O‘zbekiston | 18:26 / 21.10.2022
32537
4 daqiqa o‘qiladi

35,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan - Bosh prokuratura Termizning sobiq hokimi qo‘lga olinishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi

Termiz shahri sobiq hokimi va ikki o‘rinbosari ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida 7 nafar emas, 11 nafar shaxs qamoqqa olingani oydinlashdi. Zarar miqdori ham birlamchi xabarlardagidan ko‘proq – 35,6 mlrd so‘m. Bu korrupsion jinoyat bir oy davomida jamoatchilikdan yashirib kelindi. Bosh prokuratura matbuot xizmati OAVdagi xabarlardan keyingina bu haqda rasmiy ma’lumot berdi.

Isroil Xudoyberdiyev / Foto: O‘zA

Bosh prokuratura Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, uning ikki nafar o‘rinbosari va boshqa mansabdorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha nihoyat rasmiy axborot berdi.

Unda keltirilishicha, Termiz shahar hokimligi sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 167- (talon-toroj), 205- (vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-(mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

24 sentabr kuni Termiz shahar sobiq hokimi, keyinchalik uning 2 nafar o‘rinbosari va jinoyatga aloqador boshqa 8 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozirgacha Termiz shahar hokimiyati sobiq mansabdor shaxslari tomonidan davlat va jamiyat hamda tadbirkorlarning manfaatlariga 35,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, deyiladi Bosh prokuraturaning Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda.

Kun.uz avvalroq, O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tayanib, Isroil Xudoyberdiyev va boshqalar tomonidan davlat budjetiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 19,7 mlrd so‘m ekani haqida xabar bergandi.

Gazeta.uz esa hibsga olingan mansabdor shaxslar “Yashil dunyo” savdo majmuasi qurilishi davomida 14,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgani haqida yozgandi.

O‘zA mazkur jinoyat ishi bevosita Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgani, Gazeta.uz esa tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Shunga qaramay, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov bu keys bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini bildirgandi.

Mahkama sobiq hokimga nisbatan qo‘zg‘atilgan yirik jinoiy ish haqida bir oy davomida nima sababdan sukut saqlanib kelgani e’tiborga molik. Bosh prokuratura bu korrupsion holat haqida OAVda xabar tarqalganidan keyingina bu haqda rasmiy ma’lumot bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili qabul qilingan prezident farmoniga binoan, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar va internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi kerak.

Prezident farmonidagi bu talab bajarilmayapti. Xususan, Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov va boshqalar ustidan o‘tkazilgan sud jarayonlari xalqdan yashirilgan edi. Shundan keyin o‘tkazilgan yana o‘nlab davlat xizmatchilari ustidan sudlarning birortasi internet va TVda efirga uzatilmadi.

Prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid boshqa bir farmonidagi yana bitta talab ham bajarilmayapti. Mas’ullar korrupsionerlar reyestrini yurita boshlashni paysalga solmoqda – farmonda belgilangan muddatlar allaqachon o‘tib ketgan.

Mavzuga oid