«Xodimlarni xursand qilish uchun ishlaydigan alohida mutaxassislar bor» - Google’dagi o‘zbeklar bilan suhbat
Shu darajaga yetib keldikki, ba’zan hayotimizni «gugllash»siz tasavvur ham qilolmaymiz. Nomdor kompaniyada o‘zbeklar ham ishlamoqda. Dasturchi-muhandis Nodir Nazarov va ma’lumotlar tahlilchisi Saidakbar Pardayev Kun.uz’ga Amerika va Google’dagi hayot, qanday ishga kirish mumkinligi, kompaniyadagi vazifalar va uning boshqa qiziq jihatlari haqida gapirib berishdi.
Qahramonlarimizdan biri Nodir Nazarov 1987 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U Google Cloud Security’da dasturchi-muhandis sifatida ishlab kelyapti. Bungacha «Ebay», «Oracle» kabi kompaniyalarda ishlagan.
Yana bir qahramonimiz Saidakbar Pardayev esa Google’ning reklama guruhida ma’lumotlar tahlilchisi sifatida faoliyat yuritadi.
«Reklamalarning ishonchliligiga javob beraman» — Saidakbar Pardayev
Amerikaga 2017 yilda kelganman. Google’da ishlayotganimga 5 oydan oshdi. Google adds, ya’ni reklamalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan guruhda ishlayman. Deylik, biror ko‘ylak «Nike» brendi ostida reklama qilinayotgan bo‘lsa, o‘sha reklamani joylashdan avval biz u kiyim haqiqatan shu kompaniyaga tegishli yoki yo‘qligini aniqlaymiz, ya’ni reklamaning xavfsizligiga javob beramiz.
«Google’da resurslarni boshqarish ustida ishlayman» — Nodir Nazarov
Asosiy vazifamiz foydalanuvchilarning ma’lumotlari, ya’ni resurslarni kim boshqara olishi ustida ishlash. Masalan, Google docs, Google sheets kabi dasturlar bor — kirganingizda login, parol so‘raydi yoki siz yaratgan biror hujjatni boshqalar bilan bo‘lishasiz, siz xohlagan odam uni ko‘rib, o‘zgartira olishi mumkin. Shu kabi bir nechta amaliyotni boshqaramiz.
«Silikon vodiysida guruh bilan ishlash juda muhim ko‘rsatkich» — Saidakbar Pardayev
«Uber»dan taklif tushgach u yerda ishlay boshlaganimdan keyin sanoatda ishlatiladigan ko‘p texnikalar, texnologiyalarni boshqarish bilan birga boshqa guruhlar bilan qanday ishlash mumkinligini o‘rganganman. Silikon vodiysida boshqa guruhlar bilan qanday ishlash eng zarur ko‘rsatkich hisoblanadi. Chunki mutaxassis o‘zi qanchalik yaxshi ishlamasin, boshqalar bilan ishlay olmasa, qiynalib qoladi. 2,5 yil davomida «Uber» katta tajriba bo‘ldi, biroq unchalik o‘sish bo‘lmagani uchun boshqa ishlarga topshirishni boshladim, 7–8 kompaniyada intervyu bo‘ldi, 4tacha kompaniyadan taklif bo‘ldi. Google’ning imkoniyatlari yaxshi bo‘lgani uchun shunda to‘xtaldim.
«Google’gacha uzoq yo‘lni bosib o‘tganman» — Nodir Nazarov
Google’gacha bo‘lgan yo‘lim uzoqroq bo‘lgan. 2013 yil AQShda birinchi ishimni boshlagan bo‘lsam, 2021 yil Google kompaniyasiga kirdim. Orada 8 yil bor — bu o‘rtada katta kompaniyalarda ishladim, ammo Google o‘z nomi bilan Google, ishga kirish jarayonlari ham farq qiladi. Boshida katta kompaniyalarga ishga kirish mashaqqatli ishdek ko‘ringan, Silikon vodiysiga kelish uchun birinchi bo‘lib «Ebay»ga ishga kirganman.
