Jahon | 17:54 / 20.10.2022
16828
7 daqiqa o‘qiladi

Krasnoyarsk gubernatorining o‘g‘li AQSh so‘rovi bilan qo‘lga olindi

Sababi - harbiy texnologiyalar va Venesuela nefti.

Foto: ARTYOM LENs/TASS

AQSh prokuraturasi Rossiyaning besh nafar fuqarosiga sanksiyalar rejimini buzish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Ulardan biri - Krasnoyarsk gubernatorining o‘g‘li Artyom Uss. U Italiyada qo‘lga olingan va hozirda AQSh uning ekstraditsiyasi ustida ishlamoqda. Gubernatorning o‘zi ayblovga «siyosiy tus berilgani» haqida aytdi.

Artyom Ussdan tashqari sud Yuriy Orexov, Svetlana Kuzurgasheva, Timofey Telegin va Sergey Tulyakov, shuningdek Venesueladan bo‘lgan ikki neft treyderini ayblagan. Prokuratura xabariga ko‘ra, Orexovni Germaniyada qo‘lga olishgan.

«Ayblanuvchilar oligarxlarga ularning jinoiy faoliyatida yordam berishgan, Amerika harbiy texnologiyalarini va Venesuelaning sanksiyalar ostidagi neftini katta miqdordagi tranzaksiyalar orqali noqonuniy qo‘lga kiritish uchun murakkab sxemalar tuzishgan, bunda soxta kompaniyalar va kriptovalutalardan foydalanilgan», degan Sharqiy okrug federal prokurori Breon Pis.

Sudlanuvchilar aybdor deb topilsa, 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Aleksandr Uss telegram-kanalida o‘zining o‘g‘liga nisbatan ilgari surilgan ayblovga «siyosiy tus berilgani» haqida aytdi. «Butun dunyo bo‘ylab erkin sotiladigan va sotib olinadigan neft mahsulotlari, umumfoydalanishdagi jihozlar va texnik vositalar birdaniga Amerika hukumati tomonidan noqonuniy deb e’lon qilindi. Nima uchun? Shunchaki bular Rossiya manfaati uchun qilingani tufayli. Bu ayblovlarga siyosiy tus berilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi», degan u.

Bu bir kun ichida taniqli rossiyalik amaldorlar farzandi qo‘lga olinishi bilan bog‘liq ikkinchi xabar bo‘ldi - bungacha Rossiya temiryo‘llarining sobiq rahbarining o‘g‘li Norvegiyada ushlangandi.

Ular nimada ayblanmoqda?

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Orexov ofisi Hamburgda joylashgan, sanoat uskunalari va xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi Nord-Deutsche Industrieanlagenbau GmbH (NDA GmbH) xususiy kompaniyasi ta’sischisi va direktorlaridan biri hisoblanadi.

Kompaniyaning yana bir hissadori Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatorining o‘g‘li Artyom Aleksandrovich Ussdir. «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, u Sibir federal universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan, Rossiyada ham, xorijda ham bir qancha kompaniyalarga egalik qilgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, kichik Uss Sardiniyada ikkita mehmonxonaga egalik qiladi.

Kuzurgasheva esa jinoiy sxemalarda nomi ko‘rinib turadigan «bir kunlik kompaniya»lardan birini boshqargan, shuningdek Hamburgdagi kompaniyada Orexovning qo‘l ostida ishlagan. 

Amerikalik prokurorlar fikricha, Orexov va Kuzurgasheva GmdH’dan niqob sifatida foydalanib, Amerika tomonidan ishlab chiqarilgan harbiy yoki ikki maqsadli uskunalarni, jumladan qiruvchi samolyotlar, raketa tizimlari, yuqori aniqlikda harakatlanuvchi o‘q-dorilar, radarlar va sun’iy yo‘ldoshlarda qo‘llanadigan ilg‘or yarimo‘tkazgichlar va mikroprotsessorlarni topishgan va qo‘lga kiritishgan.

