Sport | 11:34 / 03.11.2022
33486
17 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» 2-o‘ringa tushirib yuborildi. YeChLda guruh bosqichi yakunlari

Chorshanba kuni Chempionlar ligasining yana to‘rt guruhida 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi va shu bilan guruh bosqichiga yakun yasaldi.

F guruhi

«Ho‘kizlar»ning qasosi va Anchelottining natijasi

Nkunkuning 2 yoshli o‘g‘li sharni  yaxshi ko‘radi. U «Shaxtyor»ga qarshi o‘yindagi golini o‘g‘liga bag‘ishladi

Shaxtyor — Leypsig 0:4
Gollar: Nkunku (10), Silva (50), Soboslai (62), Olmo (68).
Shaxtyor – Trubin, Konoplya (Teylor, 59), Matviyenko, Bondar, Mixaylichenko, Petryak, Mudrik (Totovitskiy, 74), Stepanenko, Sudakov (Jurasek, 59), Bondarenko (Kriskiv, 81), Traore (Sikan, 59). 
Leypsig – Blasvix, Simakan (Henriks, 67), Orban, Gvardiol, Raum (Halstenberg, 67), Kampl, Shlager (Diallo, 74), Soboslai (Olmo, 67), Silva, Verner (Forsberg, 19), Nkunku.
Ogohlantirishlar: Mixaylichenko (24), Teylor (66), Sikan (89).

Birinchi turda «Shaxtyor» «Leypsig»ni Germaniyada yirik hisobda mag‘lub etgan (4:1) va Domeniko Tedeskoni iste’foga jo‘natgandi. O‘shanda uch ochkoga ega bo‘lgan «konchilar» amalda asosiy raqibida ijobiy o‘zgarishlarni boshlab bergan bo‘lib chiqdi, jamoa Marko Roze boshqaruvida Chempionlar ligasining qatorasiga uch o‘yinida g‘alaba qozondi. «Real» ustidan g‘alaba nafaqat nemis klubi tarixiga kirdi, balki jamoani so‘nggi turda durang hisob ham qoniqtirishini ta’minlab berdi.

Ammo «Leypsig» bu bilan kifoyalanmaslikka qaror qildi. Nkunku ketma-ket vaziyatlar yaratdi va uchinchi urinishda Trubin darvozasini ishg‘ol etdi. «Shaxtyor» tanaffus arafasida hisobni tenglashtirishga yaqin keldi, ammo raqibga qiyin lahzalar taqdim etishdan ortig‘iga erisha olmadi. Ammo nemislar turib berishdi va ikkinchi bo‘limni ham hisobdagi ustunlik bilan boshlab, ko‘p o‘tmay bu ustunlik ikkinchi gol bilan mustahkamlandi.

Keyin Traorening mehmonlar darvozasiga hujumi ro‘y berdi, u yiqilgan vaziyat uchun videotakrordan keyin penalti qo‘yilmadi, buning ortidan Soboslai va Olmoning gollari bilan «Shaxtyor»taslim etildi. Ukrainlar Yevropa Ligasiga yo‘l oladi, «Leypsig» YeChLda ilk bor qatorasiga to‘rt g‘alabaga erishib, guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqdi.

Real — Seltik 5:1
Gollar: Modrich (6, penalti), Rodrigo (21, penalti), Asensio (51), Vinisius (61), Valverde (71) — Jota (84).
Aniq ijro etilmagan penalti: Yuranovich (35).
Real – Kurtua, Karvaxal (Vaskes, 64), Alaba (Nacho, 66), Militao (Valexo, 73), Mendi, Modrich (Sebalos, 66), Kroos, Valverde, Asensio, Vinisius (Benzema, 64), Rodrigo. 
Seltik – Hart, Yuranovich, Starfelt, Yyens, Teylor, Muy (Ternbull, 63), O`Rayli, Hatate (Abilgor, 82), Abada (Jota, 63), Furuhasi (Yakumakis, 62), Maeda (Hakshabanovich, 63).
Ogohlantirishlar: O`Rayli (20), Furuhasi (47).

