«O‘zligimni juda kech anglaganman» - qo‘shni xolaning hikoyasi
«O‘z uyim bo‘lishi xayolimga ham kelmagan. Bir kichkina uyning maketini olib, «Mavjuda hoji onaning uyi» deb yozdim-da deraza tokchasiga qo‘yib qo‘ydim. Oradan yillar o‘tib, mana, o‘sha orzumga erishdim», deya hikoya qiladi qashqadaryolik qo‘shni ayol.
Bir yilcha avval ijara uyimga bir qo‘limda og‘ir yuk, bir qo‘limda bolam bilan yetib keldim. Eshik qulf ekan. Uy egasiga qo‘ng‘iroq qildim. Farzandidan yarim soatda kalitni berib yuborishini aytdi.
Qishning kunida yosh bolani yarim soat sovuqda ko‘tarib turish azob, shamollab qolmasin deb qo‘rqadi odam. Singlim ikkimiz yuklarni eshik oldiga qo‘yib, farzandimni bag‘rimga bosib tursam, to‘rtinchi qavatdan bir onaxon tushib keldi:
«Assalomu alaykum. Bu yerda nima qilib o‘tiribsizlar?»
Mehribonlik bilan berilgan bu savol o‘sha damda «Zumrad va Qimmat» ertagidagi sehrgar momoni eslatib yubordi. Salom berib vaziyatni tushuntirdik.
«Bu yerda o‘tirmanglar, qani turinglar, menikiga kiramiz», — deb qo‘yarda qo‘ymay uyiga boshladi.
Onaxon bir zumda oldimizga dasturxon yozib, uni noz-ne’matlar bilan to‘ldirib tashladi. Saylovga ketayotganini, yarim soatlarda o‘zi ham qaytishini, o‘z uyimizdek choy ichib o‘tirishimizni aytib chiqib ketdi.
Uyda bizdan boshqa hech kim yo‘q. Men singlimga, singlim menga qaraydi. Tavba, hozir ham shunday odamlar bor ekan-da, deymiz. Bir o‘ylang-a, kim tanimagan, bilmagan odamini uyiga olib kiradi? Mehmon qilib, uyini ochiq qoldirib chiqib ketadi?
Shu bo‘ldi-yu, qo‘shni xola bilan bordi-keldi qiladigan bo‘ldik. Tansiq taom qilganda ilinmasak ko‘ngil joyiga tushmaydi. Men uchun qo‘shni xolaga aylangan Mavjuda opa juda kamtar ekan.
«Barchamiz musulmon bo‘lsak, bir-birimizga kerak vaqtda yaramasak, e’tiqodimiz qayga ketadi», — deydi.
Bugun so‘zimiz so‘zimizga ulanib, asli Qashqadaryodan bo‘lgan qo‘shni xolamning poytaxtga kelib qolish tarixiga qiziqdim. Gapni gap ochadi, deganlaridek, gurungimiz mavzusi borib ota-onalariga taqaldi.
«O‘qiganimda hokim bo‘lardim»
Maktabda bizga ateizm darslari o‘tilardi. Xudo yo‘q, derdi o‘qituvchilarmiz. Bola emasmizmi, shunga ishonganmiz. Uyga kelib onamga maktabda o‘rgangan gapimni aytsam, tez tavba qil, deb kalimai shahodatni ayttirardilar.
Onam besh vaqt ibodatini ham, ishini ham qo‘ymaydigan ayol edi. Bobomning uch o‘g‘il bir qizlari bo‘lgan ekan. Doim onamni yelkalariga mindirib, amakilari bilan kurash tushirtirib yurgan ekanlar. Bobom kelbatli inson edi. Doim eshak minib yurardi. Onam bitta qiz emasmi, biznikiga tez-tez kelardi.
Eshagidan tushmasdan «nimang bor?», der edi onamga. Suyuq ovqat ichmas edi. Onam darrov bir tansiq taomga unnardi. Bobom «bo‘lmasa kerakmas, urinma», deb ketishga shaylansa shartta anorni olib ezardi-da, suvini piyolaga siqib tutardi. Eshagidan tushmasdan anor suvini simirgan bobom bay-bay deya, dimog‘i chog‘ bo‘lib, yo‘lida davom etardi.