Google kabi fan kompaniyalarga ishga kirishdagi intervyu jarayoni boshqa kompaniyalardan farq qiladi — masalan, boshqa kichikroq kompaniyalarga boradigan bo‘lsangiz, og‘zaki savol-javoblar bo‘ladi, kamdan kam hollarda yozma ravishda savollarga javob berasiz, lekin Google’dagi ishga qabul qilish juda murakkab. Buning uchun sizdan murakkab algoritmik bilimlar talab qilinadi, bundan tashqari guruh bilan ishlash, ziddiyatli holatlarda qanday yo‘l tutishingizni aniqlash uchun turli intervyular bo‘ladi. Kompaniya va ishga topshirayotgan guruhga siz qanchalik mosligingizni tekshirish uchun odatda texnik bo‘lmagan savollar beriladi. Ya’ni, sizga ma’lum bir vaziyatda qanday yo‘l tutishingiz so‘raladi. Ba’zan juda noqulay savollar kelib qoladi (bu Google’da emas-u, Amazonʼga topshirganimda berilgan). Aytaylik, ish jarayonida qaysidir hamkasbingiz ishini qilmasdan, o‘yin o‘ynab yoki kino ko‘rib o‘tiribdi, shu vaziyatda qanaqa yo‘l tutgan bo‘lar edingiz degan savol berilgan. Javob berish qiyin bo‘lgan, chunki aynan shu holatga avval ishlagan joyimda duch kelganman, biroq uning o‘ziga yoki boshliqqa hech narsa demaganman va shu sababli vijdonimga qarshi borib savolga javob bera olmaganman. Intervyuning algoritmik savollariga javob bergan taqdirimda ham texnik bo‘lmagan savollarga javob berolmaganim uchun taklif ololmaganman. Ya’ni siz faqat o‘zingizning ishingizni yaxshi bajarishingiz emas, jamoa bo‘lib boshqalarga yordam berishingiz ham muhim.
«Jozibador rezyume juda muhim» — Saidakbar Pardayev
Google ish tajribasiga qaraydi. Undan ham oldin sizda yaxshi rezyume bo‘lishi kerak. Qanchalik ko‘p tajribaga ega bo‘lsa, qayerda o‘qigani va baholari ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Rezyumengiz yoqsa, sizga qo‘ng‘iroq qilib suhbatga chaqiradi. Suhbatda qanday imkoniyatlarga ega ekaningizga amin bo‘lgach, intervyu tashkil qilinadi.
«Xodimlarni xursand qilish haqida bosh qotiradigan alohida mutaxassislar bor» — Nodir Nazarov
Ko‘pchilik Google’da ishlashga intilishining asosiy sababi — undagi atmosfera. Ish va hayot muvozanatini saqlashga yordam beradi. Yaqinda o‘zim farzandli bo‘ldim va otalarga beriladigan 18 haftalik ta’til berishdi. Undan tashqari, kasal bo‘lib qolsangiz yoki o‘zingizni yomon his qilsangiz ishga kelmasligingiz mumkin. Google’da maxsus soha vakillari bor: ular xodimlarni qanday xursand qilish ustida ishlaydi. Har bir binoda, qavatda kichik oshxonada turli yeguliklar va ichimliklar bor. Sog‘lom meva-sabzavotlar, tuxum-sut mahsulotlari olishga osonroq joylarga qo‘yilgan, maqsad — ishchilar sog‘lom ovqatlarni olishi oson bo‘lsin. Nosog‘lom mahsulotlar, shakar va uglevodlarga boy yeguliklar olish qiyin yoki noqulay bo‘lgan joylarga yashirilgan bo‘ladi, masalan, tortmalarda. Ishonch bilan ayta olamanki, Google ishlash uchun atmosferasi zo‘r bo‘lgan kompaniyalardan biri.
«Nega istalmagan reklamalarga uchraymiz?» — Saidakbar Pardayev
Reklamalar juda katta yo‘nalish hisoblanadi. Faqat qidiruvdagi reklamalardan tashqari, Google boshqa platformalarga chiqadigan reklamalarni ham qabul qiladi, masalan YouTube’da chiqadigan video reklamalar va qaysidir saytlarda Google ads deb chiqadigan reklamalar.