Bunday anjomlar Rossiyadagi yakuniy iste’molchilarga, jumladan Telegin va Tulyakov nazoratidagi Rossiya mudofaa sektoriga xizmat qiluvchi va sanksiyalar ostida bo‘lgan «Radioavtomatika», «Radioeksport» va «Abtroniks» kabi kompaniyalarga jo‘natilgan.

«Agenstvo» bojxona deklaratsiyalarining eng yirik agregatori ma’lumotlariga asoslanib xabar berishicha, Uss va Orexovning  kompaniyasi ikki yil ichida Rossiyaga kamida 5 mln yevrolik uskunalar yetkazib bergan. Gap xususan 2018 yilga qadar «Radioeksport» nomi bilan faoliyat ko‘rsatgan «Setevyye texnologii» kompaniyasiga yetkazmalar haqida ketmoqda.

Bruklindagi federal prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari Yuriy Orexov va Svetlana Kuzurgasheva tomonidan qo‘lga kiritilgan ayrim elektron komponentlar rossiyaliklarning Ukrainadagi jang maydonida o‘lja qilib olingan qurollari tarkibida aniqlangan.

2019 yilda Orexov Rossiyaning «Suxoy» kompaniyasi ishlab chiqargan qiruvchi samolyotlar va Amerikaning F-22 Raptor qiruvchilari uchun foydalaniladigan ehtiyot qismlar xarid qilish uchun AQShga yo‘l olgan.

Amerika prokuraturasi hisoblashicha, Orexov va Uss GmbG kompaniyasidan Venesueladan millionlab barrel neftni rossiyalik va xitoylik xaridorlar uchun, jumladan sanksiyaga tushgan rossiyalik oligarx tomonidan nazorat qilinadigan Rossiya alyuminiy kompaniyasi va Pekinda joylashgan dunyodagi eng yirik neft va gazni qayta ishlovchi hamda neft-kimyo konglomeratiga kontrabanda yo‘li bilan tashib kelish uchun ham foydalangan.

Ayblanayotgan venesuelliklar Xuan Fernando Serrano Ponse va Xuan Karlos Soto go‘yoki Venesuela davlat neftgaz kompaniyasi va NDA GmbH o‘rtasida millionlab dollarlarga baholangan bitim tuzishda vositachilik qilishgan. Bu kelishuv soxta kompaniyalar va bank hisoblarining chigal labirinti orqali amalga oshirilgan.

Agar prokurorlarga ishonilsa, Orexov Serrano Ponsega sanksiyalarga tushgan rossiyalik oligarxlar nomidan harakatlanayotganini ochiqchasiga tan olgan.

Operatsiya Venesuela neftining kelib chiqishini yashirish uchun supertankerlarda soxta yo‘l varaqalaridan foydalanish va GPS-navigatorni o‘chirib qo‘yishni ham o‘z ichiga olgan.

Orexov va Ussning Hamburgdagi kompaniyasining xizmatlari uchun to‘lovlar ko‘pincha Amerika banklari va vakillik hisoblari orqali dollarda amalga oshirilgan - shu tufayli ushbu rossiyaliklarga Qo‘shma Shtatlarda pul yuvish bo‘yicha modda ham qo‘yiladi. Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilar Rossiya va Lotin Amerikasida naqd pullarni tashish uchun kurerlardan foydalangan, shuningdek kriptovalutada ko‘p millionli pul o‘tkazmalarini amalga oshirishgan.

Sud hujjatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtiboslar ko‘pligiga qaraganda, tergov organlari, katta ehtimol bilan figurantlarning o‘zaro suhbatlari va yozishmalarini kuzatish imkoniga ega bo‘lishgan, bu esa bruklinlik prokurorlarning dalillar bazasini sezilarli darajada boyitgan.

«Sen Rossiyadan ketishga qaror qildingmi?» - deya so‘raydi Orexov 2022 yil martida kichik Ussdan. «Sen xalqaro qidiruvdan yashirinishni istamaysanmi?» - deya unga hazilomuz javob qaytaradi Uss.

Mavzuga oid