Sport | 14:40 / 13.10.2022
32691
11 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» va «Yuventus» guruhda qolishi mumkin. YeChL guruhlaridagi vaziyatlar haqida

Bir paytlar Chempionlar Ligasi tuzilib, barcha ligalarning kuchlilarini yig‘ib olmaguncha, ikkinchi darajali hisoblangan UYeFA kubogi yoki Kubok egalari kubogi turnirlari ham ancha qiziqarli o‘tgan. Chunki Chempionlar kubogida faqat mamlakat chempionlari to‘p surgan bo‘lsa, sovrindor klublar UYeFA kubogi uchun bellashishgan. Tasavvur qiling, shu format hozir ham saqlanib qolganida, “Liverpul”,”Chelsi”, “Inter”, “Yuventus”, “Barselona”, “Manchester Yunayted”, “Borussiya”, “Napoli” kabi klublarning barchasi UYeFA kubogida o‘ynagan bo‘lardi.

Qizig‘i, formatlar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, bu mavsumda Yevropa Ligasi pley-offlari ancha qiziydigan bo‘lib turibdi. YeChL guruh bosqichi bizga juda ko‘p syurprizlarni taqdim etdi va bir qator top-klublar guruhda 3-o‘rinni olib, Yevropa Ligasiga o‘tish xavfi ostida qolgan. Keling, ancha chigal guruhlardagi vaziyatlarga e’tibor qaratamiz. 

BARSeLONA

“Real” qatorasiga 31-marotaba guruh bosqichini muvaffaqiyatli hal qilganidan bir kun o‘tib, “Barselona” qatorasiga ikkinchi bor bahorgi YeChL musiqasidan mosuvo bo‘lmoqda. To‘g‘ri, juda kichik bo‘lsa-da, imkoniyat saqlanib qolgan, ammo “Kam Nou”da “Inter”ni yutmasdan turib, pley-offdan umid qilish mo‘jizani istash bilan teng ekanini jamoaning o‘zi ham sezdi chog‘i, o‘yin chinakam pley-off bahsiga aylanib ketdi.

5-tur oldidan “Barselona” “Inter”dan 3 ochko kam jamg‘argan. Muhim nuqta – ochkolar teng bo‘lib qolgan taqdirda, o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik (1:0, 3:3) tufayli “Inter” guruhda yuqorida joylashadi. Har ikki jamoada ikkitadan o‘yin qolgan – “Viktoriya” va “Bavariya”ga qarshi. Demak ko‘rinib turibdiki, vaziyat faqat “Bavariya” bilan o‘yinlarga bog‘lanib qolmagan. Agar keyingi turda “Inter” o‘z maydonida “Viktoriya” ustidan g‘alaba qozonsa, tamom, “Barselona” bilan oradagi 3 ochkolik masofa saqlanib qolinadi. So‘nggi turda qanday natijalar qayd etilishidan qat’i nazar “Barselona” italiyaliklarni quvib o‘ta olmaydi.

Endi, “Barselona” keyingi bosqichga chiqishi har ikki o‘yinida g‘alaba qozonishi, shu bilan birga “Inter”ning qolgan 2 o‘yinda 3 ochko olmasligidan umid qilishi lozim bo‘ladi. Kecha o‘zaro o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqargan Xavi shogirdlari nomi “g‘alaba” ma’nosini beruvchi chex klubiga barcha umidni bog‘lashga majbur bo‘lib qolishdi.

YuVeNTUS

Turinliklar nihoyat Allegrini iste’foga chiqarishi kutilgandi, lekin “Makkabi”dan mag‘lubiyatdan so‘ng ham YeChL guruh bosqichidan o‘tish uchun matematik imkoniyat saqlanib qolgani tufaylidir balki, sabr qilishmoqda. Imkoniyat esa, rostdan ham faqat matematik.

H guruhini “PSJ” va “Benfika” 8 tadan ochko to‘plab boshqarishmoqda. “Yuventus”da esa, atigi 3 ochko bor. Keyingi ikki turda “Yuventus” “Benfika” bilan safarda va “PSJ” bilan o‘z maydonida o‘ynaydi. Turinliklar har ikki o‘yinda o‘z foydasiga hal qilishi va yo “PSJ” yoki “Benfika”ning “Makkabi” bilan o‘yinda qoqilishini kutishi lozim bo‘ladi.  O‘zaro o‘yinlarda “Yuventus” har ikki raqibiga ham 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan. Demak o‘zaro o‘yinlarda ustunlik ta’minlash uchun albatta, kattaroq hisoblarda yutishiga to‘g‘ri keladi ham. Aks holda, “PSJ” yoki “Benfika” “Makkabi” bilan ochko yo‘qotgan (durang) taqdirda ham, to‘plar nisbatiga ko‘ra, “Yuventus”dan yuqorida joylashishi mumkin. Xullas, “joy yo‘q”, deb qo‘ya qolgan yaxshi, to‘g‘rimi?

MILAN

“Milan” guruhda ayni damda 3-o‘rinni egallab turibdi va “Chelsi” bilan ikki o‘yindagi mag‘lubiyat vaziyatni biroz qiyinlashtirib qo‘ygani ham bor gap. Ammo yuqorida sanalgan jamoalardan farqli ravishda, hammasi milanliklarning o‘z qo‘lida.

