Jahon | 20:45 / 02.11.2022
12297
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy dunyodagi eng yirik iPhone zavodini karantinga yopdi 

Koronavirus tarqalishi tufayli Xitoy hukumati dunyodagi eng yirik iPhone zavodi joylashgan Chjenchjou aeroportining iqtisodiy zonasini yopdi. 

Foto: AP

Xitoy hukumati Chjenchjou shahridagi sanoat parkini karantinga oldi. Bu hududda dunyodagi eng yirik iPhone ishlab chiqaruvchi zavod joylashgan. 

«Henan provinsiyasidagi Chjenchjou aeroporti iqtisodiy zonasi aholisi yashash joyini faqat COVID-19 testini topshirish va zarur tibbiy yordam olish maqsadida tark etishi mumkin. COVID-19 profilaktikasini o‘tkazayotgan ko‘ngillilar va zonaning asosiy xodimlari bundan mustasno», deyiladi hudud ma’muriyati bayonotida.

Hududdagi yirik iPhone zavodiga egalik qiluvchi Tayvanning Foxconn texnologik giganti o‘z xodimlariga ish o‘rnini tark etmasligi uchun 4 barobar ko‘p miqdorda mukofot va’da qilyapti. Avvalroq, ushbu zavodda koronavirus yuqtirgan odam aniqlangani haqidagi xabardan so‘ng, ishchilari karantinga olinishdan qo‘rqib, ommaviy ravishda qochib ketishgan edi. 

Mahalliy hokimiyat vakillari sanoat zonasi aholisi har kuni koronavirus uchun test topshirishi kerakligini ta’kidlamoqda. Ular «har qanday qonunbuzarliklarga qat’iy choralar ko‘rilishi» haqida ogohlantirmoqda. 

Xitoy hukumati koronavirusga qarshi «murosasiz kurash» siyosatini olib bormoqda, garchi u ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatsa-da. Koronavirus aniqlangan hollarda qishloqlar, shaharlar, savdo markazlari, zavod va fabrikalar zudlik bilan karantinga yopilyapti. 

Mavzuga oid