YuNeSKO: Jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning 90 foizi jazosiz qolmoqda
2006 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 1200 dan ortiq jurnalist yangiliklar tarqatgani va jamoatchilikka ma’lumot yetkazgani uchun o‘ldirilgan. YuNESKOning o‘ldirilgan jurnalistlar observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, har o‘n holatdan to‘qqiztasida qotillar jazosiz qolmoqda.
Hujumlar, qo‘rqitish va hatto qotillik. Butun dunyo bo‘ylab jurnalistlar har kuni o‘z ishlarini bajarish – yangiliklarni izlab topish va ma’lumotni ommaga yetkazish uchun jiddiy xavf va tahdidlarga duch kelishadi.
So‘nggi o‘n yil ichida o‘rtacha har to‘rt kunda bir jurnalistga suiqasd qilinadi. 2020 yildan 2021 yil iyun oyi oxirigacha butun dunyo bo‘ylab jami 86 nafar jurnalist o‘ldirilishi qayd etilgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, yana bir xavotirga asos bo‘luvchi tendensiya – OAVda ishlovchi ayollarga qarshi zo‘ravonlik holatlari o‘sishi bo‘lib qolmoqda.
O‘limga olib keladigan hujumlar qurbonlari orasida jurnalist ayollar nisbatan kam bo‘lsa-da, genderga asoslangan tahdidlar va ta’qiblar nishoniga aynan ayollar ko‘proq olinadi. So‘nggi yillarda bunday hujumlar sezilarli darajada oshdi.
2012 yildan 2016 yilga qadar 530 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Jurnalistlar uchun eng xavfli hududlar – Arab mamlakatlari. Asosan xalqaro jurnalistlarning o‘limi ovoza bo‘lsa-da, halok bo‘lganlarning 92 foizi – mahalliy muxbirlar. Jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning 90 foizi jazosiz qolmoqda.
Jurnalistikani himoya qilish va jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Yevropa Kengashi platformasi ma’lum qilishicha, 2021 yilda Yevropada olti nafar jurnalist o‘ldirilgan.
2006 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 1200 dan ortiq jurnalist yangiliklarni tarqatgani va jamoatchilikka ma’lumot yetkazgani uchun o‘ldirilgan. YuNESKOning o‘ldirilgan jurnalistlar observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, har o‘n holatdan to‘qqiztasida qotillar jazosiz qolmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining 2013 yil 18 dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasiga asosan, 2 noyabr sanasi dunyo miqyosida jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni deb e’lon qilindi.
Ushbu rezolyutsiya jurnalistlar va OAV xodimlariga qarshi har qanday hujum va zo‘ravonliklarni qoralaydi. Shuningdek, u a’zo davlatlarni jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, javobgarlikni ta’minlash, jurnalistlar va OAV xodimlariga nisbatan jinoyat sodir etgan aybdorlarni javobgarlikka tortish va jabrlanuvchilarning tegishli himoya vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga chaqiradi.
Bu sana 2013 yil 2 noyabrda fransuz jurnalistlari Klod Verlon va Gislen Dyuponning Malida o‘ldirilishi xotirasiga bag‘ishlangan.
Klod Verlon va Gisleyn Dyupon mahalliy siyosiy yetakchi bilan suhbatdan so‘ng o‘g‘irlab ketilgan. Tez orada ularning jasadlari shahar tashqarisidan topilgan.
Ularning o‘limidan so‘ng 2013 yilda dunyo bo‘ylab o‘ldirilgan jurnalistlar soni 42 nafarga yetdi.
BMT Xavfsizlik kengashi Mali Respublikasini «ishni tezda tergov qilish» va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Lekin aybdorlar topilmadi. Jinoyatchilar jazosiz qoldi.
Jurnalistlarga ilk suiqasd rasman 1837 yilda qayd etilgan bo‘lib, 7 noyabr kuni Parijda qullikka qarshi kurashlari bilan mashhur bo‘lgan muharrir o‘ldirilgan.
Eng oxirgi mudhish voqealardan biri 2022 yilning 3 sentabrida sodir etilgan. Las-vegaslik jurnalist Jyeff German uyi tashqarisida bir necha marta pichoqlangan. 7 sentabr kuni Klark okrugi davlat boshqaruvchisi Robert Telles Germanning qotilligida gumonlanuvchi sifatida hibsga olindi. German Tellesning idorasidagi noto‘g‘ri boshqaruv haqida tergov seriyasini yozgan va Telles o‘sha iyun oyida o‘z lavozimi uchun birlamchi saylovda mag‘lub bo‘lgan.
Mavzuga oid
12:29 / 05.12.2024
YuNESKO nomoddiy madaniy meroslar ro‘yxatini kengaytirdi
20:57 / 23.10.2024
Beruniy nomidagi YuNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi
19:16 / 04.10.2024
Toshkentdagi ikkita tarixiy mahallada art-rezidensiyalar ochildi
11:41 / 02.09.2024