Iqtisodiyot | 18:00 / 01.11.2022
56011
9 daqiqa o‘qiladi

DSQning yangi talabi ortidan QR-kod orqali to‘lovlar imkoniyati cheklanib qoldi. Bunga reaksiya qanday bo‘lmoqda?

1 noyabrdan boshlab O‘zbekistondagi do‘konlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida Click, Payme, Apelsin kabi to‘lov tizimlari orqali QR-koddan foydalangan holda to‘lov qilib bo‘lmay qoldi. Davlat soliq qo‘mitasi to‘lov tizimlaridan ham elektron chek talab qilmoqda. Faollar bu amaliyotning foydasidan zarari ko‘proq bo‘lishidan xavotirda.

Foto: Depositphotos

O‘zbekistondagi bir qator to‘lov tizimlari bugun, 1 noyabrdan boshlab QR-kod orqali to‘lovlar va boshqa bir nechta xizmatlarini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi.

Soliq qo‘mitasining barcha cheklarni fiskallashtirish talabi va sanksiyalar tahdidi ortidan, to‘lov tizimlari texnik ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri kelyapti.

Bu – chakana savdoda xaridorlar va servis xizmatlari mijozlariga noqulaylik keltirib chiqaryapti. Faollar Soliq qo‘mitasining harakatini tanqid qilmoqda. Qo‘mita keshbek yig‘uvchi fuqarolar manfaatini ko‘zlab shunday qilganini bildirdi.

Ayrim tadbirkorlar faqat naqd pulda ishlashga majbur bo‘lib qoldi

1 noyabr kuni QR-kodli to‘lovlar to‘xtatilgani haqida Click, Payme va Apelsin to‘lov tizimlari hamda Korzinka, Evos kabi savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari xabar berishdi.

Ayni paytda, qator internet-do‘konlar va yetkazib berish xizmatlari faqat naqd pul yoki kartadan kartaga pul o‘tkazmalari orqali ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda (yuzlab kurerlarning hammasini terminal bilan ta’minlab chiqish imkonsiz).

Payme bayonotida aytilishicha, Davlat soliq qo‘mitasi barcha to‘lovlarni fiskallashtirishni talab qilyapti.

“2022 yil 1 noyabrdan Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan onlayn kassa mashinalari, to‘lov tashkilotlari va fiskal ma’lumotlar operatori o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik sxemasi kuchga kiradi hamda tasdiqlangan o‘zaro hamkorlik sxemasidan chetga og‘ishlar soliq organlari tomonidan sanksiyalar qo‘llanishiga olib keladi.

Ushbu vaziyat tufayli bizning jamoamiz shoshilinch ravishda texnik ishlarni amalga oshirishi va quyidagi xizmatlarni vaqtincha o‘chirib turishi talab etiladi: joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, Payme Go, Telegram-kanallardagi to‘lov va ba’zi boshqa to‘lovlar”, – deyiladi to‘lov tizimi axborotida.

Payme bu funksiyalar “imkon qadar tezroq” ishga tushirilishini ta’kidlagan va noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Marketpleyslar va to‘lov tizimlarining soliq bazasi bilan integratsiyasi

Davlat soliq qo‘mitasi masala yuzasidan uchta izoh e’lon qildi: marketpleyslar bo‘yicha, to‘lov tizimlari bo‘yicha va uchinchisi – “oddiy tushuntirish”.

Qo‘mitaga ko‘ra, tovar va xizmatlarini elektron tijorat platformalari (marketpleys) orqali sotuvchi tadbirkorlar uchun savdo operatsiyasini elektron shaklda soliq organiga yuborgan holda, fiskal belgili chekni to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn rejimda shakllantirish imkoni yaratilgan. Shuningdek, Davlat reyestriga kiritilmagan marketpleysdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘lov tizimlarini esa onlayn-NKMga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga 2022 yil mart oyidan integratsiyalash talabi o‘rnatilgan. Bu talab ijrosi yuzasidan mart oyidan beri to‘lov tashkilotlari bilan 12 marta uchrashuv o‘tkazilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, aholi bilan hisob-kitoblarni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirganda, elektron fiskal chek berilishi kerak. Buni ta’minlash uchun hozirda mavjud 48 ta elektron to‘lov tashkilotidan 25 tasi fiskal ma’lumotlar operatoriga integratsiyani to‘liq yakunlagan.

“Aytish joizki, hozirgi kunda xaridlar uchun to‘lovlarni aksariyat hollarda P2P qilish (kartadan kartaga o‘tkazish) kuzatilmoqda”, – deya o‘z qarorini izohlagan DSQ.

