘llagan bo‘lardim», degan Qodirov.
Yevgeniy Prigojin ham «Kepka Prigojina» kanali orqali Qodirovning so‘zlarini qo‘llab-quvvatladi.
«Qodirovning his-hayajonli bayonoti, albatta, mening uslubim emas. Ammo men aytishim mumkin: «Ramzan, krasavchik, bos». Bu bilag‘onlarning barini - avtomat bilan frontga yalangoyoq haydash kerak», deyiladi Prigojinning matbuot xizmati bayonotida.
Keyinroq «Solovyov LIVE» tok-shousida Bosh shtabni 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni, o‘tgan yildan buyon «Yedinaya Rossiya» partiyasidan Davlat dumasi deputati bo‘lgan general-leytenant, bu kabi propaganda teledasturlarida tez-tez mehmon bo‘lib kelayotgan Andrey Gurulev ham bu tanqidlarga qo‘shildi.
U harbiy nuqtayi nazardan Limanning tashlab chiqilishini izohlab bo‘lmasligini aytdi.
«Bu qisqa muddatli jang emasdi. Menga nega ular doim vaziyatni to‘g‘ri baholashmagani, guruhni kuchaytirishmagani tushunarsiz», degan u. General-leytenantning fikricha, «muammo vaziyat yaxshiligi haqidagi yolg‘on hisobotlar» tufayli yuzaga kelgan: «Bu tizim yuqoridan quyigacha boradi».
Limanning ozod etilishi nimani anglatadi?
Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi haftalarda Rossiya qo‘shinlarining Liman atrofidagi pozitsiyalariga hujum qilayotgandi. Donetsk oblastidagi ushbu kichik shaharda urushga qadar 20 ming atrofida odam yashagan. Rossiya qo‘shini shaharni 2022 yil yozi boshida egallagan.
Sentyabr oyi oxiriga kelib turli manbalar Liman atrofidagi Rossiya qo‘shinlari qurshovga tushish xavfi ostida ekanini xabar qila boshladi. Xususan, ochiq ma’lumotlar asosida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha kunlik hisobot berib boruvchi Amerikaning Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) 29 sentabr kuni rossiyalik «voyenkorlar»ga (harbiy muxbirlar) asoslanib, ukrain qo‘shinlari Limanga g‘arb, shimol va shimoli-sharqdan yurish qilayotganini xabar qilgandi. Ukraina qurolli kuchlari shahar va Shimoliy Don daryosi bo‘yidagi RF guruhini qurshovga tushirishi mumkinligi, shuningdek Rossiya qo‘shinlarining Liman yaqinidagi pozitsiyalari va ta’minot liniyalari tahdid ostida qolgani aytilgandi.
1 oktyabr kuni Ukraina tomoni shahar qurshab olinganini ma’lum qildi. Ukraina qurolli kuchlarining «Sharq» operativ qo‘mondonligi vakili Sergey Cherevatiy rossiyalik harbiylardan 5,5 mingga yaqini qurshovda qolishi mumkinligini aytdi. Luhansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Rossiya qo‘mondonligi shahardan chekinishni taqiqlagani haqida xabar berdi. Ko‘p o‘tmay rossiyalik «voyenkor»lar RF qo‘shini Limandan chiqqani haqida xabar tarqatdi.
Ukraina armiyasi uchun Limanning olinishi operativ kenglik ochib beradi, ochiq yalangliklar bo‘ylab shimoli-sharqqa, Svatovo yo‘nalishida harakatlanib, Rossiyaning Oskol daryosi bo‘yidagi qismlari orqasida paydo bo‘lish, Rossiyaning Valuyki shahridan Troitskoye - Svatovo liniyasi bo‘ylab kelgan rokadasi (front chizig‘i bo‘ylab yoki unga parallel o‘tadigan aloqa yo‘li)ni to‘sib qo‘yish va rossiyaliklar bu yo‘l bo‘ylab o‘rnatgan yangi tayanch punktlarini yo‘q qilish mumkin.
Shuningdek, sharqqa burilib, Kreminnaga zarba berish va bu orqali keyinroq shimoli-g‘arbdan Severodonetskka yo‘l ochish mumkin. Ukrain bo‘linmalari Bilohirovkani egallab, g‘arbdan Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasiga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lishi ham muhimdir.
Rossiya Limanni boy bergach telegram-kanallarda Kreminna atrofida janglar boshlangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi, bu Severodonetsk, Rubijne va Lisichansk «uchburchagi»ga olib boruvchi yo‘lda joylashgan. Luhansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham Ukraina armiyasi yurishining keyingi maqsadi shu yo‘nalish bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Rossiya qo‘mondonligi endi Donbass janubi va Zaporijjya oblastida foydalanish rejalashtirilgan kuchlarni frontning shu uchastkasiga tashlashiga to‘g‘ri keladi. Aks holda Rossiya qo‘shinlari Luhansk oblastining katta qismi ustidan nazoratni yo‘qotishi mumkin.
Mavzuga oid
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21 / 25.12.2024
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00 / 25.12.2024