Hamkorlik asosida reklama joylashtirish uchun Google xaridorlar bilan shartnoma tuzadi. Shunga qaramasdan biz xohlamagan reklamalarni ham ko‘rib qolishimiz mumkin, ba’zan reklama qo‘yadigan xaridorlar biz topgunimizcha qisqa muddatga reklamani joylashtirishga ulguradi. Biroq qisqa muddat bo‘lsa ham u ko‘pchilikda ko‘rinib qoladi, biz shu narsalarning oldini olishga harakat qilamiz. Bunday xaridorlar keyinchalik profil ochib reklama qo‘yishi taqiqlanadi, tizimdan chiqarib tashlanib, bloklanadi.
«Boshida oylikni ko‘rib, katta pul berarkan deb o‘ylaganman, ammo…» — Nodir Nazarov
Xodimning yillik daromadi 150 ming dollardan 1 million dollargacha bo‘lishi mumkin. Albatta bu hammasi sizning ish joyingiz va qaysi shtatda yashashingizga bog‘liq. Men eng qimmat shtatda turaman, maosh ham shunga yarasha bo‘ladi. Ammo mening lavozimimga teng darajadagi boshqa shtatlarda yashaydigan dasturchilarning maoshi 15-20 foizga kamroq bo‘ladi. Bu narsani qiziqqanlarga doim aytganman, internetda qaysi joyda qaysi darajadagi ishlarga qancha maosh to‘lanishini ochiq ko‘rsatadigan saytlar bor. O‘zim bu ma’lumotlarni ko‘pincha aytmayman.
Yillik daromadlarni aytganda bir narsani hisobga olish kerak. 150-200 ming dollar atrofidagi raqamlar soliqlardan oldingi raqamlar. Soliqlar katta. 200 ming dollar yillik daromad bo‘lsa, katta qismi oylik va qolgan qismi kompaniya aksiyalari va turli bonus ko‘rinishida beriladi, shuningdek, 35-40 foizgacha soliqlar olinadi. Birinchi oyliklarni ko‘rib katta pul berarkan, 12 oyga bo‘lsa, shuncha chiqarkan deb o‘zimcha hisob-kitob qilganman. Yo‘q, ishga kirib ko‘rganmanki, bu raqamlar ancha pasayib ketarkan.
«O‘zbekistonda ma’lumotlar tahlili sohasini rivojlantirmoqchiman» — Saidakbar Pardayev
Amerikaga kelishdan oldin, elchixonada savol berishgan: borishingdan maqsad nima, qaytib kelganingda nima qilmoqchisan? O‘zimni yo‘nalishimni O‘zbekistonda ham rivojlantirmoqchiman deganman. Ma’lumotlar tahlili, ma’lumotlarni qayta ishlash, ulardan to‘g‘ri xulosalar chiqarish bo‘yicha bo‘yicha kompaniya ochib O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishni rivojlantirmoqchiman degan edim, haligacha ham o‘sha g‘oyam bor. Bu sohani rivojlantirib ko‘proq mutaxassislar yetishtirib chiqarish niyatim bor. Data science qanaqadir qaror qabul qilmoqchi bo‘lsangiz, kichik kompaniya miqyosida ham, butun davlat miqyosida ham to‘liq ma’lumotga ega bo‘lgandan keyin to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.
«O‘zbekistonda katta loyiha boshlayapmiz» — Nodir Nazarov
Hozircha ochiqlay olmayman, ammo aniq rejalarim bor. O‘zbekistonga, vatandoshlarimga beradigan yordamim tajribamdan kelib chiqib yosh dasturchilarni tayyorlash bo‘ladi. To‘g‘ri, hozir yosh dasturchilar juda ko‘p, ammo asosiy muammo ularni ish bilan ta’minlash. Hozir O‘zbekistondagi dasturchilar bilan ish olib boryapman: yosh dasturchilarga sohani o‘rgatish, savollariga javob berish, ularni ishga joylashtirish uchun shunaqa bir platforma tashkil qilyapmiz. O‘zim yoqtirgan ish — o‘rgatish, ta’lim berishni vatanga qaytganimda davom ettirish niyatim bor.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: G‘iyos Safarov.
Mavzuga oid
17:12 / 20.12.2024
Google qidiruvida «Kalmar o‘yini»ni o‘ynash imkoniyati paydo bo‘ldi
16:42 / 16.12.2024
Google yil davomida eng ko‘p qidirilgan mavzularni e’lon qildi
23:20 / 10.12.2024
Google Willow nomli yangi kvant protsessorni taqdim etdi
00:51 / 04.12.2024