Jamiyat | 18:20 / 21.10.2022
18084
7 daqiqa o‘qiladi

Nazarbekdagi maktabda 41 yildan beri sport zali yo‘q. Budjetni taqsimlovchilar uyalishi kerak emasmi?

Zangiota tumani Nazarbek shaharchasining Nayman mahallasida 7-sonli maktab va uning filiali joylashgan. Bu ikki ta’lim maskanining qurilganiga ancha bo‘lgan, lekin hanuz sport zali va mehnat xonasi yo‘q. Hudud aholisi tahririyatimizga yo‘llagan murojaatida farzandlari shu muammodan qiynalayotganini, mas’ullar esa bunga befarqligini aytmoqda.

Kun.uz joyiga borib holatni o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, 7-sonli maktab 260 o‘rinli bo‘lib, 1981 yilda qurilgan, 2007 yilda rekonstruksiya qilingan. Shu maktabning filiali esa 160 o‘ringa mo‘ljallanib, 2009 yilda barpo etilgan. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, 420 nafar o‘quvchini qiynab kelayotgan masalalar hanuzgacha yechim topmagan.

7-sonli umumta’lim maktabi, Zangiota tumani, “Nazarbek” QFY, “Nayman” MFY, Foto: Kun.uz
 7-sonli umumta’lim maktabining filiali, Zangiota tumani, “Nazarbek” QFY, “Nayman” MFY, Foto: Kun.uz

“7-maktabimizda ham, uning filialida ham bolalar uchun sharoit yaxshi emas. O‘quvchilar uchun sport zali va mehnat xonasi yo‘q, ular shunday chang-to‘zonda o‘ynashadi. Maktab atrofidagi panjaralar ham talabga javob bermaydi. Panjaralar juda eski, shuni zamonaviysiga almashtirish kerak. Maktab oldidagi ariqni esa lotokka aylantirish kerak”, – demoqda Nayman mahalla fuqarosi Qodir Qoraboyev.

Qodir Qoraboyev, Nayman mahalla fuqarosi, Foto: Kun.uz

Muammolar yuzasidan yuqori tashkilotlarga murojaat qilingani yoki yo‘qligini bilish maqsadida 7-sonli maktab direktori Dilshod Nurtayev bilan bog‘landik. Uning aytishicha, bulardan Zangiota tumani xalq ta’limi bo‘limi hamda Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi yaxshigina xabardor.

“Investitsiya dasturi bo‘yicha maktabimizda sport zali va mehnat xonasini qurish 2023 yilga belgilangan. Aynan shu masalada juda ko‘p murojaatlar kelib tushgan, bu haqda tuman xalq ta’limi bo‘limi, Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga ham aytilgan.

Sport zalning qurilishiga ham katta mablag‘ ketadi, hamma narsa rejali dastur asosida bo‘lib kelyapti. Hatto, bu murojaatlar tuman yo‘l xaritasida ham aks ettirilgan. Asosan, katta mablag‘ni yechish uchun vaqt kerakligini aytishadi, shuning uchun jarayon yilma-yil cho‘zilyapti”, – dedi maktab rahbari.

Holat yuzasidan Zangiota tumani XTB mudiri bilan ham suhbatlashdik. Bo‘lim mudiri Abdulla Rahmatullayev ikkita maktabning sport maydonchalari mahalliy aholi yordamida hashar yo‘li bilan barpo qilinganini, ammo sport zali hanuz yo‘qligini aytdi.

“Bu masala anchadan beri ko‘tarilib keladi. Haqiqatan sport zali mavjud emas. Bizning tumanda jami 7 ta maktabda sport zali yo‘q, oldin 13 ta edi. Har yili bitta-ikkita qurilib, shu darajagacha keldi, bu bir kunda bo‘ladigan ish emas. Bitta sport zalni qurishga 2,5 mlrd so‘m kerak bo‘ladi. Shu sabab rejaga kiritilishi uchun xat bilan chiqqanmiz, nasib qilsa, bo‘lib qolar endi. 2023 yilga kiritishga harakat qilyapmiz.

Bilasizmi, 10 tadan ortiq panjaralari yo‘q maktablarimiz ham bor. Yaqinda shuning tahlilini qildik, hokimiyatda kengash yig‘ilishi bo‘ldi, barcha hisobotlarni berdik. Oldimizga qo‘yilgan vazifalar, muammolar – hammasini ko‘rib chiqdik. Bu masalani viloyat hokimi ham ko‘targan, mana endi tuman miqyosida muhokama qilinib, rejalarni belgilab, kirityapmiz”, – dedi Abdulla Rahmatullayev.

Kun.uz muxbiri 17 oktyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilaridan Nazarbekdagi maktablar muammolari va vazirlikning bu boradagi rejalari haqida so‘radi.

15 oktyabr kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumani, Ishtirokchilar: Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirligi vakillari / Foto: AOKA

“Har yili hokimliklar tomonidan deputatlar bilan kelishgan holda hamma maktablar o‘rganilib, investitsiya dasturi tuziladi. Shu yil ham 340 dan ziyod maktablarga sport zallari qurilishi rejalashtirilgan, hozir qurishmoqda. Aynan 7-sonli maktab va uning filiali bu dasturda bor yoki yo‘qligidan bexabarman. Lekin albatta, ularga ham sport zali qilib beriladi. Yilma-yil shu dasturga kiritib kelinyapti”, – dedi Xalq ta’limi vazirligi Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i Burxon Ahmedov.

Burxon Ahmedov, Xalq ta’limi vazirligi Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i / Foto: AOKA

Vazirlik ushbu maktablar to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega emasligi, keyinroq batafsil axborot berilishini ma’lum qildi.

“Aytgan maktabingiz bo‘yicha qanday reja borligini aniqlashtirib, yana ham batafsil ma’lumot beramiz. Shu o‘rinda bir ma’lumotni aytib o‘tmoqchiman, 2022 yilning o‘zida 51 ta maktabda yangidan qurilish ishlari olib borilmoqda, 461 tasida rekonstruksiya, 271 tasida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda”, – deya qo‘shimcha qildi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova.

Laylo Rustamova, Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari / Foto: AOKA

Bir necha kunlar o‘tyaptiki, maktab va undagi yetishmovchiliklar qachon bartaraf etilishiga oid ma’lumotlar taqdim etilmadi. Vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ning bu boradagi so‘rovini e’tiborsiz qoldirdi.

Afsuski, bu muammo birinchi marotaba yoritilayotgani yo‘q. Jurnalistlar odamlarni qiynayotgan masala bo‘yicha avval ham material ham tayyorlashgan, mas’ullar esa maktab tez orada rekonstruksiya qilinishi va shunda sport zali ham qurilishini va’da qilishgan.

Qisqasini aytganda, har qancha balandparvoz gaplar gapirilmasin, ko‘plab maktablarimizda elementar sharoitlar ham yo‘qligi ahvolimizni ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Hammasi budjetda pul yetishmasligiga borib taqaladi deyish esa katta xato bo‘lardi: keraksiz sarf-xarajatlarning boshi ham, oxiri ham yo‘q.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid