Sport | 17:05 / 23.10.2022
38360
23 daqiqa o‘qiladi

Kazemirodan Ronaldu uslubida gol, «Real» Benzemasiz ham shou uyushtirdi. Kun o‘yinlari

«Manchester Yunayted»ning «Chelsi»ga qarshi o‘yini yakuni yorqin tus oldi, Holand Angliyada gollar urishda davom etmoqda, Italiyada gollar yomg‘iri kuzatilgan o‘yin taqdirini Mxitaryan hal qildi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Foto: Reuters

Chelsi – Manchester Yunayted 1:1
Gollar: 
1:0 – 87, penalti Jorjino, 1:1 – 90+4 Kazemiro.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Tiago Silva, Kukurelya (Kovachich, 36), Chaloba, Chiluell, Jorjino, Loftus-Chik (Chukvuemeka, 79), Maunt, Obameyang (Pulishich, 74), Sterling (Broya, 79).
Manchester Yunayted – De Xea, Diogu Dalot, Varan (Lindelef, 60), Martines, Shou, Eriksen (Maktomini, 80), Kazemiro, Brunu Fernandesh, Reshford (Elanga, 81), Sancho (Fred, 52), Antoni.
Ogohlantirishlar: Antoni (32), Fred (86), Shou (90), Jorjino (90), Martines (90).

«Manchester Yunayted» shusiz ham doim diqqat markazida turadi, so‘nggi kunlarda esa klub gazetalarning bosh muqovalarini egalladi. To‘g‘ri, qiziqish avj olishi «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alaba tufayli emas, Krishtianu Ronaldu atrofidagi yangi mojaro tufayli bo‘ldi. Portugaliyalik yulduz londonliklarga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalari boshlanganida «Old Trafford»ni tark etdi va aynan shu so‘nggi kunlardagi asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Erik ten Hag Ronaldu haqidagi savollarga javob berishdan charchadi. Angliyada, ma’lumki, o‘yindan keyin murabbiylar bir necha nashrlar uchun eksklyuziv intervyu berishi majburiy, shu tufayli niderlandiyalik mutaxassis bitta fikrni turlicha so‘zlarda ifodalab javob qaytarishiga to‘g‘ri keldi.

Tabiiyki, «Chelsi» bilan o‘yin oldidan ham bu mavzu «qaynoq»ligicha qoldi. Qolaversa, bu vaqtga kelib tafsilotlar ma’lum bo‘lib ulgurgandi: unga ko‘ra, Ronaldu so‘nggi daqiqalarda zaxiradan maydonga tushishdan bosh tortgan, natijada asosiy tarkib mashg‘ulotlaridan chetlatilgan. Shu tufayli Krishtianu «Chelsi» bilan o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi. Shu bilan birga, tosmonlar yarashish tarafdori ekanini ko‘rsatishdi. Ten Hag bu yulduzdan voz kechmoqchi emasligi va mavsum oxiriga qadar undan foydalanmoqchi ekanini aytdi, Ronaldu esa (yoki uning SMM-menejyeri) ijtimoiy tarmoqda jamoa bilan tushgan suratini joyladi va shunday izoh qoldirdi: «Olg‘a, «Manchester Yunayted».

Potterning transformatsiyasi

Krishtianuga «MYu»siz oson bo‘ldi deyish qiyin. Ammo translatsiya rejissyorlariga oson bo‘lgani aniq: odatda ular har daqiqada zaxirada o‘tirgan Ronalduni ko‘rsatishardi, bu safar esa barcha e’tibor maydonga qaratildi. Lekin o‘yini tomoshabop bo‘ldi deb  bo‘lmasdi — bu ko‘p jihatdan murabbiylar tufayli.

