O‘zbekiston | 18:52 / 28.10.2022
15083
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident borgan mahallaga 31 kilometrdan suv olib kelindi

Davlat rahbari 2021 yil 18-19 fevral kunlari Namangan shahridagi Bunyodkor mahallasiga borgan edi. Bu mahallaga 31 kilometr uzoqlikdan toza ichimlik suvi olib kelindi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida, Namangan shahrining Yangi Namangan tumani Bunyodkor mahallasi hududida bo‘lgan edi. Mahallada muammolar yig‘ilib qolgani, mutasaddilar e’tiboridan chetda qolgani sababli o‘sha paytdagi Namangan shahar hokimi ishdan olingandi.

Mahalla hududida eng katta muammo ichimlik suvi hisoblangan. Aholiga ichimlik suvi maxsus mashinalarda yetkazib berilar edi.

Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanining “Buloqboshi” qishlog‘idagi yerosti suv manbalaridan foydalangan holda, Bunyodkor mahallasini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar qilingan. 8 ta tik quduq qazilib, “Yoshlik” suv taqsimlash inshootigacha jami 22,1 km D-700 mm diametrli quvurlar yotqizilgan.

“Yoshlik” suv taqsimlash inshootida esa har birining hajmi 5000 m3 bo‘lgan 2 ta toza ichimlik suvni saqlash hovuzi qurilgan. “Yoshlik” suv taqsimlash inshootidan mahallaga kirib boruvchi inshootgacha esa 9 km diametri D-500 mm bo‘lgan asosiy tarmoq tortilgan.

“Bunyodkor” va “Saxovat” mahallalaridagi 3,3 mingdan ortiq xonadonlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida, jami 202,9 km ichki tarmoq tushirilgan.

Bugungi kunda, mazkur loyiha doirasida, nafaqat Bunyodkor va Saxovat mahallalarida istiqomat qiluvchi 16 ming nafardan ortiq aholi, qolaversa, Yangi Namangan tumanining Mustaqillik 5 yilligi, Yoshlik, Axsikent, Mehnatobod, Mingterak, Tinchlik va Oromgoh mahallalaridagi 43 mingdan ortiq aholi ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Mavzuga oid