O‘zbekiston | 18:21 / 05.10.2022
6361
4 daqiqa o‘qiladi

“PayPal’ning biznesi dunyoda yomon ahvolda ekan” – Shermatov PayPal O‘zbekistonga kirish niyati hamon yo‘qligini aytdi

Foto: KUN.UZ

AKT vaziri Kun.uz muxbirining O‘zbekistonga PayPal’ni olib kirish rejasi haqidagi savoliga javob berdi. Vazir kompaniya o‘zbek bozoriga kirish niyati yo‘qligini ta’kidlab, PayPal’da ishlayotgan o‘zbek dasturchisining ma’lumotlarni yig‘ib berish O‘zbekiston hukumati zimmasida qolayotgan masala bo‘lishi mumkinligiga oid fikrlarini rad etdi. “PayPal bizdan hech qanday ma’lumot so‘ramadi, so‘rasa, biz tayyormiz”, – dedi vazir.

5 oktyabr kuni Xalqaro press klub sessiyasida AKT vaziri Sherzod Shermatov Kun.uz muxbirining O‘zbekistonga PayPal’ni olib kirish rejasi haqidagi savoliga javob berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyidagi Amerikaga tashrifi chog‘ida u o‘zbek-amerika savdo palatasi va elchixona orqali  PayPal rahbariyati bilan gaplashgan.

“PayPal’ning o‘zining biznesi dunyoda yomon ahvolda ekan, kompaniya rahbariyati pozitsiyasi hozir ko‘proq Amerikadagi va bor bozorlardagi biznesini rivojlantirish. Kompaniyaning ekspansiya borasida katta rejalari yo‘q ekan. Mana bizga PayPal’ning rasmiy javobi”, – dedi vazir.

Kompaniyada dasturchi bo‘lib ishlaydigan o‘zbekistonlik Og‘abek Yo‘ldoshev 2021 yildagi intervyusida Kun.uz’ga kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish niyati yo‘qligi borasida bir nechta taxminiy sabablarni aytgandi. Ularning orasida, dasturchi infrastruktura masalasi hukumat zimmasida qolayotgan ish bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

“PayPal’dagi xizmatlarni O‘zbekiston misolida bajarish qiyinroq, chunki O‘zbekistonda fuqarolar ma’lumotlarining avtomatlashtirilmagan qismlari ko‘proq. Bu ma’lumotlar O‘zbekiston hukumati tomonidan yig‘ilmagan bo‘lishi ehtimoli bor”, – degandi dasturchi.

Vazir Yo‘ldoshevning bu boradagi fikrlarini rad etib, bu kompaniyaning rasmiy pozitsiyasi emasligini aytdi.

“Agar qo‘shimcha nimadir ma’lumot so‘ragan bo‘lsa, yana kerak bo‘ladigan bo‘lsa, biz tayyormiz. Lekin bizdan rasman hali hech qanaqa ma’lumot so‘ralgani yo‘q. Agar PayPal’da ishlayotgan o‘zbekistonlik dasturchilar bizga yordam berishga tayyor bo‘lsa, rahbariyati bilan gaplashib O‘zbekistonga kirishga ko‘ndiradigan bo‘lsa, undan xursand bo‘laman. Hamkorlikka tayyormiz”, - dedi vazir.

Ma’lumot uchun, 2018 yil iyun oyida PayPal O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni istayotgani haqida xabar berilgandi.

Markaziy bank 2020 yil oktyabrda PayPal bilan bog‘liq vaziyatga izoh berib, uning faoliyatiga cheklovni O‘zbekiston o‘rnatmaganini, kompaniya o‘zi mamlakatga kirish niyati yo‘qligini bildirdi. 2021 yilning may oyida ham bu borada yangilik yo‘qligi ma’lum qilindi.

2021 yilning oxirida ham Shermatov kompaniya O‘zbekistonga kirish borasida rejalari o‘zgarmaganini aytgandi.

Mavzuga oid