Prezident matbuot xizmati taqdimotlardan suratlarda slaydlarni xiralashtirib qo‘ymoqda
O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati turli sohalar bo‘yicha davlat rahbariga namoyish etilgan taqdimotlar haqidagi xabarlariga ilova qilingan suratlarda monitorlardagi slaydlarni xiralashtirib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Prezident matbuot kotibi bu holatga barham berilishini bildirdi.
Oxirgi oylarda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati yig‘ilishlar va uchrashuvlar haqidagi xabarlariga taqdimot slaydlarining ayrim qismlari xiralashtirilgan fotosuratlarni ilova qilmoqda. Bu holatga Gazeta.uz e’tibor qaratdi.
Xususan, 17 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga bir qator obektlar, jumladan, Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihasi taqdimot qilingan. Rasmiy xabarga ko‘ra, taqdimotda bu yirik loyihaning “tashkiliy-moliyaviy jihatlari ko‘rib chiqilgan”.
Prezident matbuot xizmatining relizida Olimpiya shaharchasi qurilishining rejalashtirilayotgan tashkiliy va moliyaviy jihatlari ochiqlanmagan: qurilishga qancha pul ketadi, bu pul qaysi manbadan ajratiladi, quruvchi kompaniya(lar) qanday tanlanadi?
Ayni paytda, xabarga ilova qilingan fotosuratlarda loyiha haqidagi ma’lumotlar aks etgan slaydlar blurlangan (xiralashtirib qo‘yilgan).
Xuddi shunday holat 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan boshqa bir yig‘ilish – mahallalar infratuzilmasi uchun ajratilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilishga oid majlis haqidagi xabarda ham kuzatilgan. Unda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev hisobot berayotgani ko‘rsatilgan suratda jamoatchilikni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar aks etgan slayd tasviri xiralashtirib qo‘yilgan.
Gazeta.uz'ning aniqlashicha, fotosuratlarni xiralashtirish amaliyoti iyul oyidan – Prezident administratsiyasi rahbariyati almashgani va u yerda kadrlar o‘zgarganidan ko‘p o‘tmay boshlangan. Shu vaqtdan boshlab, prezident matbuot xizmati suratlarida blurlash paydo bo‘lgan; qolaversa, monitordagi slaydni ko‘rish qiyin bo‘lgan rakurslardan olingan suratlar ko‘paygan.
“Loyihalar haqida rasmiy ma’lumotlar juda kam bo‘lgan muhitda taqdimot slaydlari fotosuratlari jurnalistlar uchun qo‘shimcha ma’lumot manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Ularning yordamida jamoatchilik yangi loyihalar, ularning xarajatlari va kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsilroq ma’lumot olishi mumkin”, – deya yozadi nashr.
Xiralashtirilgan fotosuratlarga misollar:
Monitordagi ma’lumotlar yashirilmagan suratlarga misollar (2022 yil iyul oyidan olingan suratlar):
Sherzod Asadov bu holatga barham berilishini aytdi
Gazeta.uz mazkur materialni e’lon qilgach, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov aloqaga chiqqanini ma’lum qildi. Asadovning izohiga ko‘ra, davlat rahbari ishtirokidagi taqdimotlar va yig‘ilishlarda shu yig‘ilish ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan raqamlar va ma’lumotlar aytilishi va muhokama qilinishi mumkin.
Shunga qaramay, uning aytishicha, prezident matbuot xizmati vaziyatni “o‘nglash” choralarini ko‘radi. Sherzod Asadov suratlarda slaydlar xiralashtirilmasligiga va’da bergan.
“Biz yangi formatda ishlashga o‘tish va eski qoliplardan voz kechish uchun faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqamiz. Bundan birinchi navbatda o‘zimiz manfaatdormiz”, – degan u.
“O‘rinli tanqidni rivojlanishga xizmat qiluvchi omil deb bilamiz”, – deya qo‘shimcha qilgan Sherzod Asadov.
Huquqiy asosni yaratish paysalga solinmoqda
2021 yil iyulda imzolangan ochiqlikka oid prezident farmoniga binoan, cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Biroq farmonning bu bandi, boshqa qator bandlari bilan birga, hali ham amalga oshgani yo‘q.
Hujjatga binoan, 2021 yil 16 sentabrgacha “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda kiritilishi kerak edi. Loyiha taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Bu loyiha cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxati, undan foydalanish va ma’lumotlarni bunday axborotlar jumlasiga kiritish hamda chiqarish asoslari, muddatlari va tartibini belgilashi lozim edi.
Mavzuga oid
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
17:59 / 20.11.2024