O‘zbekiston | 20:27 / 19.10.2022
12164
1 daqiqa o‘qiladi

Kuchli shamol tufayli Boysun tuman hokimligi binosining tomi qulab tushdi

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, kutilmaganda yuz bergan tabiiy ofatdan tevarak-atrofdagi transport vositalari va yo‘lovchilar jabrlanmagan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 19 oktyabr kuni Boysun tumanida boshlangan kuchli shamol 23 ta mahalladagi elektr simlarida qisqa tutashuvlarni yuzaga keltirib, iste’molchilarni elektr energiyasidan uzib qo‘ygan. Aloqa simlarida ham uzilishlar sodir bo‘lgan. Ikkita transformatorda nosozlik ro‘y bergan.

Shuningdek, shamol kechga yaqin tuman hokimligi binosining tom qismini qulatgan. Mutaxassislar hodisa sodir bo‘lishi oldidan shamol tezligi yanada kuchayganini aytmoqda.

Tuman hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, kutilmaganda yuz bergan tabiiy ofatdan tevarak-atrofdagi transport vositalari va yo‘lovchilar jabrlanmagan.

«Ayni paytda hududlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yuzaga kelgan nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida tuman hokimligi hamda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilib, zarur choralar ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid