Namanganda viloyat hokimining xizmat mashinasida 5 yashar bola urib yuborilgani ma’lum bo‘ldi
Jabrlanuvchi yo‘l-transport hodisasi oqibatida jiddiy jarohatlanmagani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, voqea 7 oktabr kuni sodir bo‘lgan. Namangan viloyati hokimligi tasarrufidagi Toyota Land Cruiser rusumli avtomashina (davlat raqami 50 010 DAV) Namangan-Uychi-Uchqo‘rg‘on yo‘lining 8-kilometrida yo‘lni kesib o‘tayotgan, 2017 yilda tug‘ilgan fuqaroni turtib yuborgan.
Viloyat hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, bolakay zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Tibbiy tekshiruvlar natijasida jabrlanuvchida jiddiy shikastlanish aniqlanmagani, faqatgina yuz sohasida shilinish bo‘lgani, qo‘shimcha davolanish talab etilmasligi aytilmoqda. Bolaga shifoxonada tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
“Hozirda yo‘lovchining ahvoli yaxshi va o‘zining uyida odatdagi hayotiy faoliyatini davom ettirmoqda”, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha barcha hujjatlar IIB tomonidan rasmiylashtirilgan. Biroq ushbu YTH haqida shu paytgacha na IIV, YHXB va na viloyat IIB, YHXB tomonidan rasmiy xabar berilgan.
Viloyat IIB, YHXB axborot xizmati rahbari Erkin Sattorov Daryo.uz nashri muxbiri bilan muloqotda jamoatchilikdan sir tutilgan hodisa chindan ro‘y berganini tasdiqlagan, biroq YTH tafsilotlarini ochiqlay olmasligini ma’lum qilgan.
“Ha, voqea sodir bo‘lgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati voqea haqida batafsil ma’lumot berishini bildirgan. Shu bois biz bu haqda axborot bermadik. Hozir ham sizga voqea tafsilotlarini ochiqlay olmayman”, – deya ta’kidlagan mutasaddi.
Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi Farhod Mamadaliyev Daryo.uz’ga bergan intervyusida YTH vaqtida Shavkat Abdurazzoqov mashinada bo‘lmaganini bildirgan.
“Holatdan batafsil xabarim yo‘q. Voqea viloyatning Uychi tumani yo‘lida sodir bo‘lgan. Menga berilgan ma’lumotga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchiga sekin urilgan. Shu zahoti haydovchi uni shifoxonaga olib borgan va to‘liq tekshiruvdan o‘tkazgan. Yo‘lovchida hech qanday sinish, chiqish kabi jarohatlar kuzatilmagan. Ayni paytda u soppa-sog‘”, degan Farhod Mamadaliyev.
O‘zbekistonda hokimliklarga tegishli avtomobillar YTH sodir etishi tez-tez kuzatilib turadi.
Shu yilning avgustida Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari xizmat mashinasida 49 yoshli fuqaroni urib ketgani, jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan bo‘lsa-da, tergov natijasi jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.
1 iyun kuni Mirishkor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Toshkentga ketayotib, Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan YTHda vafot etgandi.
O‘tgan yili Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimining Captiva rusumli xizmat avtomashinasida 60 yoshli Sherali Jumaqulov urib yuborilgan, fuqaro voqea joyida vafot etgandi. Tuman hokimligi mazkur avtomashinani yangisiga almashtirishni ko‘zlagan. Viloyat IIB xabarida dastlabki tergov harakatlari davomida xizmat avtomobili tuman hokimining birinchi o‘rinbosariga biriktirilgan avtomashina haydovchisi Rahim Jo‘rayevga boshqarish uchun tegishli hujjatlar asosida topshirilgani va hodisa kuni aynan u avtomashinani boshqargani aytilgandi.
O‘tgan yili Kun.uz Namangan viloyati Chust tumani hokimligining xizmat mashinalarida sodir etilgan, lekin jarimasi to‘lanmagan qoidabuzarliklar soni 30tadan oshib ketgani haqida, YPX hokimlikning mashinalarini jarimaga maydoniga qo‘yolmayotgani haqida yozgandi. Shundan keyin hokimlik mashinalari jarima maydoniga joylashtirilgandi.
Mavzuga oid
16:19
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
08:12
Toshkentda uchta avtomashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
07:34 / 23.12.2024
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
14:21 / 21.12.2024