O‘zbekiston | 11:39 / 21.10.2022
22541
10 daqiqa o‘qiladi

Halokatga borayotgan maishiy til, unutilgan qonun, ommaviy savodsizlik va qo‘shyozuvlilik – o‘zbek tili muammolari haqida suhbat

21 oktyabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan – o‘zbek tili bayrami kuni. Rasman shunday, lekin bugun jamiyatda, mamlakatda o‘zbek tilining mavqeyi, hurmati xursandchilik qiladigan ahvoldami?

Kun.uz muxbiri o‘zbek tilining bugungi og‘riqli masalalari atrofida filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev hamda Ma’naviyat va davlat tili masalalarini rivojlantirish departamenti mas’ul xodimi G‘ofur Hamro bilan intervyu o‘tkazdi.

G‘ofur aka, ikki yil davomida o‘zbekistonlik olimlar, ziyolilar «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ustida jiddiy ishlashdi. Qonun loyihasi ishlab chiqilib, u dastlab Vazirlar Mahkamasi, Parlament palatalari muhokamasidan o‘tdi, ammo keyinchalik qonunning keyingi taqdiri haqida xalqimizga biror ma’lumot berilmadi. Butun millat taqdiriga oid butun boshli qonun yo‘qolib qoldi.

Xo‘sh, nega yo‘qoldi, qayerga yo‘qoldi va kim yo‘qotdi?

G‘ofur Hamro:

– Avvalo, «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda ishlanishi, uning tahrirlangan qismlari ustidagi o‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasida ham, keyingi bosqichlarda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu qonun muhokamaga qo‘yildi. Keyin ko‘rib chiqish uchun qaytarilgan va hozir ko‘rib chiqilmoqda.

Bu tahrir ustida olimlar uzoq vaqt ishlagan edi. Shuncha ish bajarilgach, yana nimasi ishlanishi kerak?

– Qonun loyihasi tayyorlangach, uni Vazirlar Mahkamasi ko‘rib chiqadi. O‘z vazifasini bajargach, keyingi bosqichga muhokama uchun chiqaradi.

– Xo‘sh, hozir bu qonun qayerda?

– Bu savolni boshqalarga ham bergansiz-ku.

– G‘ofur aka, to‘g‘risini aytganda, bu qonun ikki muhokamadan «tishlari sindirilgan» holda keyingi bosqichga o‘tgan edi. U qaytadan qabul qilish uchun ko‘rilyaptimi va bu safar “tishli” bo‘ladimi?

Bu masala, albatta, qayta ko‘rib chiqiladi.

– Qancha vaqtda qonun qabul qilinib, ko‘rib chiqilishi mumkin?

– Bu masalaning o‘zining belgilangan reglamenti bor. Shunga ko‘ra ko‘rib chiqiladi va ma’lumot berib boriladi.

 – Bugun o‘zbek tilida savodlilik darajasi juda yomon ahvolda. Buni ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar yoki yozilayotgan postlardan ham ko‘rish mumkin. O‘zbek tilida savodlilik darajasi nega bu ahvolga tushib qoldi?

Baxtiyor Mengliyev:

 – Savodxonlik ham bir madaniyat. Bu madaniyat har bir davrda o‘ziga xos darajaga ega bo‘ladi. O‘tgan asrlarni misol qiladigan bo‘lsak, odamlar yozuv mashinkalaridan ommaviy foydalanmagan. Faqat qo‘lyozmalar bilan ish ko‘rilgan. Bu davrda axborot texnologiyalari rivojlanmaganligi sababli yozuv eng yuqori madaniyat sifatida qaralgan. Bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyo bo‘yicha ham qo‘lda yozish savodxonligi o‘tgan asrdagidek emas. Chunki dunyoning eng yirik tillaridagi savodxonlikni ta’minlaydigan asosiy jihat axborot texnologiyalari bo‘lib qolgan. Bu bir jihatdan savodxonlik darajasini ham ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘tgan davrdagi maktablardagi savodxonlikka bo‘lgan talab va sharoit bugungidan farq qilgani ma’lum. Bizning davrimizda sinfda 20-25 kishi tahsil olar edi. Bunda o‘qituvchi har bir o‘quvchi bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan. Hozir esa maktablarda belgilangan sig‘imdan 2-3 barobar ko‘p o‘quvchi tahsil olmoqda. Bir sinfda 30-40 nafar o‘quvchi o‘qishini ham inobatga olish kerak. O‘qituvchi ularning har biri bilan avvalgidek ishlash imkoniyatiga ega emas.

Bundan tashqari, so‘zlash tinglash orqali amalga oshadi. Yozish esa, o‘qish orqali amalga oshadi. Ko‘p o‘qigan yaxshi yozadi, ko‘p tinglagan yaxshi gapiradi. Nutqning bu to‘rt xil malaka ko‘rinishi ikki jihatdan o‘zaro bog‘liq. Bugungi kunda kitobxonlik ancha kamayib ketganligi va talab darajasida emasligi ham savodxonlikning past darajada ekanligidan dalolat. Shuning uchun ham kitobxonlik davlatimiz tomonidan ustuvor masala sifatida ko‘rilayotgani bejiz emas.

