O‘zbekiston | 16:17 / 18.10.2022
24385
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda maktab direktori o‘quvchini urib, quloq pardasini yirtib yubordi

Maktabda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lsa ham bolaning kaltaklangani holati yozilgan tasvirlar o‘chirib yuborilgani aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan 61-maktab direktori 6-sinf o‘quvchisini paqildoq otishda ayblab urgani, oqibatda uning quloq pardasi yirtilib ketgani haqidagi xabarlar tarqaldi

Xabarlarda aytilishicha, bolalarga paqildoqni yashirincha maktab bufetida sotishgan. Bolaning o‘zi paqildoqni boshqa bola otganini, ammo diretor kelib uni urganini, yiqilib tushgach, tepganini aytgan.

Maktabda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lsa ham bolaning kaltaklangani holati yozilgan tasvirlar o‘chirib yuborilgani aytilmoqda. Bolaning otasi esa mahalla uchastka noziri ham holatga e’tiborsiz bo‘lganini bildirgan.

Viloyat IIb axborot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayev Urgutda maktab direktori o‘quvchini urib quloq pardasini yirtib yuborgani aytilgan holat yuzasidan Urgut tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq, Namangan viloyati Davlatobod tumanida joylashgan 58-maktabda o‘qituvchi o‘quvchini sinfdoshlarining oldida ayovsiz do‘pposlagandi. Hozirda unga nisbatan tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Mavzuga oid