Parallel kechgan uchrashuvda kutilgan o‘yin kuzatildi, guruh yetakchisi so‘nggi o‘rindan ko‘tarilish uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmagan autsayderni yirik hisobda mag‘lub etdi. O‘yin hakami Stefani Frappar birinchi bo‘limning o‘zida uchta penalti belgiladi. «Real» o‘yindan gol urilmagan vaziyatlarini to‘p ikki bor raqib qo‘lliga tegishidan keyin belgilangan 11-metrlik jarima zarbalarini aniq ijro etish bilan qopladi, Kurtua esa Yuranovich ijrosidagi penaltini qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda esa «Real» o‘zi xohlagan o‘yinni namoyish etib, didga qarab gol urdi. Yana bir bor Valverde maydondagi eng yaxshi futbolchi bo‘ldi, penalti ishlashdan tashqari Vinisiusning goliga hammualliflik qilib, o‘z golini ham nishonladi. Urugvaylik futbolchi jarima maydoni tashqarisidan urilgan gollar (5) bo‘yicha top-5 liga futbolchilari orasida yetakchilik qilmoqda, u navbatdagi aniq zarbasi bilan Messi va Kamadani ortda qoldirdi. Bu o‘yindagi yana bir e’tiborga molik voqea Benzema maydonga qaytishi bo‘ldi, u yirik hisob qayd etilgan o‘yinda gol urmagan bo‘lsa-da, o‘yin ritmini yana his qila boshladi.

Karlo Anchelottining yutug‘i borasida statistiklar turlicha fikrda. Ayrimlar murabbiyning bir g‘alabasini hisoblamaydi va uning YeChLdagi g‘alabali o‘yinlari soni 102 ta ekanini aytishadi, boshqa versiyaga ko‘ra esa italiyalik mutaxassis allaqachon 103 g‘alabali o‘yin o‘tkazgan va bu borada Aleks Fergyusonni ortda qoldirgan.

Ye guruhi

Jiruni eplab bo‘lmadi

Milan — Zalsburg 4:0
Gollar: Jiru (14, 57), Krunich (46), Messias (90+1).
Milan – Teterushanu, Kalulu (Gabbiya, 86), Ker, Tomori, Ernandes (Ballo-Ture, 78), Krunich (de Ketelare, 78), Binnosir (Pobega, 69), Tonali, Jiru, Rebich, Leau (Messias, 69). 
Zalsburg – Ken, Dedich, Sole (Bernardo, 46), Pavlovich, Veber (Ulmer, 77), Zayvald, Kergor, Suchich, Gurna-Duat (Kameri, 64), Okafor (Koyta, 77), Adamu (Sheshko, 62).
Ogohlantirishlar: Okafor (43), Gurna-Duat (61).

Chelsi — Dinamo Zagreb 2:1
Gollar: Sterling (18), Zakariyo (30) — Petkovich (7). 
Chelsi – Mendi, Aspilikueta, Kulibali (Silva, 65), Chaloba, Chiluell, Jorjino, Zakariyo (Loftus-Chik, 71), Maunt, Haverts (Gallaher, 64), Obameyang (Broya, 64), Sterling (Pulishich, 83). 
Dinamo Z – Livakovich, Muharrami, Ristovski (Emreli, 69), Perich, Shutalo, Lyubichich, Ademi (Bulat, 83), Mishich, Ivanushets, Orshich (Shpikich, 89), Petkovich (Drmich, 83).
Ogohlantirishlar: Mishich (22), Kulibali (39), Ivanushets (54), Muharrami (89).

Ushbu oqshomda yana ikki jamoa o‘zaro o‘yinda pley-off yo‘llanmasi masalasini hal qildi va bu «Shaxtyor» hamda «Leypsig» to‘qnashuvidan ko‘ra shiddatliroq kechdi. «Milan», tabiiyki faollik bilan boshladi va debyutdayoq Ernandesning xavfli zarbasi ustunga tegdi. Hujumkorlik davom etdi va burchak zarbasi ijro etilganida Jiru o‘z uslubida gol urdi, fransuz hujumchisining yana bir goli ofsayd tufayli bekor qilindi.

