Urgutda 6-sinf o‘quvchisini urib quloq pardasini yirtib yuborgan direktorga chora ko‘rildi
Hodisa 2022 yil 12 oktyabr kuni Urgut tumani XTBga qarashli 61-maktabda sodir bo‘lgan.
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Urgut tumanidagi 61-maktab direktori shu maktabning 6-sinf o‘quvchisi D.H.ni urib jarohat yetkazgani to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, holat yuzasidan ishchi guruhi o‘rganishlar olib borganini ma’lum qildi.
O‘rganishlarda aniqlanishicha, 2022 yil 12 oktyabr kuni soat 13:30 larda 61-maktabning 6-sinfida dars o‘tayotgan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi koridorda direktorning ovozini eshitgach, chiqib unga bolalar darsga quloq solmasdan pirotexnika vositalarini portlatayotganidan shikoyat qilgan.
Direktor sinfxonaga kirib so‘rab o‘tirmasdan shu sinf o‘quvchisi D.H.ni urib ketgan. Guvohlarning ta’kidlashicha, jabrlanuvchi sinfdagi bezorilikda ishtirok etmagan.
Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, Urgut tumanidagi 61-maktab direktori B.R. viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilgan.
«Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi har qanday holatda ham o‘qituvchilarning o‘quvchilarga bo‘lgan agressiv munosabatlarini qoralaydi. Ustoz deganda, ko‘z oldimizda mehr-muhabbat timsoli gavdalanadi. Bejizga ustozlar haqida gap ketganda, “mehri daryo ustozlar” deya ta’rif berilmaydi. Ustozlar, maktab rahbarlari nafaqat yurish-turishi, balki, odob-axloqi, muomala madaniyati bilan ham atrofdagilarga shaxsiy namuna bo‘lishlari shart va lozimdir», deyiladi viloyat XTB munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, tibbiyot xodimlari direktor urgan bolaning quloq pardasi yirtilganini qayd etishgan.
Mavzuga oid
11:02 / 19.12.2024
Navoiyda bir maktabdan ketma-ket uch o‘quvchi vafot etdi
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
23:13 / 28.11.2024
Toshkent viloyatida o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltakladi
07:30 / 23.11.2024