Ten Hag va Potter o‘z jamoalari boshqaruviga kelganiga ko‘p bo‘lmadi va ularning imzosi faqat so‘nggi o‘yinlardagina ko‘zga tashlana boshladi. «MYu» yuqori pressing, qisqa uzatmalar bilan o‘ynash va uzoqdan berilgan zarbalar evaziga «Tottenhem»ni taslim etdi. «Chelsi» esa so‘nggi vaqtlarda gol o‘tkazishdan to‘xtadi, jamoa Potter boshqaruvidagi «Brayton»da bo‘lgani kabi ishonchli himoyaga ega bo‘ldi.

«MYu»ga qarshi o‘yinda ham «Chelsi» hech qanday yangi narsa o‘ylab o‘tirmadi — va 3-4-2-1 sxemasi tanlandi, Kukurelya bu mavsumda avval ham bo‘lgani kabi himoya markazidan joy oldi. Ammo Potter birinchi bo‘lim davomidayoq xato qilganini tushunib yetdi va 36-daqiqaga kelib jarohat tufayli emas, taktik zarurat tufayli o‘zgarish qilindi — Kukurelya o‘rnini Kovachich egalladi, «Chelsi» esa 4-3-3 sxemasiga o‘tdi.

Kepaning seyvlari

Potter nega bunday qildi? Raqamlar yaxshiroq javob beradi. Bu shanbaga qadar «Chelsi» chempionatning barcha bahslarida to‘pga egalik qilishda raqiblardan ustunlik qilgan va bu ko‘rsatkich borasida ligada uchinchi jamoa bo‘lgan. Bu o‘yinda esa o‘xshamadi: dastlabki yarim soatda «Yunayted»ning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 65 foizga yetdi. Va gap Potter kutilmaganda «Stemford Brij»da ikkinchi raqam ostida o‘ynashga qaror qilganida ham emas. «MYu» shunchaki maydon markazida son borasida raqibdan ustun edi va londonliklar yuqori pressing ostida qolishdi — «Chelsi» esa o‘rta blokda o‘ynadi va hujumga o‘tish uchun o‘nlab aniq paslar amalga oshirishga ulgurmadi. Potterdan maydon markaziga qo‘shimcha futbolchi tushirish talab etilardi, shu bilan birga asosiy tarkib bilan sxemani qaytadan shakllantirish imkonsiz edi. Shuning uchun Kukurelyani almashtirishga to‘g‘ri keldi.

«Yunayted» futbolchilarining joylashuvini aks ettirish «Chelsi»ga o‘yinni tenglashtirish imkonini berdi. Ko‘klar bu vaqtga kelib hisobda ortda qolayotgan bo‘lishi ham mumkin edi — Kepa bir necha bor Reshford gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Ammo birinchi bo‘lim oxirida mezbonlar o‘zlarining xavfli vaziyatiga ega bo‘lishdi, ammo Obameyang bu vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

Varan ikkinchi bo‘limda maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi, u Qatardagi mundialdan qolib ketishi mumkin. Foto: AFP

Kutilmagan finish

Potterning qayta qurishi o‘yin xarakterini ham o‘zgartirdi. «Chelsi»da to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi yaxshilana boshladi, lekin ten Hag bunga tayyor edi. «MYu» yuqori pressingga urg‘u berishda davom etdi va pozitsion hujumlarda vaziyatlar yaratdi, «Chelsi» esa boshqa quroldan foydalanishga harakat qildi — standart vaziyatlar.

Avvaliga Chaloba burchak zarbasidan keyin boshi bilan hisobni ochishga yaqin keldi, o‘yin oxirlarida esa boshqa bir standart penalti belgilanishiga olib keldi: Broyya Maktominey bilan to‘p uchun kurashda gazonga quladi, Jorjino esa 11-metrli jarima zarbasini aniq ijro etdi. Zarba oldidan Brunu Fernandesh de Xeaning qulog‘iga nimalarnidir tushundirdi, ammo ispaniyalik posbonga bu yordam bermadi.

«MYu» 87-daqiqada — yangi taktika o‘ylab topish uchun vaqt qolmaganida gol o‘tkazib yubordi. «Yunayted» klassik tarzda butun tarkib bilan hujumga o‘tdi va tinimsiz uzatmalar va bosh bilan zarbalar bera boshladi. Kazemiro bunday uslubda o‘ynashga odatlanmagan, ammo u umuman o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda, Ronaldu uslubida gol urdi: uzatmaga baland sakradi va bosh bilan to‘pni darvoza burchagiga joyladi. Kepa ham chiroyli sakradi, ammo to‘p darvoza to‘sini ostidan tushib, bir necha millimetrga chiziqni kesib o‘tdi.

Yakunda durang hisob saqlanib qoldi. 85 daqiqa o‘yin golsiz tugaydigandek edi, ammo jamoalar muxlislarga qizg‘in endshpil namoyish etib berildi.

«Liverpul»da safar o‘yinlari kompleksi, Holand yana gollar ura boshladi

Nottingem Forest – Liverpul 1:0
Gol: 1:0 – 55 Avoniyi.
Nottingem Forest – Henderson, Ore, Kuk, Makkenna, Uilyams (Lodi, 73), Kuyate (Mangalya, 80), Froyler, Yyeyts, Lingard (Jonson, 64), Gibbs-Uayt, Avoniyi (Uorrell, 64).
Liverpul – Alisson, van Deyk, Gomes, Roberson, Elliott, Karvalyu (Henderson, 62), Fabino, Jons, Milner (Aleksander-Arnold, 62), Firmino (Oksleyd-Chemberlen, 76), Saloh.
Ogohlantirishlar: Gomes (54), Uorrell (88), Froyler (89).

«Liverpul» Nottingemga bir qator yetakchilarsiz keldi, jarohatlanib safdan chiqqan Diogu Jota, shuningdek Dias va Nunessiz. Lekin amalda o‘yinning birinchi yarmida bu autsayderga qayrshi o‘yinning umumiy xarakteriga ta’sir ko‘rsatmadi, lekin jamoa futbolchilari vaziyatlardan foydalanishda oqsadi. Fabiu Karvalyu bir necha metrdan turib darvozani aniq ishg‘ol etolmadi, burchak zarbasi ijro etilganida Roberto Firminoning zarbasi xato ketdi, keyin esa van Deyk darvoza yaqinida turgan holda zarba berish o‘rniga to‘pni sherigiga tashlab berishga qaror qildi.

Bu holatlar yana bir bor qizillarning begona maydondagi o‘yinlarini eslatdi, APLda jamoa bu mavsumda biror marta safar o‘yinida g‘alaba qozona olmagan. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Avoniyi vaziyatni yanada murakkablashtirdi, u ustundan qaytgan to‘pga zarba berib, ikkinchi urinishda darvozani ishg‘ol etdi. Ammo bu vaziyatni tasodif sifatida baholash mumkin bo‘lgan bo‘lsa, o‘yinning qolgan daqiqalarida «o‘rmonchilar» g‘alabaga haqli o‘ynab, yana qator vaziyatlarga ega bo‘lishdi.

Qo‘shimcha daqiqalarda «Nottinghem»ning mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini Din Hendersonning aql bovar qilmas seyvi saqlab berdi, shunday ekan, «Liverpul»ning inqirozdan chiqishi haqida gapirishga hali erta. Yurgen Klopp jamoasi 11 turda uch bor mag‘lub bo‘ldi — bu o‘tgan mavsum davomidagi jami mag‘lubiyatlar sonidan ko‘p.

Manchester Siti – Brayton 3:1
Gollar:
 1:0 – 22 Holand, 2:0 – 43, penalti Holand, 2:1 – 53 Trossard, 3:1 – 75 de Bryuyne.
Manchester Siti – Ederson, Akandji, Laport, Ruben Diash, Joau Kanselu, de Bryuyne, Bernardu Silva, Rodri, Grilish (Palmer, 77), Mahrez (Foden, 62), Holand (Alvares, 80).
Brayton – Sanches, Dank, Uebster, Veltman (Estupinyan, 66), March, Gross, Mak Allister, Kaysedo, Lallana (Lempti, 46), Uelbek (Undav, 79), Trossar.

Foto Reuters

Holand qariyb ikki hafta gol urmagandi, u avvaliga Chempionlar ligasida natijasi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan safar o‘yinida maydonga tushirilmadi, keyin «Liverpul»ga qarshi o‘yinda uni zararsizlantirishdi, shunday ekan, «Brayton» norvegiyalik futbolchining yo‘lidan chiqqan o‘ljaga aylandi. VAR ning penalti bermaslik to‘g‘risidagi qarori Erlingni g‘azablantirdi — Edersonning uzoq masofaga to‘p tashlab berishidan keyin uni raqib darvozaboni yonidan olib o‘tdi va bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi, unga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan Uebsterni esa uchirib yubordi.

Holand baribir bo‘lim oxirida penalti ijro etish huquqiga ega bo‘ldi. Natijada u APLda 11 o‘yindagi 17-golini urdi. Taqqoslash uchun, Keyn mavsum davomida shuncha gol urgandi, o‘shanda faqat uch futbolchi undan yaxshiroq natija qayd etishgandi. 

«Chaykalar» esa ikki kishining harakatlari tufayli ma’lum muddatga intrigani qaytarishdi — Trossar Edersonning yaqin burchagiga aniq zarba yo‘llab, hisobni qisqartirdi. Lekin braziliyalik darvozabon ko‘p o‘tmay belgiyalik raqibdan revansh oldi - bundanda xavfli vaziyatda yakkama-yakka holatda berilgan zarbani to‘sib, darvoza daxlsizligini saqlab qoldi. O‘yin taqdirini esa De Bryuynening o‘z uslubidagi goli bilan hal qildi. Futbolchining o‘yin arafasida ko‘pchilikning muhokama markazida bo‘lgan ko‘zi ko‘karishi uning nishon olishdagi mahoratiga ta’sir qilmagani ma’lum bo‘ldi.

Ispaniya: Valverde yana gol urdi

Real Madrid – Sevilya 3:1
Gollar: 
1:0 – 5 Modrich, 1:1 – 54 Lamela, 2:1 – 79 Vaskes, 3:1 – 81 Valverde.
Real – Kurtua, Karvaxal (Vaskes, 77), Alaba (Nacho, 86), Militao, Mendi (Ryudiger, 77), Modrich (Asensio, 77), Kroos, Tchuameni (Kamavinga, 65), Valverde, Vinisius Junior, Rodrigo.
Sevilya – Bunu, Montel, Gudel, Markao Teysheyra, Telles, Rakitich (Rafa Mir, 76), Oliver Torres (Gomes, 69), Jordan, Navas (Karmona, 67), Isko (Dileyni, 76), Lamela.
Ogohlantirishlar: Jordan (28), Montel (32), Tchuameni (37), Gudel (66), Gomes (90).

«Santyago Bernabeu»ning yomg‘ir ostidagi tribunalari muxlislar tomonidan ko‘tarilgan plashkalar (taxtachalar) tufayli oltinrangga bo‘yaldi. Bu o‘tgan mavsum qahramonlari sharafiga edi — Kurtua va Benzema. Darvozaga qaytgan belgiyalikka Lev Yashin nomidagi mukofotni afsonaviy Iker Kasilyas topshirdi, bu o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri kelgan fransuz hujumchisi esa «Oltin to‘p»ni bu mukofotni oldinroq yutib olgan Zinedin Zidan va Luka Modrichdan qabul qilib oldi.

Aynan xorvatiyalik futbolchi «Real» safidagi 450-uchrashuvida Benzemaning ishini bajardi, u o‘yin debyutida Vinisius Juniorning darvozaning narigi burchagi tomon yo‘llagan uzatmasini darvoza to‘riga joyladi. Bu vaziyatda madridliklarni yengil o‘yin kutayotgandek edi, ammo Xorxe Sampaoli boshqaruvidagi «Sevilya» endilikda Xulen Lopetegining so‘nggi davridagi umidsiz jamoa emas. Jamoa sinib qolmadi, xuddi birinch golda Vinisiusga to‘pni topshirib qo‘ygan Montiel kabi, u qo‘pol xatosini aynan Vinisius bilan to‘p uchun kurashda ustun kelgan holda tuzatib, Lamelaga ajoyib pas berdi.

Ammo «Real»ni bu mavsumda to‘xtatadigan jamoa topilmayapti! Jamoa muvaffaqiyatsizliklarni sezmagandek o‘tib ketmoqda. Xuddi mehmonlarning argentinalik futbolchilari hujumlarini sezmagandek. 77-daqiqada Karlo Anchelotti uch nafar yangi futbolchini - Karvaxal o‘rniga Vaskes, Mendi o‘rniga Ryudiger, Modrich o‘rniga Asensioni tushirdi. Ikki daqiqa o‘tib namunali pressingdan keyin, Asensio kesuvchi pasi bilan chap qanotdan markazga yorib kirgan Vinisiusni to‘p bilan ta’minladi, braziliyalik futbolchi esa bo‘sh darvoza qarshisiga chiqib kelgan Lukas Vaskes gol urishini ta’minlab berdi. Bu namunali hujum «Sevilya»ga og‘ir jarohat yetkazgan bo‘ls, ikki daqiqa o‘tib Valverde tomonidan yo‘llangan aql bovar qilmas zarba jamoani butunlay o‘ldirdi va andalusiyaliklar qatorasiga o‘n beshinchi bor poytaxtdan mag‘lubiyat bilan qaytadigan bo‘lishdi. 

Italiya: Berluskoni va Galliani uchun nostalgiya

Milan – Monsa 4:1
Gollar:
 1:0 – 16 Braim Dias, 2:0 – 41 Braim Dias, 3:0 – 65 Origi, 3:1 – 70 Ranokkiya, 4:1 – 84 Rafael Leau.
Milan – Teterushanu, Dest (Kalulu, 46), Ker (Gabbiya, 60), Tomori, Ernandes, Bennaser, Braim Dias (de Ketelare, 53), Pobega, Rebich (Rafael Leau, 60), Origi (Vranks, 78), Junior Messias.
Monsa – Di Gregorio, Kaldirola (Karboni, 54), Mari, Antov, Karlos Augusto, Barberis (Ranokkiya, 46), Sensi (Bondo, 66), Pessina, Churria, Kaprari (Gyutkyayer, 66), Mota (Petanya, 54).

«Monsa» «San-Siro»da mehmon — bu buyuk «Milan» ijodkorlari Silvio Berluskoni va Adriano Gallianining qadrdon makonga qaytishi bilan bog‘liq hayajonli tarixdir. Rossonerilar sobiq rahbarlari stadion VIP-lojasida xo‘jayinlardek ko‘rinmasa ham, mehmondek ham emasdi. Maydonda esa hech qanday mehmondorchilik haqida gap ketishi mumkin emasdi.

Oqshom qahramoni Braim Dias bo‘ldi. Ispaniyalikning birinchi goli — haqiqiy shedevr edi. U to‘pni maydon markazida egallab, darvoza hududiga qadar olib bordi va himoyachi bilan kontaktdan keyin yiqilayotib, to‘pni darvozabon yonidan o‘tkazib darvoza to‘riga yo‘lladi. Diasning keyingi zarbasi ham yaxshi chiqdi, o‘yin masalasini esa to‘pni «to‘qqizlik»ka yo‘llab, Milandagi gollar hisobini ochgan Origi hal qildi. Maydonni Rafael Leau ham samarali harakatsiz tark etmadi. «Milan» Chempionlar ligasi o‘yiniga a’lo kayfiyatda yo‘l oladigan bo‘ldi.

Fiorentina – Inter 3:4
Gollar: 
0:1 – 2 Barella, 0:2 – 15 Martines, 1:2 – 33, penalti Artur, 2:2 – 60 Ikone, 2:3 – 73, penalti Martines, 3:3 – 90 Yovich, 3:4 – 90+5 Mxitaryan.
Fiorentina – Terrachchano, Dodo (Venuti, 82), Martines, Milenkovich, Biragi (Terzich, 82), Bonaventura, Dankan (Yovich, 53), Amrabat (Barak, 83), Artur, Kuame, Gonsales (Ikone, 9).
Inter – Onana, Darmian (Dumfris, 67), de Vrey, Acherbi, Shkrinyar, Dimarko (Gozens, 67), Mxitaryan, Chalxanoglu, Barella, Korrea (Djyeko, 61), Martines (Bellanova, 85).
Ogohlantirishlar: Bonaventura (35), Acherbi (35), Dodo (38), Indzagi (38), Amrabat (54), Barella (56), Milenkovich (79), Dumfris (88).

«Inter» o‘yinni kuchli boshladi va vaqt o‘tgan sayin kuchayib bordi, Barella esa birinchi xavfli hujumdayoq Lautaro Martinesning uzatmasidan hisobni ochdi. Ko‘p o‘tmay argentinalik hujumchining o‘zi maydon markazi bo‘ylab yurish qilib, hisobdagi ustunlikni oshirdi, ammo Dimarkoning jonbozlik ko‘rsatishga urinishi milanliklar idilliyasini yo‘qqa chiqardi. U raqibga xalal berishda oshirib yubordi, belgilangan penaltini esa Artur Kabral aniq ijro etdi.

«Inter» kuch tejab o‘ynayotgani va muvaffaqiyat rivojlantirilishi vaqt masalasidek edi, ammo bu aldamchi tasavvur bo‘lib chiqdi. Tanaffusdan keyin «fialka» tezkor qarshi hujumda muvaffaqiyat qozondi, Onana Ikonening kuchli zarbasi qarshisida ojiz qoldi. Barella esa hisob teng vaziyatda qulay imkoniyatdan foydalana olmadi.

Shu hisob ham o‘yin shiddatini aks ettirayotgandi, ammo bu hali kunning eng aql bovar qilmas o‘yini debochasi edi. «Fiorentina»ni Martines o‘zi ishlagan penaltini aniq amalga oshirishi ham sindira olmadi. Avgust oyi oxiridan buyon A seriyada gol urmayotgan Yovich hisobni tenglashtirib, jamoasi xaloskoriga aylangandek edi. Ammo serbiyalik hujumchining 90-daqiqada akrobatik uslubda yo‘llagan zarbasi uchrashuvdagi so‘nggi gol bo‘lib qola olmadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Mxitaryan «Inter» safidagi uzoq kutilgan ilk golini urdi.

Germaniya: Bellingem tezlik olmoqda

Hoffenhaym – Bavariya 0:2
Gollar: 0:1 – 17 Musiala, 0:2 – 38 Shupo-Moting.
Hoffenhaym – Baumann, Akpoguma, Nsoki, Kabak, Anxelino, Gayger (Rudi, 85), Premel (Shtiller, 85), Baumgartner (Kramarich, 62), Skov (Kaderjabek, 62), Dabbur (Bisxof, 76), Ryutter.
Bavariya – Ulrayh, Pavar, Upamekano, de Ligt, Devis, Goretska (Zabitser, 70), Kimmih, Shupo-Moting (Tel, 70), Gnabri (Mazraui, 76), Koman (Mane, 61), Musiala (Gravenberh, 76).

«Hoffenhaym» qatorasiga ikki o‘yinda yirik hisobda g‘alabalarga erishib, kichik inqirozni yengib o‘tgan va yetakchilar guruhiga qaytgandi. Ammo bu «Bavariya»ga qarshi o‘yinda muvaffaqiyat uchun yetarli bo‘lmadi. Myunxenliklar darhol tashabbusni qo‘lga olishdi, Musiala burchak zarbasidan keyin hisobni ochdi, ko‘p o‘tmay Shupo-Moting qatorasiga uchinchi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Yulian Nagelsmann Myullersiz va Maneni zaxirada qoldirib ham safarda osonlik bilan g‘alabaga erishdi. «Bavariya» hamon birinchi o‘ringa qaytmagan, yakshanba kuni «Union» Bohumda g‘alaba qozonsa, chempion bilan oradagi farqni yana to‘rt ochkoga yetkazadi.

Borussiya D – Shtutgart 5:0
Gollar: 1:0 – 2 Bellingem, 2:0 – 13 Zyule, 3:0 – 44 Reyna, 4:0 – 53 Bellingem, 5:0 – 72 Mukoko.
Borussiya D – Kobel, Zyule, Hummels (Passlak, 66), Shlotterbek (Jan, 56), Gerreyru (Volf, 80), Brandt, O‘zjan, Reyna (Modest, 67), Bellingem, Adeyyemi (Azar, 67), Mukoko.
Shtutgart – Myuller, Anton, Zagadu, Mavropanos, Sosa, Endo, Miyo (Narti, 57), Ahamada (Karazor, 74), Mvumpa (Fyurix, 57), Girassi (Pfayffer, 74), Tiagu Tomash (Perea, 62).

«Borussiya» debyutdayoq «Shtutgart» mudofaasini yakson etdi, ikki golda ham himoyachi Zyule ishtirok etdi. Avvaliga u qanotdan to‘pni Bellingemga zarba berish uchun tashlab berdi, keyin esa Rafael Gerreyruning jarima zarbasidan bergan pasini darvoza to‘riga joyladi. Shundan keyin yaqinda bosh murabbiy o‘zgarganidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek ko‘ringan mehmonlar o‘ynashni yig‘ishtirishdi — maydonda final hushtagi chalinguniga qadar faqat bir jamoa hukmronlik qildi. Ayniqsa Bellingem o‘zining yorqin o‘yinlaridan birini o‘tkazdi, u bundesliga o‘yinlarida mavsum boshidan buyon gol urmagandi, endi esa bir mavsumda barcha turnirlarda urilgan gollar soni bo‘yicha (8) o‘z rekordini yangiladi.

Kun statistikasi

  • «Valyadolid» hujumchisi Serxio Leon so‘nggi 5 o‘yinda 5 gol urdi. U La ligada bungacha «Levante» va «Betis» safida shuncha gol urish uchun 79 o‘yin o‘tkazgandi.
  • «Spetsiya» mavsum boshidan buyon 6 ta safar o‘yinida bitta ham gol urmasdan yutqazdi. A seriyada 1939/40 yilgi mavsumdan buyon ilk bor shunday holat kuzatilmoqda, bunday noxush seriya qayd etgan so‘nggi jamoa «Napoli» bo‘lgandi.
  • «Lion» hujumchisi Lyakazett o‘yinlarda 90-daqiqadan keyin 12 bor gol urgan. Bu liga 1 chempionatida XXI asrdagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • «Ayaks» yarimhimoyachisi Berghays 32 bor jarima maydoni tashqarisidan gol urgan. U bu borada Niderlandiya chempionatida 2000 yildan keyingi davrda amsterdamliklarning sobiq futbolchisi Ziyoshning natijasini yaxshiladi.
  • Bundesligada «Frayburg» hujumchisi Grifo 39 gol urdi. U turnir tarixidagi eng yaxshi italiyaliklar to‘purarlar ro‘yxatida Luka Tonidan o‘zib ketdi.
  • «Manchester Siti» APLda Xosep Gvardiola boshqaruvida 600-golini urdi. Bungacha bir jamoa boshqaruvida bunday natijani faqat Aleks Fergyuson va Arsen Venger qayd etishgan.
  • «Chelsi» darvozaboni Kepaning «quruq» seriyasi 623 daqiqa davom etdi.

Mavzuga oid