Jahon | 10:22 / 13.10.2022
3763
3 daqiqa o‘qiladi

YeK Bosniya va Hersegovinaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berishni tavsiya qildi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorligi Yevropa ittifoqining kengayishiga «yangi geosiyosiy turtki berdi», deb ma’lum qildi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

Foto: Shutterstock

Yevropa komissiyasi (YeK) Yevropa ittifoqi kengashiga Bosniya va Hersegovinaga (BvH) Yevropa ittifoqiga nomzod maqomi berilishini tavsiya qildi. Bu qaror mamlakatda tub islohotlar o‘tkazilishiga umid bilan bog‘liq, dedi 12 oktyabr, chorshanba kuni Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorligi Yevropa ittifoqining kengayishiga «yangi geosiyosiy turtki» berdi. O‘z navbatida, Yevropa ittifoqining qo‘shnichilik va kengayish siyosati bo‘yicha komissari Oliver Varxeyi Yevropa qit’asidagi «tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka qaratilgan geostrategik sarmoyalar» haqida gapirdi.

Yevropa ittifoqi kengashi joriy yilning dekabr oyida Bosniya va Hersegovinaga nomzod maqomini berish yoki bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Bosniya va Hersegovina 2016 yilda Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Albaniya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya va Serbiyaning Yevropa ittifoqiga qo‘shilish jarayonini baholagan Yevropa komissiyasi ushbu mamlakatlarni qonun ustuvorligi, jinoyatchilikka qarshi kurash va fuqarolik erkinliklarining turli jihatlarida muvaffaqiyatga erishishga chaqirdi. Turkiyaning qo‘shilish istiqbollariga nazar tashlar ekan, YeK davlatning demokratiya, qonun ustuvorligi va asosiy huquqlar kabi sohalardagi «salbiy tendensiyalarni» yengib o‘tishi kerakligini ta’kidladi.

Iyun oyida Ukraina va Moldova tezlashtirilgan a’zolik uchun ariza berib, YeI a’zoligiga nomzod sifatida qabul qilingan edi. Gruziya ham xuddi shunday ariza yuborgan, biroq unga faqat «Yevropa istiqboli» maqomi berilgan. Yevrokomissiya Tbilisiga Yevropa integratsiyasi yo‘lida keyingi taraqqiyot uchun 12 mezondan iborat ro‘yxatni yubordi.

Jozep Borrel avvalroq Gruziya sud-huquq tizimini isloh qilishda, shuningdek, qonun ustuvorligi va ommaviy axborot vositalari erkinligi sohasida ko‘proq harakat qilishi kerakligini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda Yevropa ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha milliy konsensusga erishilishi va Gruziyaning butun siyosiy spektri YeIga integratsiya jarayoniga jalb etilishi kerak. Borrel bu vazifalarni amalga oshirish uchun asosiy mas’uliyatni hukmron «Gruziya orzusi» partiyasiga yukladi.

Bugungi kunga qadar Yevropa ittifoqiga a’zolikka rasmiy nomzodlar - Ukraina, Moldova, Albaniya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Chernogoriya va Turkiyadir. Bu mamlakatlarning hech biri uchun Yevropa ittifoqiga kirish muddatlari aniqlanmagan.

Mavzuga oid