Jamiyat | 14:00 / 02.11.2022
19153
3 daqiqa o‘qiladi

“Hech kim yo‘qligida o‘lib qolamanmi deb qo‘rqaman” - sinovlar qarshisida yolg‘iz qolgan ayol o‘kinchi

Baxt va baxtsizlik bir-biriga ergashib yuradi deyishadi. Kelinlik ostonasiga qadam qo‘ygan Zuhra shirin orzularga berilib yurgan kunlarining birida qattiq shamollaydi. Ha o‘tib ketar, o‘tib ketar bilan ancha vaqt yo‘qotiladi. Oxiri shishib, ko‘zlarini ocholmay, oyog‘ini bosolmay qolganidan so‘ng turmush o‘rtog‘i shifoxonaga olib boradi.

Lekin kech bo‘lgan edi. O‘tkazib yuborilgan kasallik buyrakda asorat qoldiradi. Shifokorlar farzandli bo‘lish hayoti uchun xavfli ekanini, doim davolanib yurishi kerakligini aytishadi. Orzu-niyatlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘i esa uni sinovlar qarshisida yolg‘iz qoldiradi...

“2012 yildan beri buyragimga dializ olaman. Olmasam qon bosimim oshib ketadi, olish jarayonida esa tushib ketadi. Juda qattiq qiynalaman. Shifokorlar ikkala buyrak ham qurib boryapti, almashtirmasa bo‘lmaydi deyishdi. Shuncha yildan beri qo‘lga ilinadigan nimamiz bo‘lsa davolanishim uchun sotdik. Ota-onam nafaqada. Men ularning xizmatini qiladigan yoshda, ular menga qarash bilan ovora.

Ko‘p vaqtim shifoxonada o‘tgani uchun qishloqdan qatnashga qiynalaman. Shaharda yotoqxonada ijarada turaman. Opam, ota-onam, akalarim mendan xabar olib turishadi. Ba’zida hech kim yo‘qligida o‘lib qolsam nima bo‘ladi, deb o‘ylab qo‘rqib ketaman”, deydi ayol yoshlarini tiyolmay.

33 yoshni qarshilayotgan Zuhra hayotining besamar o‘tib ketayotganidan, farzand ko‘rolmasligidan o‘kinadi.

“Ko‘chada bola yetaklab ketayotgan ayollarni, ayniqsa tengdoshlarimni ko‘rsam, ko‘nglim boshqacha bo‘lib ketadi. Men ham farzandli bo‘lishni, bolalarimni bag‘rimga bosib erkalashni, go‘dak hidini tuyishni istayman. Ertalab turmush o‘rtog‘imni ishga kuzatsam, qaytganida ochiq chehra bilan kutib olsam, bolalarimni parvarish qilsam deyman. Lekin hozir o‘zim birovning yordamiga muhtojman. Sal yursam charchab qolaman”, deydi Zuhra o‘kinch bilan.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, buyrak alishtirish amaliyotidan so‘ng Zuhra sog‘lom hayotga qaytishi, farzandli bo‘lishi mumkin ekan. Uning eng katta orzularidan biri ota-onasining xizmatini qilib duosini olish. Bir oilaning baxtli bekasi bo‘lish. Shu bilan birga pedagogika sohasida faoliyat yuritishni maqsad qilgan.

“Pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiganman. O‘zim bolalarni juda yaxshi ko‘raman. Tuzalib ketsam, ishga kirib boshlang‘ich sinflarga dars o‘tsam, ularga ta’lim bersam deyman”.

Zuhra Ibragimovaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 2601 1650 1644 bemorning nomida

Viza: 4738 7200 5388 7877 bemorning nomida

Manzil: Navoiy viloyati, Navoiy shahri, Navoiy bo‘ylab ko‘chasi, 43-uy, 10-xonadon.

Mavzuga oid