Qo‘mita biroz vaqt o‘tib e’lon qilgan “oddiy tushuntirish”da shunday deyiladi:

“Fuqarolar, ya’ni Siz va biz xaridni amalga oshirganimizda chek olishimiz va ushbu xaridning 1 foizini keshbek qilib qaytarib olishimiz lozim. Bu – qonuniy huquqimiz!

Shunday ekan, mobil ilovalar orqali to‘laganda chek ham shu ilovada berilishi kerak-da. Elektron chek uchun esa keshbek avtomat hisoblanadi.

Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan fiskal belgili chek berilishini talab qilish bu normal holat va to‘g‘ri qabul qilinishi kerak deb hisoblaymiz”.

“O‘zidan tushovi qimmatga aylanmasa go‘rga edi”

Davletovuz Telegram-kanalining yozishicha, QR-kod orqali to‘lovlar tadbirkorlar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishning eng arzon imkoniyat edi.

“Chunki hech qanday xarajatga olib kelmagan – to‘lov tizimiga ulanib, printerda QR-kodni chiqarib qo‘yib, naqdsiz to‘lovlarni qabul qilsa bo‘lardi. Naqd puldan qochish uchun yaxshi imkoniyat edi, endi yana tadbirkorga ortiqcha xarajat, iste’molchiga jabr.

Go‘yoki yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘lida tanlangan ushbu chora Davlat soliq qo‘mitasining “qonun talablari asosida ishlashimiz kerak”, degan aqlli bayonotlari bilan xaspo‘shlansa kerak.

Yana onlayn xizmatlar, onlayn to‘lovlar tizimi rivoji zarar ko‘radi, odamlar o‘z-o‘zidan naqd pul bilan muomala qilishga o‘tadi, bir-ikki “aqllining tashabbuslari”ni deb shuncha ish bir joyga tiqiladi. O‘zidan tushovi qimmatga aylanmasa go‘rga edi”, – deya yozgan bloger.

“QR-kod orqali to‘lov o‘rnini kartadan kartaga o‘tkazish yoki shunchaki naqd pul egallashi mumkin”

Asaxiy.uz marketpleysi asoschisi Firuz Allayev DSQning bu talabi “yana bir noqulaylik” keltirib chiqarishini aytdi.

“Sotuvchidan chek talab qilinishini tushunaman. Shu uchun ham bizdan soliq bazasi bilan integratsiya talab qilishganda, qonun talabini bajardik. Biz internet-do‘kon sifatida soliq bazasi bilan integratsiya qildik va endi Asaxiy orqali qilingan har bir buyurtmaga soliq o‘zi elektron chek jo‘natadi.

Sotuvchidan chek talab qilinishi, har bir sotuv soliq tomonidan hisobga olinishini tushunaman. Lekin, to‘lov tizimi shunchaki to‘lov qabul qiladigan vositadir. Terminal yoki naqd pul qanday vosita bӯlsa, to‘lov tizimi ham to‘lov qabul qilish uchun vosita. Ular mahsulot sotishmaydi, shunchaki pulni sotuvchiga yechib berishadi, ya’ni virtual terminal rolini o‘ynashadi. Bu holatda ulardan ham chek talab qilinishi yana bir noqulaylik, xolos.

Umumiy summaga sotuvchi chek berganining o‘zi yetarli bo‘lishi kerak. To‘lov tizimi olgan komissiyasidan solig‘ini to‘lasin, lekin bu ishlashni murakkablashtirmasin. Hozirgi holat soliqdan qochishni yanada kuchaytiradi deb qo‘rqaman. QR-kod orqali to‘lov o‘rnini kartadan kartaga o‘tkazish yoki shunchaki naqd pul egallashi mumkin”, – deya yozdi Firuz Allayev.

Sanksiyalar

Davlat soliq qo‘mitasining eslatishicha, agar tadbirkorlar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartiblarni buzsa:

  • Soliq kodeksining 227-1-moddasiga asosan moliyaviy sanksiya;
  • MJtKning 175-moddasi 6-qismiga asosan ma’muriy jarima bilan jazolanadi.

MJtKning 175-moddasi 6-qismiga ko‘ra, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash va soliq organlariga tegishli axborot berish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish – mansabdor shaxslarga BHMning 100 baravari (!) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

E’tiborlisi, bu norma kodeksning ruscha talqinida mavjud emas. Ya’ni Lex.uz saytidagi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ruscha talqinini ko‘rgan fuqaro soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik yo‘q degan xulosaga kelishi mumkin.

Mavzuga oid