Onam sut olib kelib qatiq qilib ivitardi-da, sotib kelardi. Sigir olganimizdan keyin kuvi pishadigan bo‘lgandi. Anorlarni uzib bozorga eltib sotardi. O‘rniga ro‘zg‘or uchun kerakligini ko‘tarib kelardi. Ko‘katlarni xil-xili bilan ekib, ularni ham bozorga olib chiqardi. Tinim bilganini hech eslolmayman. Tikuvchilik ham qilib ketaverardi. Choponlarni shunday ustalik bilan tikib tashlardi, o‘ylanib ham o‘tirmasdi.
Onamning yana bir odati bor edi. Orqadan gapirish, g‘iybat qilish nimaligini bilmasdi, kimning aybi bo‘lsa shart yuziga aytib ketaverardi. Shijoatini ko‘rib ot hurkardi. Eh, o‘qimaganman-da, derdi onam. O‘qiganimda edi, kamida Qamashiga hokim bo‘lardim, bu shijoatim bilan Qashqadaryoning hokimligini ham eplagan bo‘lardim, derdi hazil bilan.
Sakkiz farzand bo‘lsak, bittamiz ham onamga o‘xshamadik. O‘zlari ham senlar menga tortmading, deb qo‘yardilar ba’zida. Otam o‘qituvchi edi. Ziyoli bo‘lgani uchunmi, onamni juda hurmat qilardi. Onam ham otamning xizmatini joyiga qo‘yardi. Otam akalarimni ham shunga o‘rgatdi. Oilada ayollarga hurmat bilan muomalada bo‘linardi.
Bir-birimizdan baxt topolmadik
Ota-onaning davrida o‘qish boshqachada. Otam barchamizni o‘qitdi. Hammamiz oliy ma’lumotli bo‘ldik. Bir akam direktor, bir ukam fermer, xullas, hammamiz hayotda o‘rnimizni topdik. Men ham moliyani tamomlab, ancha yil davlat korxonalarida ishladim.
U paytlar davlat ishida o‘zbek ayollari oz edi. Hamkasblarim asosan tatar, rus, ukrainlar bo‘lgan. Ishda tashkilotchi edim. Hamkasb dugonalarim bilan u yoq bu yoqqa, bir-birimiznikiga borib turardik.
Taqdir taqozosi bilan qo‘shni qishloqqa kelin bo‘lib tushdim. Qaynonam yaxshi inson edilar. 10 farzandni dunyoga keltirib, erining zulmlarini ko‘p ko‘rgan ayol edi...
Men oilamizni asrab qolishga ko‘p harakat qildim. Lekin bo‘lmadi. Erimni ayblamayman, agar o‘sha oila muhitiga yaqinroq muhitda katta bo‘lgan ayol bo‘lganda baxtli yashasharmidi...
Erim mendan, men erimdan baxt topolmadik. Kelishiga hamma ishlarni qilib, choylarni yangilab, ovqatni o‘n qayta isitib, tappi yoqib (gaz qayoqda deysiz!) uyni issiqqina qilib kutib o‘tirardim. Lekin ichkilik yomon narsa ekan. Bularning hech biri uning ko‘ziga ko‘rinmasdi.
«Xotinim eplaydi-ku!»
O‘ylab ko‘rsam o‘zim ham noto‘g‘ri qilgan ekanman. Onam ro‘zg‘orim uchun narsa berardi. Olib kelaverardim. Tug‘uruq ta’tiliga chiqib, oylik olmay qolgan vaqtlarim pirojki pishirib sotib, pul topib ro‘zg‘orimni but qilishga urinardim. Erimning o‘rtoqlari kelsa, dasturxonni to‘kin qilishga harakat qilardim. Non qolmagan vaqtlari qo‘shninikidan olib kelib bo‘lsa ham o‘rtoqlarni mehmon qilib jo‘natardim. Erimning obro‘si uchun tinim bilmasdim.
