O‘zbekiston | 21:29 / 03.11.2022
8366
2 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar oliy kengashi IOJT a’zoligiga qabul qilindi 

Kanada poytaxti Ottava shahrida Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkilotining (IOJT) navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi ikki a’zosi – Xurshid Sodiqov va Husniddin Kamolov ishtirok etdi. Ular tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlari, xususan, sudyalarni tayyorlash, tanlash va tayinlashda joriy etilgan yangi tartiblar, zamonaviy axborot-texnologiyalari joriy etilishi va uning natijalari, shuningdek, sudyalar faoliyatini elektron baholash reyting dasturi hamda ularni psixologik testdan o‘tkazish amaliyoti, Sudyalar klubi faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi IOJT a’zoligiga qabul qilindi.

Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkiloti 2002 yilda butun dunyo bo‘ylab sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. 

IOJT o‘z faoliyatini xalqaro va mintaqaviy konferensiyalar, tajriba almashinuvlar orqali amalga oshiradi. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash ishlarini tashkil etish va rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilish, samarali o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish xalqaro tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishi qilib belgilangan. 

Ayni paytda 77 mamlakatning 125 ta sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga mas’ul tashkilotlar hamda ta’lim muassasalari mazkur xalqaro tashkilot a’zolari hisoblanadi. 

Mavzuga oid