O‘zbekiston | 11:11 / 04.11.2022
4517
2 daqiqa o‘qiladi

“Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish strategiyasini ishlab chiqamiz” – Senat raisi

3 noyabr kuni Samarqandda o‘z ishini boshlagan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida «Gender tenglik, yoshlar, kelajakka sarmoya» mavzusidagi panel sessiyasida Senat raisi Tanzila Norboyeva ham so‘zga chiqdi. 

Foto: senat.uz

Tadbir davomida Senat raisi O‘zbekistonda gender tengligi masalasida normativ huquqiy bazani xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish ishlari tizimli davom ettirilayotgani, gender ekspertizasidan samarali foydalanib, xotin-qizlar uchun imkoniyat va kafolatlarni yanada kengaytirish, iqtisodiy tazyiqlarning oldini olishga oid normalar tatbiq etib borilishi haqida gapirdi.

Norboyevaning qo‘shimcha qilishicha, xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga, axborot texnologiyalari, dasturlash, onlayn tijorat qilish sohalarida o‘qitish, bu sohada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun imkoniyatlar yaratish masalalariga e’tibor qaratish kerak.

«Umuman olganda, davlat mutasaddi tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, faol jamoatchilik – barchamiz sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, ayollarimizning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish strategiyasini ishlab chiqishimiz va uni ro‘yobga chiqarishimiz zarur. Barcha hamkorlarimiz, jamiyatimiz faollarining sohadagi tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini, bu borada yangi loyiha va tashabbuslarini ilgari surishda qo‘llaymiz», – dedi Senat raisi.

Mavzuga oid