Turmush o‘rtog‘im shu tutumimga o‘rgandi. Xotinim eplaydi-ku, dedimi, ro‘zg‘orni umuman o‘ylamay qo‘ydi. Topganiga ichardi. Mastlikda nima qilayotganini bilmay urardi.
Bir yili yo‘qchilikdan juda qiynalib qoldim. Bolalarim bilan ismaloq terib yuvib tozalab qoplarga soldik. Qo‘shnim bilan birga yigirmata qopni avtobusga ortib Toshkentga sotib kelish uchun yo‘lga chiqdik. Jizzax postiga yetganimizda avtobusni to‘xtatishdi. Ismaloqlar tagidan alyuminiy ortilgan ekan. Barcha yo‘lovchilarni tushirib yuborishdi.
20 ta bahaybat qoplar bilan qo‘shnim ikkovimiz ko‘chada qolib ketganmiz. Nima qilishni bilmaymiz. Ko‘chaning u yuziga inqillab sinqillab qoplarni tashiganmiz. Boshqa avtobusga chiqib Toshkentgacha yetib olganmiz.
Yunusobod bozoriga kelib turibmiz, qani bir odam maxsulotimizni so‘rasa. Sotolmadik! Qo‘shnimning «Kadisheva» bozorida tanishi bor ekan. Keyin o‘sha yoqqa ketdik. Ikki kun deganda ismaloqlarni sotib bo‘ldik.
Ishlab topgan pulimga bir dona «Madonna» choynak va 6 dona piyola sotib olganman. Qo‘shnimning sigiri bor edi. U sut uchun idishlar olgan. Ancha paytgacha o‘sha choynakni ko‘rsam dam mehrim, dam g‘azabim kelardi. Mehnatimga olgan narsam deb quvonsam, shunga ketgan pulni topguncha qancha sarson bo‘lganimni o‘ylab g‘azabim keladi.
Ikkinchi safar kelganimda Yunusoboddagi «Turkiston» kafesida ishladim. Sahardan tun kechagacha qilgan ishim uchun kuniga 5 ming olardim. Mehmonlar ketganidan so‘ng dasturxonlarni yuvib, saharda dazmollab solib qo‘yardim. Bu ish uchun boshliq 100 so‘m pul to‘lardi. Arzimagan ish uchun tinim bilmasdim.
Kafe ro‘parasida somsaxona bo‘lardi. Ish kamayib qolgan vaqtda shu yerdan somsa olib bozorga borib sotib kelardim. Odamlarning uyiga borib tozalashga ham ulgurardim. Kechqurun stullarni birlashtirib, ustida uxlardim.
«Mayli, baxtini topsin!»
Topganimni ro‘zg‘orimni butlashga sarfladim. Lekin bo‘lmaydigan ish bo‘lmas ekan. Men bilan baxtli bo‘lmayotgan ekan, mayli baxtini topsin, deb chiqib ketdim. Hech narsa, na choynak-piyola, na ko‘rpa-to‘shak ko‘zimga ko‘rindi. Lekin erimni yomonlamayman. Shu insondan to‘rt farzandli bo‘ldim. Dunyoqarashlarimiz to‘g‘ri kelmadi xolos, deb o‘ylayman.
Ro‘zg‘or bilan bo‘lib bolalarimni o‘qitolmaganim ko‘nglimga armon bo‘ldi. Bitta-yu bitta o‘g‘limni sal katta bo‘lganidan bozorga arava tortishga qo‘ydim. Shanba bozor yaqinlashaversa o‘g‘lim arava haydagani bozorga chiqardi. Topgan puliga ro‘zg‘orga kerakli narsani olib kelardi.
Qizlarim ham shunday, kichikligidan yelkasiga ro‘zg‘or tashvishi tushdi. Ota-onam o‘qitganidek, men bolalarimni o‘qitolmadim. Yuragimdagi shu tugun hech ketmaydi. Lekin ular mendek o‘zligini tanimay o‘smadi. Qo‘limdan kelguncha hadislar o‘qib berdim. Suralar yodlatdim. Xudoga shukur, hech biri yo‘ldan ozmadi, fikri buzilmadi.
