O‘zbekiston | 15:19 / 01.11.2022
7695
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi yovvoyi hayvonlarni saqlash to‘loviga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonunni qabul qildi

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar, zoologik kolleksiyalarni hisobga olib qo‘yish guvohnomasi uchun yig‘im undirilmaydi. Faqat DXA yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 10 foizi to‘lanadi.

Foto: Oliy Majlisi

1 noyabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Qonun loyihasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 18 oktyabrda ko‘rib chiqilgan birinchi o‘qilishida ayrim e’tirozlar bo‘lib, ular ikkinchi o‘qish uchun tayyorlangan loyihada inobatga olingan. Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Baxtiboy Aldamurodov ma’lumot berdi.

“Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish mobaynida spiker tomonidan qonunning 43-moddasida yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash uchun talab etilayotgan ruxsatnoma guvohnomaga o‘zgartirilishi fuqarolarga qanday yengilliklar berishi haqida fikr bildirilgan edi.

Ruxsatnoma berish jarayonida Ekoqo‘m tomonidan 2 xil to‘lov undirib kelingan. Birinchidan, yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklarni, shuningdek, zoologik kolleksiyalarni hisobga olib qo‘yganligi uchun BHM 10 foizi miqdorda pul undirib kelingan. Ikkinchidan, yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash uchun BHM 10 foizi miqdorida to‘lov undirgan.

Lekin yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash uchun BHMning 10 foizida to‘lov har bir hayvon turiga nisbatan qo‘llanib, to‘lov miqdorining hayvon turiga bir necha barobar ortib ketishi mumkinligini keltirib chiqarmoqda. Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar, shuningdek zoologik kolleksiyalarni hisobga olib qo‘yish guvohnomasi uchun yig‘im undirilmaydi. Faqat DXA yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 10 foizida to‘lov undiriladi”, – dedi qo‘mita vakili.

 

 

Mavzuga oid