Jamiyat | 13:28 / 26.10.2022
13470
2 daqiqa o‘qiladi

“Farzandlarim ruhan sinishini istamayman” - xasta holida ham bolalarini o‘ylayotgan onaizor

Onani yaratmasin ekan, deyishadi. Nimadir totli taom yesa, bolasiga ilinmasa tomog‘idan o‘tmaydi, farzandlarini kiyintirmasdan o‘ziga bitta ro‘mol ravo ko‘rmaydi, xasta holida ham bolalarining ruhan ezilishini istamaydi. Hilola ham kasalligiga qaramay farzandlariga o‘zini kuchli ko‘rsatishga urinadi.

“O‘tgan yili jigarimda saraton kasalligi aniqlandi. Shifokorlar olti oylik umrim qolganini aytishgandi. Turmush o‘rtog‘im harakat qilamiz, bitta tashxis bilan to‘xtab qolmaymiz, dedilar. Hindistonga analizlarni jo‘natdik. Bir yilga yaqin o‘sha yerda davolandim. Hozir ham davom etyapti. Shu yaqindan jigarimning shishganini sezdim. Og‘riq boshlandi. Analizlar natijasida jigarimni almashtirish kerakligini aytishdi. Aka-opam bor. Ular donorlik qilishga tayyor. Lekin mablag‘ masalasi...

El qatori, o‘rtamiyona yashardik. Hindistonda davolanish, dori-darmonlar uchun uy-joyimizni sotdik. Kichik tadbirkorligimiz ham ketdi. Hozir ikki farzandim bilan ijarada turaman. Turmush o‘rtog‘im ilojsizlikdan chet elga ishlagani ketdi. Hali endi ish boshlaydilar”.

Hilola hayot sinovlari qarshisida ojiz qolar ekan, suyanchiq bo‘la oladigan turmush o‘rtog‘i borligi uchun shukrona aytishdan to‘xtamaydi.

“Erta-yu kech Allohdan sabr so‘rayman. Farzandlarimning yonida o‘zimni kuchli tutishga harakat qilaman. Turmush o‘rtog‘im telefon qilganlarida onangni ehtiyot qilinglar, qiynamanglar, onangning mazasi yo‘q deydilar.

Men esa unday demang, bolalarimizning onam kasal deb ko‘ngli o‘ksimasin, deyman. Hali ular juda yosh. Tarbiyalab, voyaga yetkazishimiz uchun Allohdan kuch so‘rayman. Menga shunday tushunadigan turmush o‘roq bergani uchun yaratgandan minnatdorman”, deydi Hilola ko‘z yoshlarini artib.

Endigina 30 yoshni qarshilagan Hilolaning farzandlari hali juda yosh. Ular ona mehriga muhtoj. Bir bemorga yordam berish orqali uning bolalarini ham yetimlik azobidan qutqarishga sababchi bo‘lishingiz mumkin. 

Hilola Xalilovaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0401 1785 4873 otasi Turaqulov Abduqayum nomida

Manzil: Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Mevazor mahallasi Murabbiylar ko‘chasi 25-uy

Mavzuga oid