Sirdaryodagi portlash oqibatida 16 kishi jarohatlangan - SSV
Qurbonlar yo‘q, jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘qligi aytilgan.
Sirdaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyat hududidagi portlash oqibatlari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Sirdaryo tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli omborda yakka tartibda portlash sodir bo‘lishi oqibatida hududga yaqin joylashgan bir nechta aholi xonadonlari va do‘konlarning oynalari singan, binolarning ayrim yengil konstruksiyalariga ham zarar yetgan.
Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘qligi, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgani ma’lum qilingan.
«Ayni vaqtda viloyat sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda harbiy qism atrofida joylashgan mahallalar qamrab olinib, fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari, korxona, muassasa va tashkilotlarga yetkazilgan zararni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.
SSV matbuot xizmati Sirdaryodagi portlash hodisasi oqibatida 16 kishi jabrlangani, ularga zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qilgan.
«Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Malik SIUda yuz bergan portlash haqida soat 05:01 da tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng ushbu hodisa natijasida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Xususan, 5 nafar fuqaro Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialida statsionar kuzatuvga olindi», deyiladi xabarda.
Jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘qligi, ayni paytda RShTYoIM va uning Sirdaryo filialidan malakali shifokorlar Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga safarbar qilingani aytilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu bemorlar holatini o‘z nazoratiga olgan.
Mudofaa vazirligi Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi harbiy qism omborida sodir bo‘lgan portlash bo‘yicha harbiy mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Ta’kidlash kerakki, harbiy qismdagi o‘q-dori zaxirasi xavfsizlik talablariga javob beradigan, Davlat standartlariga mos ravishda, zamonaviy maxsus omborlarda saqlanmoqda. Ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan», deyiladi xabarda.
Bundan oldinroq Mudofaa vazirligi ushbu hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘qligini bildirgandi.
Mavzuga oid
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
12:58 / 17.10.2024