O‘zbekiston | 10:37 / 18.10.2022
56779
10 daqiqa o‘qiladi

«Dunyodan ortda qolayotgan O‘zbekiston IIV». Poytaxt ko‘chalarida moped va skuterlarga «ov» boshlandi

Ukrainada «moped» laqabi berilgan Eronning «Shohid» kamikadze-dronlariga qarshi kurash boshlanganida, Toshkentda ham moped va skuterlarga qarshi kurash boshlab yuborilganga o‘xshaydi. Vaholanki, bu O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan xalqaro Konvensiyaga zid.

Foto: Kun.uz

Poytaxtda skuter va moped egalari ushbu transport vositalarini «A» toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan boshqarishayotgani uchun jarimaga tortilib, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilmoqda.

Bugungi maqolada milliy va xalqaro qonunchilik bu borada nima deyishi, YPX xodimlarining skuterlarga «ov»lari qonuniymi-yo‘qmi, haydovchilik guvohnomamiz nega jahonda tan olinmayapti — barchasiga batafsil to‘xtalamiz.

Avval skuteri jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilayotganidan norozi bo‘lgan fuqarolardan birining bizga jo‘natgan yo‘l-patrul xizmati xodimi bilan tortishuvi videosini tomosha qiling.

YPX xodimi aloqa vositasi orqali skuterni ushlagani haqida kimgadir hisobot berib, uni chaqirmoqda. Xulosa qilish mumkinki, bunday topshiriq ularga berilgan va undan boshqalar ham xabardor.

Amaldagi normativ hujjatlarga ko‘ra YPX xodimi haq

Xo‘sh, bu o‘rinda yo‘l-patrul xizmatining xatti-harakatlari qonuniymi? U nimalarga asoslanib, skuter haydovchisiga jarima qo‘llayapti?

Haydovchi Umid Sultonov JEYRAN rusumli skuterda harakatlanayotgan bo‘lgan. Uning dvigateli hajmi 49,5 sm kub. Skuterlar hattoki DYHXB boshqarmalarida ro‘yxatga olinmaydi, texpasport berilmaydi, davlat qayd etish raqami ham taqilmaydi.

Yo‘l harakati qoidalari tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 172-sonli qarorida moped atamasiga izoh berilgan. Unga ko‘ra:

Moped — eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan, ish hajmi 50 sm kubdan oshmaydigan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan yoki nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan ortiq va 4 kilovattdan kam bo‘lgan elektr dvigatelli ikki yoki uch g‘ildirakli transport vositasi.

Xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan kvadrisikl (kvadrosikl), trisikl, skuter hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa mexanik moslamalar ham mopedlarga tenglashtiriladi;

Shu yil 12 aprelda tasdiqlangan yangi Yo‘l harakati qoidalarining 8-bandiga ko‘ra, moped, mototsikl va ularga tenglashtirilgan mototransport vositalarini boshqarish uchun haydovchi tegishli «A» toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

YPX xodimlariga aynan mana shu havola qilinayotgan band bo‘yicha skuterlarni «ovlash» to‘g‘risida topshiriq berilgani aniq. Qarang: 8-bandga moped atamasi qo‘shilgan. Moped atamasiga izoh berilgan boshidagi preambulada esa skuterlar ham shunga tenglashtirilgani qistirib o‘tilgan — bo‘ldi! Xalqaro standartlarga ko‘ra, moped so‘zi 8-bandda bo‘lmasligi kerak. «A» toifa faqat mototsikllarga tegishli.

Vena konvensiyasining O‘zbekistonda hurmati yo‘q

Yangi turdagi amaldagi haydovchilik guvohnomasida ham «A» toifa uchun mototsikl tasviri tushirilgan xolos, eski turdagi har ikki haydovchilik guvohnomalarimizda «A» toifa faqat mototsikllar uchun ekani yozib ham qo‘yilgan.

 

Lekin bu 2011 yilning 28 martigacha bo‘lgan xalqaro talab. Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Vena konvensiyasida haydovchilik toifalariga 2011 yil 29 martdan buyon talab o‘zgargan, biroq nimagadir O‘zbekistonda joriy etilmagan. Yangi Yo‘l harakati qoidalari shu yilning 12 aprelida qabul qilingan bo‘lsa-da, hech kim «jahonda toifalar qanaqa ekan?» deb qiziqib ko‘rmagan. Binobarin, skuter borasida ham Vena konvensiyasiga «qo‘l artib yuborilgan».

Masalan, Vena konvensiyasiga ko‘ra, dvigateli hajmi 50 kub santimetrdan boshlangan va 125 kub santimetrdan ortiq bo‘lmagan yengil mototsikllar uchun A1 toifa joriy qilish mumkinligi belgilangan.

Yangi qo‘shimcha toifalar qo‘shnilarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda, shuningdek Ukrainada beriladigan haydovchilik guvohnomalarida ham o‘z aksini topgan.

 

Bizda toifalar nega avvalgi holda qolaverganining javobini topdim. Chunki Rossiya Federatsiyasida ham haydovchilik guvohnomalarida yaqingacha haydovchilik toifalari aynan shunday ajratilgan ekan.

Lekin barcha narsada Rossiya Federatsiyasiga taassub qiladigan Ichki ishlar vazirligimizdagi akalar bilishmaydiki, Rossiya ham allaqachon yangi talablarga moslab, yangi haydovchilik guvohnomasini chiqarishgan.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunining 2-moddasida «Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi», deb belgilangan.

1968 yilning 8 noyabr sanasida Avstriya poytaxti Vena shahrida qabul qilingan Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyani O‘zbekiston Respublikasi ham ratifikatsiya qilgan.

Vena konvensiyasida «A1» toifa dvigateli hajmi 50 kub santimetrdan 125 kub santimetrgacha bo‘lgan yengil mototsillarga berilishi, undan katta quvvatli mototsikllar uchun «A» toifa berilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni «A» toifadagi haydovchilik guvohnomasi jahon bo‘ylab faqat mototsikllarni boshqarish uchun beriladi.

Dvigateli hajmi 50 kub santimetrdan kichik bo‘lgan skuter va moped (motorli velosiped)larni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi shart emas.

Skuter haydashga ham avtomaktabda o‘qiladimi?

Keling, shu o‘rinda YPX xodimlari haq, moped va skuter haydovchilar ham «A» toifadagi haydovchilik guvohnomasi uchun o‘qishi va uni olishi shart, deb hisoblaylik.

Skuter haydaydigan odam (asosan yoshlar) katta quvvatga ega mototsiklni boshqara olmasligi mumkin. Skuterda boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasini olishda mototsiklda imtihon topshirishga to‘g‘ri keladi. Haydovchi og‘ir, kuchli va beso‘naqay mototsikl boshqarishni istamasa-chi? (Skuterni qizlar ham bemalol boshqarishini inobatga oling shu yerda).

Agar «A» toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon skuterda topshiriladigan bo‘lsa, haydovchi mototsiklni boshqarish huquqiga ham ega bo‘lib qoladi-ku? Bu mantiqsizlik emasmi?

Qonun-qoidalarni tushunarsiz-chalkash qabul qilib, so‘ng uni o‘zlaricha talqin qilib, xalqni qiynagandan ko‘ra, mavjud xalqaro qoidalarga rioya qilingani afzal emasmi?

Eng yaxshisi — ko‘p hujjatlar va qonunchilikni tushunmaydigan YPX xodimlariga rahbariyat davlat raqam belgisi taqish shart bo‘lmagan transport vositalari — velosiped, moped, skuter, kvadrisikl, tramvay, trolleybusni to‘xtatib, haydovchilik guvohnomasi so‘ramaslikni uqtirish kerak.

IIVga savollar

Endi birgina skuterning jarima maydoniga kiritib qo‘yilishi ortidan bir qator haqli savollar yuzaga qalqib chiqmoqda va IIVdan mas’ul shaxslar bu savollarga javob berib, oydinlik kiritsa yaxshi bo‘lar edi.

Yangi turdagi haydovchilik guvohnomasiga kelsak, Ichki ishlar vazirligimiz mas’ullari endi nima qiladi? Zudlik bilan xalqaro talablarga mos qo‘shimcha toifalarni qo‘shib haydovchilik guvohnomasini joriy etishadimi?

Ko‘plab mehnat migrantlarimiz xorijiy davlatlarga chiqishmoqda, ularning katta qismi haydovchilik bilan ham shug‘ullanishadi. Ularga xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan haydovchilik guvohnomasi berishda davom etyapmiz. 2010 yilgacha davrda berilgan eski guvohnomalarni almashtirish uchun muddat bir necha marta surildi. Nega shunda ham yana eski standartdagi haydovchilik guvohnomalari berilmoqda?

Jahon davlatlarida A, B, C, D, BE, CE, DE kabi 7 asosiy toifadan tashqari, A1, B1, C1, D1, C1E, D1E kabi qo‘shimcha 6 toifa ham aks etgan guvohnomalar berilishi 2011 yildayoq joriy qilingan ekan. Nega shu paytgacha avtomaktablarimizda o‘qitish va haydovchilik guvohnomasi berish bor-yo‘g‘i o‘sha yetti asosiy toifa bo‘yicha amalga oshirilmoqda?

Nega poytaxt Toshkentda yo‘l patrul xizmati xodimlari va ularga noqonuniy og‘zaki topshiriq berayotganlar xalqaro standartlarga moslashish o‘rniga xalqaro standartlarni inkor etib, skuter egalardan «prava» so‘rab yurishibdi?

Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti davlat yo‘l xavfsizligi bosh boshqarmasidagi mas’ullardan birortasi chiqib shu savollarga ro‘yi-rost va dangal javob bera olarmikan?

Yo‘llari tobora avtomobillarga to‘lib borayotgan, avtomobilga moslashgan tirband poytaxt ko‘chalarida velosiped, samokat va skuterda harakatlanishni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish o‘rniga, ularni boshqarayotgan yoshlarni jazolash qay bir mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid