Anchelotti to‘rtinchi futbolchini «Oltin to‘p»ga olib bordi, Shevchenko, Kaka, Ronaldu va Benzema – sara kolleksiya
Karlo Anchelotti navbatdagi yutuqqa erishdi: Benzema «Oltin to‘p» bilan taqdirlangach, murabbiy qo‘l ostida ushbu sovringa erishgan futbolchilar soni 4 nafarga yetdi. Shu paytgacha hech bir italiyalik mutaxassis bunday ko‘rsatkichni qayd etmagan edi.
2004 yil – Andrey Shevchenko (Anchelotti qo‘li ostida 2001-2006, 2008-2009 yillarda o‘ynagan)
Hammasi 2000-yillarning kuchli «Milan»ida boshlandi, Anchelotti u bilan ikki marta Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi. Shevchenko «Chelsi»ga o‘tib ketishdan oldin, 2003 yilda Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi. 2004 yilda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. O‘sha mavsumda ukrainalik futbolchi 24 ta gol bilan A Seriyaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi va «Milan»ga 5 yil ichida birinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritishga yordam berdi. Sheva 2004 yil avgust oyida Italiya Superkubogida ham xet-trik qayd etgan holda g‘alaba qozongan edi.
«Oltin to‘p» uchun kurashda hujumchi Deko, Ronaldino va Anrini ortda qoldirdi.
Yaqinda «Real» Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongach, Shevchenko Anchelottini iliq tabrikladi:
«Tabriklayman, mister. Sizga o‘xshash boshqa murabbiy yo‘q! Birinchi marta – 19 yil oldin Manchesterda. Chempionlar Ligasida to‘rtta g‘alaba, siz tarixni yozdingiz».
2007 – Kaka (Anchelotti qo‘li ostida 2003-2009 yillarda o‘ynagan)
Anchelotti Kaka bilan yillar davomida birga ishladi va uni dunyo darajasidagi futbolchiga aylantirdi. Braziliyalik futbolchi 2007 yilda «Milan»ning Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishida muhim rol o‘ynadi: 10 ta gol urib, eng yaxshi to‘purar bo‘ldi, turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. O‘sha yili «Milan» UYeFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham g‘olib chiqdi.
«Oltin to‘p» uchun kurashda Kaka (444 ball) ishonchli tarzda Ronaldu (277) va Messidan (255) o‘zib ketdi.
2020 yilda Kaka Anchelottini faoliyatidagi eng yaxshi murabbiy deb aytdi:
«Har bir murabbiyimdan nimadir o‘rgandim. Ammo Karlo men uchun eng zo‘r edi, chunki u eng yaxshi xislatlarimni yuzaga chiqardi. Uning eng muhim qobiliyati – futbolchilarni boshqara olishi. Bu juda muhim. Albatta, u taktika va o‘yinni tushunishda ham yaxshi, lekin asosiysi – futbolchilar bilan ishlashi.
Tarkibda 25 futbolchi bor, ulardan faqat 11 nafari maydonda o‘ynaydi, qolganlarini nima qilish kerak? Qanday qilib ularning ishtiyoqini o‘ldirmaysiz? Futbolchilar uni har doim iliq so‘zlar bilan eslashadi».
2014 yil – Krishtianu Ronaldu (Anchelotti bilan 2013-2015 yillarda birga ishlagan)
Anchelotti va Ronaldu birgalikda 4 ta sovrinni qo‘lga kiritishdi va «Real»ni Chempionlar Ligasidagi 10-g‘alabasiga olib kelishdi (madridliklar bu sovrinni 2002 yildan beri qo‘lga kiritolmagan edi). Krishtianu Chempionlar Ligasining o‘sha mavsumida 17 ta gol urib, turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Umumiy hisobda o‘sha mavsumda 47 ta o‘yinda 51 ta gol urgan.
Ronaldu «Oltin to‘p» uchun kurashda 37 foiz ovoz to‘pladi va Messi (15 foiz) bilan Noyyerni (15 foiz) osonlikcha ortda qoldirdi.
Portugaliyalik uchun bu uchinchi «Oltin to‘p» edi. Keyinchalik ularning soni beshtaga yetdi.
«U aql bovar qilmaydigan inson», - dedi Ronaldu Anchelotti haqida. «Har bir futbolchi u bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Chunki u fantastik inson, fantastik murabbiy. Uni juda sog‘inaman, chunki biz birgalikda ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdik».
2022 yil – Karim Benzema (Anchelotti qo‘li ostida 2013-2015 yillarda o‘ynagan va 2021 yildan buyon o‘ynamoqda)
Va endi yana bir g‘olib. Ronaldu bilan Kaka singari, Benzema ham zafarli mavsumda Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi va eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. Fransiyalik futbolchi 12 ta o‘yinda 15 ta gol urdi. Shuningdek, Karim La Ligada g‘olib chiqdi va 27 ta gol bilan eng yaxshi to‘purar sovrinini qo‘lga kiritdi.
«Real» uchun bu mavsumda 46 ta o‘yinda 44 ta gol – bu juda munosib mukofot.
Benzema Anchelottini dunyodagi eng yaxshi murabbiy deb aytgan. Italiyalik mutaxassis esa 34 yoshli hujumchi ikkinchi «Oltin to‘p» uchun kurasha oladi, deb hisoblaydi.
«O‘tgan mavsumda u «Chelsi»ga qarshi o‘yinda meni hayratga soldi (Chempionlar Ligasi 1/4 finalining birinchi o‘yini). U ikkita gol urgan bo‘lsa-da, kiyim almashtirish xonasida juda badjahl edi. Sababini tushunmadim. Shunda u menga: «Yaxshi vaziyatdan foydalana olmadim, lekin tashvishlanmang, yana bir gol uraman», dedi. Va bu golni urdi! Bu uning xarakteri va fidoyiligi haqida ko‘p narsani aytadi.
34 yoshida u hamon professional, ishga to‘g‘ri munosabatda bo‘ladi va kamtar. Bu juda yaxshi. Benzema vaqt o‘tgan sayin kuchaymoqda. Men unga ikkinchi «Oltin to‘p» uchun kurashishini tilayman. Karim nafaqat to‘purar, balki futbol timsolidir. Bunday futbolchilar juda kam», dedi Anchelotti.
Anchelotti «Oltin to‘p»ning yana 6 nafar egasiga murabbiylik qilgan
Messi va Ronaldu 12 yil davomida «Oltin to‘p»ni taqsimlab olgan bo‘lishiga qaramay, Anchelotti ushbu sovrinning yana ko‘plab egalariga murabbiylik qilgan. Ular murabbiy bilan birga ishlashdan oldin yoki keyinroq mukofotni qo‘lga kiritishgan.
- 2006 – Fabio Kannavaro (Anchelotti qo‘l ostida – 1996-1998 yillarda o‘ynagan)
- 1998 – Zayniddin Zidan (1999-2001)
- 1999 – Rivaldo (2002-2003)
- 1997, 2002 – Ronaldo (2007-2008)
- 2005 – Ronaldino (2008-2009)
- 2018 – Luka Modrich (2013-2015, 2021 yildan)
Anchelotti qo‘l ostida hamma ham o‘ynab keta olmagan, braziliyalik yulduzlarda katta muammolar bo‘lgan. Masalan, Ronaldino «Milan»dagi birinchi mavsumida ko‘p vaqtini ziyofatlarga bag‘ishlagan. Bu esa Karloga yoqmagan va braziliyalikni zaxira o‘rindig‘iga o‘tqazib qo‘ygan.
Ammo Ron, boshqalar singari, italiyalikka hurmatini saqlab qoldi. 2017 yilda Ronaldino: «Karlo va Gvardiola – dunyodagi eng buyuk murabbiylar», dedi.
Kannavaro Anchelotti haqida shunday eslaydi: «Biz juda qadrdon edik. 1998 yilda u «Parma»ni tark etganida butun jamoa yig‘ladi».
Bu esa Modrichning e’tirofi: «Real»da har bir murabbiy bilan ajoyib munosabatda bo‘lganman. Ularning barchasi menga professional o‘sishga yordam berdi, lekin eng yaxshisini tanlashim kerak bo‘lsa, Anchelottini aytgan bo‘lardim. Munosabatlarimiz ajoyib edi va hozir ham shunday».
Anchelotti futbolchilik faoliyatida «Oltin to‘p»ning o‘tmishdagi buyuk egalari – Paolo Rossi, Ruud Gullit, Marko van Basten va Roberto Badjo bilan birga o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan. Umuman olganda, Karlo bilan bog‘liq sovrindorlar soni 14 nafarga yetyapti, ular 21 ta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.
Mavzuga oid
23:50 / 17.12.2024
Vinisius eng yaxshi futbolchi, Anchelotti eng yaxshi murabbiy. FIFA The Best 2024 g‘oliblarini e’lon qildi
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
10:50 / 01.11.2024
France Football bosh muharriri Vinisius nega «Oltin to‘p» yutmaganini tushuntirdi
15:33 / 30.10.2024