O‘zbekiston | 14:17 / 01.11.2022
8359
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda qatnashganlikda gumon qilingan yana 35 kishi uyiga qaytdi

Komissiya tashabbusi bilan yaqinlari bag‘riga qaytarilgan ayblanuvchilar soni 107 nafarga yetgan.

Foto: Jo‘qorg‘i Kenges axborot xizmati

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova rahbarligidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya a’zolari taklifi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan 2022 yilning 1 noyabr kuni yana 35 nafar ayblanuvchi jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarilgan.

Foto: Jo‘qorg‘i Kenges axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, komissiya tomonidan namoyishlarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, olib ketilgan shaxslarning oila a’zolari murojaatlarini o‘rganish davomida ushbu fuqarolarning sodir etgan jinoyatidan pushaymonligi va ijtimoiy sharoiti inobatga olingan.

Foto: Jo‘qorg‘i Kenges axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 30 avgust kuni 34 nafar, 13-14 oktabr kunlari 38 nafar ayblanuvchi oilasi bag‘riga qaytarilgan edi.

Hozirga qadar komissiya tashabbusi bilan yaqinlari bag‘riga qaytarilgan ayblanuvchilar soni 107 nafarga yetgan.

Mavzuga oid