Kitobxonlik darajasining pastlab ketishiga esa, ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanib ketganligi va talab darajasidagi badiiy adabiyotlarning yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda. Ilgari turli yoshga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar bo‘lar edi. Bolalar adabiyoti juda rivojlangan paytlar edi. Hozir bolalar yozuvchisini qo‘l bilan sanasangiz, barmog‘ingiz ortib ham qoladi. Bugungi davr bolalarning yoshiga mos adabiyotlarni yaratishni taqozo qiladi. Bu, avvalo, bolalar adabiyotining tili bilan bog‘liq. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun badiiy asar yozayotgan adib, shoir bu yoshdagi bolalarning leksik nutqi qay darajadaligini biladi deb o‘ylaysizmi? Yozuvchining qo‘lida shu yoshdagi bolalarning leksik so‘zlari lug‘ati bor deb o‘ylaysizmi?

Agar ingliz tili lug‘atiga oid bir so‘zni qidiruvga bersangiz, bu so‘z A1 darajaga mansub so‘z deb chiqarib beradi. Demak, u yerda so‘zlarning darajasi aniq belgilab qo‘yilgan. Bizda ana shu daraja yo‘q. Bizda bu darajalarni ishlab chiqish nafaqat o‘quvchining og‘zaki va yozma savodxonligini oshirish, balki adiblar asarlarining ham o‘qishlilik darajasini oshirish masalasi katta muammo bo‘lib turibdi.

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

– Bizdagi savodxonlik darajasining tushib ketishini intellektni qadrlamaslik va uning bahosini bilmaslik bilan izohlagan bo‘lar edim. Hozir odamlar ommaviy ravishda o‘qimay qo‘ydi. Grammatikamiz esa orfoepik emas, balki orfografik prinsipga asoslangan. Boshqa turkiy tillarning juda ko‘pchiligida so‘zlarni aytilganidek va eshitilganidek yozishga harakat qilishadi. Bizda esa aytilganidek va eshitilganidek emas, balki belgilab qo‘yilganidek yozish qoida qilib qo‘yilgan. Bu tilimizning va savodlilikning yuksalishiga xizmat qilmaydi. Bizda o‘z tilimizning xususiyatlarini va qoidalarini begonalarning talablariga moslashtirishga moyillik kuchli. Tutuq belgisi biron joyda alohida talaffuz qilinmaydi. So‘z aytilayotganda bu yerda tutuq belgisi borligi anglashilmaydi ham. Ammo biz uni yozayotganda qo‘llashimiz kerakligini qoidalashtirib qo‘yganmiz.

Bu muammolarning hammasiga kam o‘qishlilik sabab bo‘lmoqda. Chunki ko‘z orqali idrok etilmasdan turib, bizning grammatikamizda xatosiz yozishning imkoni yo‘q. Oldingi avlod ko‘z bilan idrok qilar edi. Bugungi avlod esa quloq bilan idrok qilyapti. Badiiy saviya bilan ko‘chadagi saviya orqali gapirish qanchalik farqlangan bo‘lsa, oldingi avlod bilan hozirgi avlodning savodxonlik darajasi ham xuddi shunday farq qiladi.

Baxtiyor Mengliyev:

– Yana bir faktor bor. Ustozlarimdan biri aytib bergan edi. «Farg‘ona viloyatidagi bir tumanga bir komissiya tarkibida borib qoldik. Maktablardagi sinfxonalarga kirib kuzata boshladik. Biz kirib borgan bir sinfning o‘quvchilari shunday chiroyli yozyaptiki, hattoki xatosi ham yo‘q. Biz ataylab uyushtirishdi deb o‘yladik. Boshqa sinfga tasodifan, bostirib kirdik. Bu maktabda hamma shunaqa ekan. Boshqa maktabga bordik. U yerda ham shunaqa ekan. Bu tumandagi barcha maktablarning savodxonligi ham, husnixati bir-biridan ajralib turar edi. Sababini surishtirsak, bu tumanga boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 10 yillar davomida mudir bo‘lgan ekan. U kishining talabi faqat savodxonlik bo‘lgan ekan. To‘g‘ri va chiroyli yozish bo‘yicha har bir maktabga bevosita borib, shu masalani o‘rganar ekan. U bo‘shab ketganiga ancha bo‘ldi, lekin shu tendensiya saqlanib qoldi». Shundan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Bugungi kunda savodli bo‘lish madaniyat belgisi bo‘lmay qoldi. Aslida u madaniyat darajasida bo‘lishi kerak.

G‘ofur Hamro:

– Yana bir omil shundaki, bugungi ona tili darsliklarimizda mashqlar yo‘q. Masalan, chiroyli nutq so‘zlash uchun bu matnni 20-30 marta takrorlash kerak bo‘ladi. Shunda u sizga ko‘nikma bo‘lib shakllanadi. Bizning darsliklarimizda esa bunday takrorlash mexanizmiga asoslangan mashqlar yo‘q. H va x ni ajrata olmaslik bugungi kunning eng katta muammosi. Bu muammoning oldini olish uchun o‘qituvchi maktabda o‘quvchini tinimsiz mashq qildirishi kerak. Darsliklarda esa bunday odatlantiruvchi mashqlar uchramaydi. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid