O‘zbekiston | 14:49 / 25.10.2022
28656
11 daqiqa o‘qiladi

«Shovotlandiya ishi» bo‘yicha sud hukmi o‘zgarishsiz qoldi. Kafeni yoqib yuborganlar umrbod qamoqqa hukm qilingan

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi «Shovotlandiya» kafesini yoqib yuborib, besh kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ikki shaxs umrbod ozodlikdan mahrum etilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida ushbu ishni ko‘rib chiqdi.

2021 yil 27 fevral kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumani Guliston ko‘chasida joylashgan «Shovotlandiya» milliy taomlari kafesida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Oqibatda 645 million so‘mga baholangan kafe binosi, uning ichidagi 420 million so‘mga baholangan oshxona jihozlari to‘liq yonib ketadi.

Eng ayanchlisi, kafeda yashab ishlagan, voqea payti bino ichida uxlab yotgan ikki erkak va uch ayol is gazidan zaharlanish, tananing 100 foizi 3-4 darajali termik kuyishi oqibatida halok bo‘lgandi.

Tezkor tergov harakatlari natijasida yong‘in qasddan sodir etilgani aniqlangan. Kafeni qasddan yoqib yuborgan shaxs bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan idishdagi suyuqlikni sepgani, yana bir idishdagi suyuqlikni esa bino ichkarisiga otgani, binoga o‘t qo‘ygach alanga chiqishini kuzatib, yong‘in avjiga chiqqach, voqea joyini tark etgani aniqlangan.

2021 yil 21 dekabr 2 nafar shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan mazkur jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum qilingandi. Mahkumlarning apellyatsiya shikoyatiga asosan jinoyat ishi joriy yilning 19 oktyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Dilshod Rajabov, Toshkent shahar sudi sudyasi Foto: Kun.uz

Sudlanuvchining advokati mijozining harakatlari Jinoyat kodeksining 23-moddasiga tortishini aytib, qotillik bo‘yicha ayblovni jinoyat ishidan chiqarib tashlashni so‘radi.

Sudlanuvchining himoyachisi Foto: Kun.uz

«Sud tergovining to‘liq emasligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Jumladan, himoyam ostida bo‘lgan shaxs tomonidan qiynoq bilan bog‘liq holatlar to‘liq tekshirilmagani kelgusida sud tomonidan qabul qilinayotgan qarorning obektivligiga jiddiy shubha uyg‘otadi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ham taxminlarga asoslangan. Himoyam ostida bo‘lgan shaxs harakatlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u qilmishi ijtimoiy xavfli oqibatlarga olib kelishiga ko‘zi yetsa-da, o‘lim yuz berishini istaganligi hech qanday dalillar bilan tastiqlanmagan. Oddiy misol, himoyamdagi shaxs bilan besh kishining oldin tanish emasligi to‘g‘ri qasd yo‘qligidan dalolat beradi.

Birinchi instansiya sudi va tergov organlari aynan egri qasdga shu holatni bog‘lash uchun ahamiyat qaratadigan bo‘lsak, ayb e’lon qilishda qasddan odam o‘ldirish maqsadida amalga oshirilgani, kafeda yotib yurganligidan foydalanib amalga oshirmoqchi bo‘lganini bildirib o‘tishgan. Agar jabrlanuvchi kafeda yotgan paytida himoyam ostida bo‘lgan shaxs tomonidan u yerda yong‘in sodir etilganda edi, men bu hukmga qo‘shilgan bo‘lardim», deydi sudlanuvchining advokati.

Sudlanuvchilar himoyachilarining fikrlari tinglangach, sudya jabrlanuvchining advokatiga navbat berdi.

Jabrlanuvchining himoyachisi Foto: Kun.uz

«Sudlanuvchilarning advokatlari tomonidan oshxonada yotib qolish mumkinligi qaysi qonun normalarida qayd etilgan, yoki hokimning qarori bormi, deb ko‘rsatilyapti. «Shovotlandiya» kafesi xususiy mulk, Fuqaro kodeksi 164-moddasiga ko‘ra, mulk daxlsizdir. U yerda kim yotib qoladi, qachon yotib qoladi, qaysi vaqtda yotib qoladi, buni mulk tasarrufidagi foydalanayotgan shaxs o‘zi mustaqil idora qiladi, ruxsat beradi. Shuning uchun bu fikrlar o‘rinsiz deb bilaman.

Keltirib o‘tgan asoslarimga ko‘ra, sudlanganlarning harakatlari birinchi instansiya sudi tomonidan qilmish va ro‘y bergan ijtimoiy oqibatlar o‘rtasida sodir etilyapti. Oqibatda besh nafar shaxs vafot etyapti. Mening himoyamdagi shaxsning onasi ham vafot etgan, unga mulkiy ziyon yetgan. Sababiy bog‘lanish bor. Sudlanuvchi himoyamdagi shaxsni tanimaydi. Nima uchun yoqyapti?

To‘xta, kim u yerdan foydalanyapti? Tortishuvga vafot etganlarning aloqasi bormi? Yo‘q, albatta. Xavfli usulda bu jinoyatni sodir etganligi dastlabki instansiya sudi tomonidan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan va asosli jazo tayinlangan deb o‘ylayman.

Yuqoridagilarga asosan, birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirib, sudlanganlarni qo‘shimcha tarzda mol-mulklarini xatlash orqali, ularning mol-mulki hisobidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirishni belgilab berishingizni so‘rayman», deydi jabrlanuvchining himoyachisi.

Jabrlanuvchilardan biri o‘ttiz yildan beri oilaviy yuritib kelgan kafeda biror marta yong‘in chiqmagani, sudlanuvchilar qasd olish maqsadida bu ishni qasddan qilganini ta’kidladi.

Jabrlanuvchi Foto: Kun.uz

«Qilmishiga yarasha jazosini olsin, shu joyda o‘tirishsin, sizlardan shuni ta’minlab berishingizni so‘rayman. Yoqib yuborganni umuman tanimayman. R. zakaz qilgan, F. borib yoqqan. Bo‘ldi, bu yerda boshqa hech narsa yo‘q. Ikki yildan beri shuni aytib kelyapman.

Advokatlar gaz u yoqdan chiqqan, bu yoqdan chiqqan, deyishyapti, bo‘lmagan gap, o‘ttiz yildan beri yuritib kelamiz, o‘n ikki yildan beri men yuritaman. O‘tgan o‘ttiz yildan beri olov tugul cho‘g‘ chiqmagan. Beshta odam o‘lib ketdi shu qilgan ishiga. Bularning joyi shu yer [ya’ni panjara orti].

Chiqib o‘ziga xulosa chiqarmasdan yana kirib o‘tiribdi. Men o‘sha kuni o‘n ikki yarimgacha o‘sha yerda bo‘lganimni bilgan u. Juma kuni edi. Namozni ham bitta masjidda o‘qigan bo‘lsak kerak. U kuzatib yurgan bo‘lgan. Mening qayerga borishimni, nima qilishimni bilgan. Bugun o‘sha yerga kirib yotadi deb o‘ylagan», deb jabrlanuvchi ko‘rsatmalarini bildirdi.

E’tiborlisi, bir nechta jabrlanuvchi sudda jamoat himoyachisi sifatida qatnashgan deputat Rasul Kusherbayevni noxolislikda ayblashdi.

Rasul Kusherbayev esa o‘ziga qarshi aytilgan so‘zlarga nisbatan quyidagicha munosabat bildirdi.

Rasul Kusherbayev, jamoat himoyachisi Foto: Kun.uz

«Birinchidan, qayerda yon bosganimni isbotlashi kerak. Chunki sud jarayoni ochiq va shaffof bo‘ldi. Agar savollarim nuqtayi nazaridan kelib chiqsak, qonunbuzilishi holati bo‘lsa-yu, qonun yuzasidan tekshiruvni so‘rasa, savollar bersa, kimgadir yon bosish bo‘lmaydi. Bu yerda faqat qonuniylikni ta’minlashni so‘rayapmiz, xolos.

E’tiborlisi, jabrlanayotgan yoki ayblanayotganlarning o‘rnida har birimiz bo‘lib qolishimiz mumkin. Shuni hisobga olish kerak. Aslida bizda prokuror nazorati degan institut bor. Prokuratura qonunlar ijro etilishini nazorat qiladi. Shu xulosadan kelib chiqadigan bo‘lsak, prokuratura har bir qonunbuzilishi holati yuzasidan chora ko‘radi. Biz uni kimgadir yon bosadi deymizmi.

Toki u qonuniylikni ta’minlashga harakat qilsa, biz ham shuning bir qismini qo‘llashga harakat qilyapmiz. Shu sababli men bu fikrlarni mutlaqo asossiz deb hisoblayman. Bunaqa fikrlar paydo bo‘layotgani ish mohiyati, qonunlarni chuqur bilmagan holda munosabat bildirish deb hisoblayman», deydi jamoat himoyachisi Rasul Kusherbayev.

Davlat qoralovchisi birinchi instansiyasi sudi dastlabki tergovda to‘plangan barcha dalillarni tekshirib chiqib, to‘g‘ri baholagani, to‘g‘ri xulosaga kelganini bildirdi.

Sudlanuvchilardan biri so‘nggi so‘zida qasd olish niyati bo‘lmaganini ta’kidladi.

Sudlanuvchi Foto: Kun.uz

«O‘lganlarni men qayerdan bilishim mumkin? Qanday ularga qasd qilishim mumkin? Agar qasd qilgan bo‘lsam, ellik metr, uzog‘i aylanib chiqadigan bo‘lsa, ikki yuz metr uyi. Orqa eshikdan chiqsa, uyi turibdi. Uyini yoqib yubormaydimi. Choyxonani nima qiladi. Hozir aqlim yetmayapti kimning yo‘lidan o‘tib qo‘ydim. Ho‘p, mayli isbotlashsin, faqat bosimsiz. Vijdonan nima ish qildim? Qilgan ishim uchun jazoyimni beringlar. Men o‘n ikki yil turmada o‘tirib chiqqanman. Turmasidan qo‘rqmayman. Eng yomon joylarda o‘tirib kelganman. Kontrolda bo‘lganman. Qilgan ishim uchun jazoyimni beringlar. Agar begunoh bo‘lsam, qo‘yvoringlar. Bola-chaqamning oldiga borib, o‘z ishimni qilib yuraveray», deydi sudlanuvchi.

Ikkinchi sudlanuvchi har qanday jazoga tayyorligini ma’lum qildi.

«Chin ko‘ngildan aytyapman, men qasddan hech kimni o‘ldirmadim. Alloh hukmidan oxiratda qo‘rqqanim uchun qilgan ishimni bo‘ynimga olib, jazoyimni beringlar, deyapman. Lekin ortiqchasini emas. Agar ortiqchasi bo‘lsa, u ham Allohni xohishidan bo‘ladi. Faqat sizlar sababchi bo‘lasizlar. Unda ham qazoyi qadarimga yozilgani bo‘ladi. Shuning uchun hech kimdan xafamasman. Faqat Allohdan ofiyat so‘rayapman. Shuning uchun iltimos qilaman, adolatli hukm chiqaringlar», deydi sudlanuvchi.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ochiq sud majlisida 9 soatdan oshiq vaqt davomida taraflarning muzokarasi tinglanib, sudda tanaffus e’lon qilindi.

Dilshod Rajabov, Toshkent shahar sudi sudyasi Foto: Kun.uz

21 oktyabrda mazkur jinoyat ishi yuzasidan sud ajrimi e’lon qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2021 yil 21 dekabrdagi sudlanuvchilarga oid hukmi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2022 yil 25 fevral kungi ajrimi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari va xususiy shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Sudlanuvchidan olib qo‘yilgan «Iphone 12 Pro Max» telefon apparati va boshqa buyumlarni qaytarish yuzasidan manfaatdor tomonlarga tergov organiga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Sudya ajrimdan norozi taraflar JPKning 497-36-moddasi tartibida Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirishga haqli ekanini eslatdi.

Mavzuga oid