O‘zbekiston | 15:34 / 19.10.2022
12199
2 daqiqa o‘qiladi

M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumanidan o‘tgan qismini sel bosdi

“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 18 va 19 oktyabr kunlari oralig‘ida Samarqand viloyatida sutka davomida 36 millimetrgacha yomg‘ir yog‘ib o‘tgan va bu Bulung‘ur tumanida sel oqishiga sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda  M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidan o‘tgan qismida sel oqayotgani va bu yerdan o‘tayotgan mashinalarning sekin harakatlanyotgani, ayrimlari esa yo‘l-transport hodisasiga uchragani tasvirlangan video tarqaldi.

M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani va Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidan o‘tgan qismida tez-tez sel hodisasi kuzatilib turadi.

Jumladan, joriy yil bahor oylarida yog‘ingarchiliklar vaqtida yo‘lning G‘allaorol va Bulung‘ur tumanlaridan o‘tgan turli qismlarida sel oqib, yo‘lni suv bosgan edi.

“O‘zgidromet”ning xabar berishicha, 18 va 19 oktyabr kunlari oralig‘ida Samarqand viloyatida sutka davomida 36 millimetrgacha yomg‘ir yog‘ib o‘tgan. Mazkur ko‘rsatkich “Dag‘bit” kuzatuv stansiyasida ro‘yxatga olingan. Samarqand shahrida ko‘rsatkich 20 millimetrga teng bo‘lgan.

O‘tgan sutka davomida eng ko‘p miqdordagi yog‘ingarchilik Jizzaxning tog‘li hududlarida joylashgan “Baxmal” (35 millimntr) hamda Qashqadaryoning “Ko‘l” (77 millimetr) kuzatuv stansiyalarida qayd etilgan.

Mavzuga oid