O‘zbekiston | 12:07 / 21.10.2022
29412
3 daqiqa o‘qiladi

Termiz shahrining sobiq hokimi va uning o‘rinbosarlari hibsda. Ular 19,7 mlrd so‘m budjet mablag‘ini o‘zlashtirishda gumonlanmoqda

Isroil Xudoyberdiyev, uning ikki nafar o‘rinbosari va yana 4 nafar mansabdor hibsga olingan. Davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 19,7 mlrd so‘m baholanmoqda.

Isroil Xudoyberdiyev / Foto: O‘zA

Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, hokimning sobiq birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanov, hokimning qurilish bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Shuhrat Rahmonqulov, shahar arxitektori, «Yashil dunyo» savdo majmuasi loyihachisi, rahbari va quruvchisi hibsga olingan.

Gazeta.uz'ning aniqlashicha, bu mansabdorlar “Yashil dunyo” savdo majmuasi qurilishi davomida milliardlarni o‘zlashtirganlikda gumonlanyapti. Ular Termiz shahrida joylashgan 9-sonli tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

O‘zA'ning yozishicha, mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarda gumonlanmoqda.

Gazeta.uz qaysi mansabdor qanday moddalar bilan ayblanayotganiga birma-bir to‘xtalgan.

Chunonchi, sobiq hokim Isroil Xudoyberdiyev Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi); Termiz shahar hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanov JK 167-moddasining «a» bandi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayblanmoqda. Bundan tashqari, Gazeta.uz 2017–2018-yillarda hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan Shuhrat Rahmonqulov ham qamoqqa olingan va jinoyat ishiga jalb qilinganini ma’lum qilgan.

Milliy axborot agentligiga ko‘ra jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan. Gazeta.uz esa tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilayotgani haqida yozgan.

Biroq Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ushbu keys bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini bildirdi. Shamsuddinov, shuningdek, Bosh prokuraturaga havola berib xabar tarqatgan O‘zA bu ma’lumotni kimdan olganidan bexabar ekanini aytib, buni agentlikning o‘zidan so‘rashni tavsiya qildi.

Termiz shahrining sobiq hokimi va boshqalar hibsga olinganini Gazeta.uz muxbiriga tasdiqlagan Surxondaryo viloyat prokuraturasi matbuot kotibi Alisher Bobomurodov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hech qanday ma’lumotga ega emasligi, hech qaysi internet nashr yoki jurnalist mazkur masalada u bilan bog‘lanmagani, hech kimga bu bo‘yicha izoh bermaganini ta’kidladi. Biroq Gazeta.uz muxbiri Abror Qurbonmurotov buning aksini aytmoqda. Qurbonmurotovga ko‘ra, Bobomurodov jinoyat ishi ochilganini tasdiqlagan, biroq tergov siri bo‘lgani sababli gumondorlar qaysi moddalar asosida hibsga olinganini ochiqlay olmasligini aytgan.

Mavzuga oid