O‘zlikka qaytish
«Turkiston» kafesida ishlaganimda bir qizning namoz o‘qiganini ko‘rdim. U o‘qiganda nega men o‘qimasligim kerak, dedim o‘zimga o‘zim. Shu kundan boshlab bomdodni o‘qishni boshladim. Keyinroq besh mahal ibodat qilishga imkon topadigan bo‘ldim. Tilimdan shukronalik tushmay qo‘ydi. Shundan boshlab topganlarimga baraka kirdi.
Men o‘zimni ibodatda topdim. Ko‘ngil xotirjamligi nimaligini angladim. Payg‘ambarimiz tug‘ilgan oylarida onaxonlarga bitta ro‘mol bo‘lsa ham hadya berishga o‘rgandim. Ortiqcha pulim bo‘lmasdi. Lekin yaxshi niyat bilan nimanidir ko‘nglingga tugsang o‘zi yetkazarkan.
Balki xayrli yo‘lni ko‘rsatgandir. Shu qarorga kelishga kuch bergandir. Xullas, hamma narsamdan voz kechib bolalarimni olib chiqib ketdim. Men o‘sha uy-joydan, topgan-tutganimdan voz kechdim. Yaratgan menga undan ham xayrlisini nasib etdi.
Uy orzusi
Toshkentga kelishimiz «propiska» so‘rash kuchaygan vaqtga to‘g‘ri keldi. «Melisa»lar bir qadam tashlagani qo‘ymasdi. Na narsa sotolardik, na emin-erkin yurardik. Yarim kechasi ijara uyning eshigini qoqib kelardi. Qani, «propiska»ni ko‘rsat, derdi. Propiskasi yo‘qlarni oborib alkash, bezorilar bilan bitta kameraga qamab qo‘yardi. 75 ming to‘lov qilganimizdan so‘ng qo‘yib yuborardi.
Hukumatimizga ming rahmat, bozorlarda odamdek savdo qilyapmiz. Birov bizdan propiska so‘ramaydi. Propiskasi yo‘qlarga jinoyatchiga qaragandek qaramaydi. Ming shukur!
Ikkita kvartiradan kana balosi sabab qochib chiqqanmiz. U shunday narsa bo‘lar ekanki, kunduzi chiqmay, hamma uxlaganda chaqishni boshlarkan. Dorilasa ham o‘lmas ekan. Gilamlarim, bolalarimning hamma kiyimlarini tashlab, boshqa ijaraga uy topib chiqib ketganmiz.
Bir jizzaxlik ijarachi yigit hali bu qiyinchiliklaringiz o‘tib ketadi. O‘zingizning uyingiz bo‘ladi, deganda nahotki, mening ham uyim bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaganman. O‘shangacha o‘zimning uyim bo‘lishi xayolimga ham kelmagan. Shundan keyin bir kichkina uyning maketini olib, «Mavjuda hoji onaning uyi» deb yozdimda deraza tokchasiga qo‘yib qo‘ydim. Oradan yillar o‘tib mana o‘sha orzumga erishdim.
Uyli ham bo‘ldim, bozorda erkin savdo qilamiz, propiskamiz yo‘q deb, yurak hovuchlab yashamaymiz. O‘g‘lim elektriklik qilib va texnikalarni ta’mirlab ro‘zg‘or tebratadi. Uylantirdim. Bir qizimni uzatdim. O‘g‘lim va qizimdan ikkita nabiram bor.
Ikki qizimni ham uyli-joyli qilsam, ko‘nglim joyiga tushadi. Kichkina qizim bu yil tibbiyot texnikumiga o‘qishga kirdi. Hamma onalar qatori bolalarimning baxtini ko‘rsam deyman.
Charos Mannonova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:20 / 11.12.2024
«Otamning qadriga yetmadim» - padaridan orlangan o‘g‘ilning nadomatlari (hayotiy hikoya)
13:24 / 24.01.2024
«Bolamning bolasini ham o‘zimiz boqyapmiz» – taqdir sinovlarida yengilmagan ko‘zi ojiz insonning iztiroblari
09:00 / 27.11.2023
Oramizdagi odamlar: yarim tanadagi butun jon
12:05 / 03.11.2023