Bu «Zalsburg»ga o‘yinga qaytish imkonini berdi, ketma-ket xavfli zarbalar yo‘llandi, birinchi bo‘lim oxirida avstriyaliklar hisobni tenglashtirishiga bir baxya qoldi, ammo Teterushanu Adamu ijrosida yaqin masofadan yo‘llangan zarbani bartaraf etdi. Va bu burilish nuqtasi bo‘ldi, o‘yinning ikkinchi bo‘limi Krunichning goli bilan boshlandi, Rafael Leauning solo amalga oshirib, raqib jarima hududiga kirib borishi mehmonlar himoyachilarini mahliyo etdi va uning qanotdan uzatmasi Jiruning dubli bilan yakunlandi. U Junior Messiasga ham golli uzatma berdi va «San-Siro»da yana bir bor qahramonga aylanib, «Milan»ning pley-offga chiqishiga katta hissa qo‘shdi.

«Stemford Brij»da esa kutilmaganda hisobni xorvatlar ochishdi, faqat g‘alaba ular bahorda Yevropa Ligasida ishtirok etish imkonini qoldirardi. Ammo Petkovichning goliga ko‘p o‘tmay Sterling javob qaytardi, u Obameyangning tovon bilan bergan uzatmasidan unumli foydalandi, 30-daqiqaga kelib esa «Chelsi» hisobda oldinga chiqib oldi. Bu nihoyat London jamoasida debyut amalga oshirgan Zakariyoning sa’y-harakatlari bilan ro‘y berdi.

G guruhi

Yosh angliyalik Benzemaning rekordini yangiladi

Manchester Siti — Sevilya 3:1
Gollar: Lyuis (52), Alvares (73), Mahrez (83) — Mir (31). 
Manchester Siti – Ortega, Lyuis (Kanselu, 85), Laport, Diash, Gomes (Uilson-Esbrand, 70), Gundo‘g‘an (Silva, 57), Foden, Palmer (de Bryuyne, 70), Grilish (Rodri, 46), Mahrez, Alvares. 
Sevilya – Bunu, Montel, Rekik, Teysheyra (Gudel, 45), Karmona, Akunya (Telles, 46), Isko (Lamela, 57), Rakitich (Jordan, 67), Dileyni, Gomes (Suso, 46), Mir.

Kopenhagen — Borussiya D 1:1
Gollar: Haraldsson (41) — Azar (23). 
Kopenhagen – Grabara, Diks (Yyelert, 79), Vavro, Lund, Sorensen (Kristiansen, 58), Klasson (Falk, 70), Lerager, Klem, Haraldsson, Bardegji (Youhannesson, 70), Darami (Ouskarsson, 79).
Borussiya D – Kobel (Mayyer, 46), Hummels (Zyule, 46), Shlotterbek, Azar (Kulibali, 73), Jan, O‘zjan (Mukoko, 63), Reyna (Brandt, 63), Passlak, Modest, Malen, Adeyyemi.
Ogohlantirishlar: Modest (45), Vavro (47), Lerager (66), Djan (84).

Bu 5-turdan keyinoq barcha jamoalarning o‘rinlari ma’lum bo‘lib ulgurgan yagona guruh edi, shu tufayli Xosep Gvardiola boshlang‘ich tarkibda yosh Lyuisni tushirishga jazm etdi. Va bu albatta birinchi bo‘limda mag‘lubiyatga uchralishi sababi emasdi, ushbu yosh himoyachi gol urilgan vaziyatda burchakdan uzatilgan to‘pga undan boshqa tajribali himoyachilar ham sakramadi va Rafa Mirni qo‘riqlamadi, darvozada turgan Ortega ham qutqarmadi.

Lyuis o‘z so‘zini ikkinchi bo‘limda aytdi va Alvaresning uch himoyachi orasidan o‘tkazib bergan pasidan keyin to‘pni darvozaga aniq yo‘naltirdi, u bu goli bilan o‘yindagi vaziyatni o‘zgartiribgina qolmasdan, Chempionlar ligasi tarixiga ham kirdi. Bungacha hech kim boshlang‘ich tarkibdagi debyutida 17 yoshu 346 kunlik ekanida gol urmagandi, Lyuis esa Benzemaning natijasini yaxshiladi. 2005 yilda «Lion» safida YeChLda gol urgan eng yosh futbolchi bo‘lgan fransuz «Siti» himoyachisidan olti kunga katta edi.

Kopenhagendagi o‘yin shunisi bilan e’tiborli bo‘ldiki, daniyaliklar guruh turnir bosqichini golsiz tark etmaydigan bo‘lishdi. Klasson qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, ammo keyin uning uzatmasidan 19 yoshli island Haraldsson gol urdi.

N guruhi

Hayfadagi mo‘jiza

Makkabi Hayfa — Benfika 1:6
Gollar: Sheri (26, penalti) — Ramush (20), Musa (59), Grimaldo (69), R.Silva (73), Arauju (88), Mariu (90+2).
Makkabi H – Koen, Goldberg, Sek, Kornyu (Menahem, 85), Lavi, Abu-Fani, Al-Faz (Arad, 77), Meir (Atsili, 63), Sheri, David (Tshibota, 63), Perro (Rukavitsa, 77).
Benfika – Vlaxodimos, Ba, Otamendi, A.Silva (Verissimo, 88), Grimaldo, Mariu, R.Silva (Arauju, 82), Eursnes (Shikinyu, 32), Florentinu, Neres (Gonsalvesh, 82), Ramush (Musa, 32).
Ogohlantirishlar: Neres (45), Abu-Fani (85), Menaxem (89), Atsili (90).

O‘tgan turda «Yuventus»ni mag‘lubiyatga uchratgan «Benfika» bu turda ilk daqiqalardanoq turinliklar jamoasiga yordam berishga kirishdi. Portugallar birinchi daqiqadanoq tashabbusni qo‘lga olishdi va zarbalardan biri darvoza ustuniga tegdi, 20-daqiqada Gonsalu Ramushning goli bilan hisobda oldinga chiqib olishdi. Ammo ko‘p o‘tmay «burgutlar» himoyachisi qo‘liga to‘p tegishidan keyin penalti qo‘yildi va «Makkabi» hisobni tenglashtirib, ma’lum vaqtga «Yuve»ni to‘rtinchi o‘ringa tushirib yubordi.

Ammo bu uzoq davom etmadi, ikkinchi bo‘limda Musa boshi bilan aniq zarba yo‘llab, «Benfika»ning ustunligini qaytardi. Bu o‘yinda portugallar g‘alaba, imkon qadar yirik hisobdagi g‘alaba uchun o‘ynashi o‘zi uchun ham kerak edi. Jamoa Grimaldoning jarima zarbasidan urgan chiroyli gol bilan ham to‘xtamadi. O‘yin oxirida lissabonliklar o‘yinni yanada kuchaytirishdi va beshinchi gol urilganida barcha reglamentni o‘rganishga kirishib ketdi, chunki «Benfika» va «PSJ» jamoalarining ochkolari ham, to‘plar nisbati ham bir xil bo‘lib qolishi mumkin edi.

Shunday ham bo‘lib chiqdi, qo‘shib berilgan daqiqalarda YeChLning kuzgi mavsumi qahramonlaridan biri bo‘lgan Joau Mariu mezbonlar darvozasiga oltinchi golni yo‘lladi va uning zarbasi hal qiluvchi bo‘lib chiqdi. «Benfika» Parij superklubini qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga - safarda urilgan gollar soni ko‘pligi tufayli ortda qoldirdi, ammo buni tasodif deyishga shoshilmaslik kerak, Roger Shmidt boshqaruvidagi jamoa «PSJ» bilan ikki o‘yinda ham durang natija qayd etdi.

Yuventus — PSJ 1:2
Gollar: Bonuchchi (39) — Mbappe (13), Mendesh (69). 
Yuventus – Shchensni, Bonuchchi, Sandro, Gatti, Kuadrado (Barrenechea, 88), Kostich, Rabo, Lokatelli (Soule, 85), Fajoli (Barberi, 88), Miretti (Keza, 74), Milik. 
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Ramos, Markinos, Bernat (Mendesh, 68), Verratti (Pereyra, 88), Ruis (Sanshesh, 21), Soler (Ekitik, 68), Vitinya, Messi, Mbappe.
Ogohlantirishlar: Gatti (14), Milik (45), Fadjoli (76), Verratti (85).

«Yuventus» esa bu safar ham mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, kuchli raqib qarshisida ilojsiz ahvolda ko‘rinmadi. Garchi turinliklar mudofaasini supermen rejimida ostin-ustun qilgan Mbappening golidan keyin turinlik muxlislar boshidan yana bir bor sovuq suv quyiladigandek ko‘ringan bo‘lsa-da. Ammo amalda mezbonlar «PSJ»ga muammolar tug‘dirishdi, Bonuchchi esa xatosini yuvib, hisobni tenglashtirdi. Faqat Massimiliano Allegri jamoasining muammosi shundaki, «PSJ» hozirda butunlay boshqa darajada. Yakunda Nunu Mendesh raqib himoyachilaridan qochib ketib, Parijga g‘alaba keltiruvchi golni urdi. «Yuve» muxlislarini esa Yevropa Ligasiga yo‘llanmadan tashqari yanvardan buyon maydonga tushmagan Kezaning uzoq kutilgan qaytishi ham quvontirdi.

Shu tariqa guruh bosqichida qatnashgan 32 jamoadan 16 tasi pley-offga yo‘llanma oldi, 8 tasi Yevropa Ligasiga tushib ketdi, yana 8 tasi esa yevrokuboklar bilan xayrlashdi. 

1-o‘rin bilan 1/8 finalga chiqqanlar — «Napoli», «Portu», «Bavariya», «Tottenhem», «Chelsi», «Real», «Manchester Siti», «Benfika». 

2-o‘rin bilan 1/8 finalga chiqqanlar — «Liverpul», «Bryugge», «Inter», «Ayntraxt», «Milan», «Leypsig», «Borussiya» D, «PSJ».

3-o‘rinni olib, Yevropa Ligasiga yo‘l olganlar — «Ayaks», «Bayyer», «Barselona», «Sporting», «Zalsburg, «Shaxtyor», «Sevilya», «Yuventus».

Pley-off bosqichiga qur’a tashlash marosimi 7 noyabr kuni o‘tkaziladi.

Kun statistikasi

  • Guruh bosqichida Shotlandiyaning «Seltik» va «Reyndjyers» klublari jami 2 ochko jamg‘arishdi. Bu bir mamlakatning kamida ikki jamoasi to‘plagan ochkolar soni bo‘yicha eng yomon natija.
  • Kurtua «Real» darvozasiga qo‘yilgan so‘nggi 10 penaltidan 5 tasini qaytardi.
  • Valverde so‘nggi 5 o‘yinda 6 ochko (4+2) to‘pladi.
  • «Yuventus» guruh bosqichida 6 o‘yinning 5 tasida yutqazdi. Bu — turinliklar tarixidagi eng yomon natija.
  • «Milan» 9 yillik tanaffusdan so‘ng YeChL pley-offiga yo‘l oldi.
  • Jiru Chempionlar Ligasida bir o‘yinda 4 ochko (2+2) to‘plagan eng yoshi katta futbolchiga aylandi — 36 yosh 33 kunlik.
  • 37 yoshu 54 kun — «Real» yarimhimoyachisi Modrich Chempionlar ligasida penaltidan gol urgan eng yoshi katta futbolchi bo‘ldi.
  • Mbappe Chempionlar ligasida 40 gol urishga ulgurdi. «PSJ» forvardi bu natijaga 23 yosh 10 oy 13 kunlik ekanida erishib, Messining rekordini yangiladi.

Mavzuga oid