Chala chizilgan yo‘l chiziqlari: ular faqat kameraning qoidabuzarliklarni qayd etishi uchun kerakmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi chorrahalarga o‘rnatilgan ayrim kameralar qoidabuzarlikni qayd etishi uchun faqatgina kamera ko‘ra oladigan masofada yo‘l chiziqlari chizib chiqilgani, yo‘lning qolgan qismidagi o‘chib ketgan chiziqlar yangilanganmagani aks etgan suratlar tarqaldi. Kun.uz yo‘l chiziqlari chala chizib qo‘yilgan joylarda bo‘lib, jarayonni yaqindan o‘rgandi.
Toshkentda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etish uchun yangi kameralar sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandik. Yangi kameralar yo‘l chiziqlariga rioya qilmaslik, tezlikni oshirish, uyali telefondan foydalanish, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qayd etib boradi.
Yo‘l chiziqlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qayd etish va jarima yozish uchun kamerada ushbu chiziqlar ko‘rinishi kerak. Ammo afsuski yo‘llarimizda bu masala risoladagidek deb bo‘lmaydi. Hatto poytaxt ko‘chalarining aksariyatida yo‘l chiziqlari ko‘rinmaydi, yangilanganlari ham uzoqqa bormaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi chorrahalarga o‘rnatilgan ayrim kameralar qoidabuzarlikni qayd etishi uchun faqatgina kamera ko‘ra oladigan masofada yo‘l chiziqlari chizib chiqilgani, yo‘lning qolgan qismidagi o‘chib ketgan chiziqlar yangilanganmagani aks etgan suratlar tarqaldi.
Shunday holatlardan biri Chilonzor tumanida Kichik halqa yo‘li va Taxtapul ko‘chasi kesishmasida aniqlandi. Tasvirlardan ko‘rish mumkinki, yo‘l chiziqlari faqatgina kamera ko‘ra oladigan masofada chizib chiqilgan. Yo‘lning qolgan qismidagi yo‘l chiziqlari deyarli ko‘rinmaydi, ya’ni eski holatida qolgan. Qarama-qarshi yo‘nalishda esa yo‘l chiziqlari umuman ko‘rinmaydi.
Chorrahadagi chiziqlarni ko‘rib ular kameralarning qoidabuzarliklarni qayd etishi uchungina chizilgan degan xulosaga kelish mumkin.
Xuddi shunday holatni poytaxtning Olmazor tumani Shifokor ko‘chasida ham uchratdik. Aslida ushbu jarayon aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Chunki bu yerda ham yo‘l chiziqlari xuddi Chilonzordagi kabi faqatgina kamera ko‘ra oladigan masofada chizib qo‘yilgan. Qolgan qismidagi chiziqlar esa o‘chib ketgan.
Qolaversa, aynan shu chorrahada yo‘lning birinchi yo‘lagi transport sig‘adigan daraja emas. Boisi yo‘l chetida mashinalar qo‘yib ketilgan. Bu vaziyatda birinchi yo‘lakda harakatlanib kelayotgan transport sfetoforning qizil chirog‘ida to‘xtash arafasida qarama-qarshi yo‘nalish bilan ajratib turuvchi yo‘l chizig‘ini bosishga majbur bo‘ladi. Bu vaziyatda birinchi yo‘lakdagi avtomashina qopqonga tushishi tayin. Buning oldini olish uchun esa chorrahaga yaqin masofada avtomobillarning to‘xtashini taqiqlovchi yo‘l belgisi o‘rnatilishi kerak, nazarimizda.
Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ullari bilan bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu kameralar shu joyga qoidabuzarliklarni qayd etib boradigan videokuzatuv moslamasini o‘rnatish huquqini yutib olgan tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan. Yo‘l chiziqlari ham kameralarni o‘rnatgan jismoniy shaxslar tomonidan chizilgan.
Poytaxtning boshqa tumanlaridagi ko‘chalarda ham o‘chib ketgan yo‘l chiziqlari yangilanganmaganiga oid ko‘plab shikoyatlar bor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil fevral oyida selektor yig‘ilishida yo‘l belgilarini ishlab chiqarishda «O‘zavtoyo‘lbelgi»ning monopoliyasi tugatilishi, ko‘chalarga svetofor, yoritgichlar o‘rnatish, yo‘l belgilari hamda chiziqlarini chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilashga mas’ul korxonalar hokimliklardan yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlariga o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.
Oradan sakkiz oydan ko‘proq vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, kuzatuvlarimiz yo‘l belgilari bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmayotganini ko‘rsatmoqda. Shu sababli Kun.uz mavzuga yana qaytadi.
Mavzuga oid
18:02 / 19.12.2024
Qatarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan haydovchining avtomobili yo‘q qilindi
15:10 / 13.12.2024
Onkologik kasalliklar davosi haqida reklama joylashtirgan MChJ jarimaga tortildi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
12:29 / 30.11.2024