So‘nggi tur oldidan ham hammasi o‘z qo‘lida qolishi uchun “Milan” (4 ochko) Zagrebda o‘tadigan 5-turda “Dinamo”ni mag‘lub etishi kerak. “Zalsburg” (6 ochko) “Chelsi”ni qabul qiladi. Oxirgi turda “Milan” o‘z maydonida “Zalsburg”ni qabul qiladi. Demak o‘sha o‘yin oldidan “Milan” yo raqibini quvib o‘tgan yoki bir g‘alabalik masofada ortida qolayotgan bo‘ladi. “Milan” finalga teng o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonib, guruhda 2-o‘rinni egallab olishi mumkin.

“Zalsburg” va “Milan” o‘rtasidagi birinchi davra o‘yini 1:1 hisobida yakunlangan. Bu degani, o‘sha 6-tur oldidan oradagi farq 3 ochkoga yetsa ham, har qanday g‘alaba “Milan”ga raqibini quvib o‘tishini ta’minlaydi. Chunki o‘zaro o‘yinlarda Pioli shogirdlarining ustunliklari bo‘ladi. Ammo tabiiyki, “Milan” Zagrebda mag‘lubiyatga uchramasligi lozim.Chunki zagrebliklarda ham 4 ochko bor. Agar bu jamoa Milandan o‘tib ketadigan bo‘lsa, balkim so‘nggi tur oldidan barcha masalani hal qilib qo‘yadigan “Chelsi”dan xorvatlar ochko olib qo‘yishlari mumkin.

Xullas, maqsad aniq – Zagrebda kamida durang o‘ynash va oxirgi turda “Zalsburg”ni mag‘lubiyatga uchratish. Shuning o‘zi pley-off yo‘llanmasi uchun kifoya va “Milan”ning qo‘lidan keladigan vazifa.

ATLeTIKO

V guruhida “Bryugge” keyingi bosqich masalasini rasman hal qilib bo‘ldi. 2-yo‘llanma uchun esa, “Portu”, “Atletiko” va “Bayyer” kurash olib boradi. “Milan” kabi, “Atletiko”ning ham taqdiri o‘z qo‘lida, lekin Simeone jamoasini nisbatan jiddiyroq sinovlar kutib turibdi.

Xo‘p, keyingi turda “Atletiko” o‘z maydonida “Bayyer”ni yutdi, deylik. Busiz iloji yo‘q. Chunki “Portu” barcha masalani hal qilgan “Bryugge” bilan o‘ynaydi va agar portugaliyaliklar g‘alaba qozonishsa, “Atletiko” ularga yeta olmaydi. Oxirgi turda esa, “Atletiko” “Portu” mehmoni bo‘ladi. Ana o‘sha uchrashuv pley-offga chiqish uchun finalga aylanib ketishi turgan gap. Katta ehtimol bilan hatto durang ham “Portu”ni qoniqtiradigan holat bo‘lishi ehtimoli katta.

Agar o‘sha o‘yingacha “Atletiko” “Portu”ga yetib oladigan bo‘lsa, masalan, madridliklar “Bayyer”ni yengib, “Portu” Belgiyada durang o‘ynasa, oxirgi turda “Atletiko”ni durang ham qoniqtiradi. Chunki Madriddagi o‘zaro o‘yinda “Atletiko” so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

LIVeRPUL

Bu ro‘yxatga hozirda 6 ochkolik farq bilan 2-o‘rinni egallab turgan “Liverpul”ni qo‘shish biroz noto‘g‘ridir, lekin odatda, bu davrga kelib guruh masalasini hal qilib qo‘yadigan Klopp shogirdlarini hal qiluvchi bahs kutib turibdi.

Keyingi turda “Liverpul” “Ayaks” maydoniga safar qiladi va bu o‘yinda Klopp shogirdlari mag‘lubiyatga uchramasligi kerak. Mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda ham, minimal hisobda bo‘lishi kerak. Agar “Ayaks” o‘zi istagan hisobda (2 to‘p farqi bilan) g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, oxirgi tur oldidan oradagi farqni 3 ochkoga qisqartiradi. So‘nggi turda esa, “Liverpul” “Napoli”ni qabul qiladi, “Ayaks” “Reyndjers” bilan o‘ynaydi. Neapolliklar “Liverpul” uchun ancha noqulay raqib ekanini Italiyadagi o‘yin ham ko‘rsatib qo‘ydi. So‘nggi tur oldidan ortiqcha bosim va yutqazib qo‘yishdan qo‘rquv ta’qib qilmasligi uchun inglizlar Niderlandiyada ochko olib qaytishlari kerak bo‘ladi.

BOShQA GURUHLAR

Qur’a tashlanganda, ayrim guruhlardan tashqari, g‘oliblar aniqdek, o‘yinlar oddiy va kutilgan natijalarni taqdim etishi taxmin qilingandi. Ammo ko‘rib turganingizdek, deyarli hamma guruhda o‘ziga yarasha intriga bor va 5-tur ko‘p masalaga oydinlik kiritadigan hal qiluvchi bahslarga to‘la bo‘ladi.

D guruhida boshidan kutilganidek, to‘rtala jamoada ham imkoniyat saqlanib qolgan va har bir o‘yin final maqomida bo‘lishi tabiiy. F guruhida “Real”, G guruhida “Manchester Siti” muddatidan oldin keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘ldi. Keyingi yo‘llanmalarning “Shaxtyor” va “Leypsig” o‘zaro o‘yinda hal qilsa, ikkinchisi katta ehtimol bilan “Dortmund”ga nasib qiladi. Buning uchun nemislar “Kopangagen” (uyda) va “Manchester Siti”ga (uyda) qarshi o‘yinlarda 1 ochko olsa kifoya.   

 

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid