Jamiyat | 12:17 / 04.11.2022
16022
4 daqiqa o‘qiladi

“Bir marta farzand dog‘ini ko‘rdim, ikkinchi marta ko‘tarolmayman”, - o‘g‘lini yo‘qotishdan qo‘rqayotgan ota-ona nolasi

Ota-onaga farzand dog‘ini ko‘rsatmasin ekan. Hammaning ham bolasi ortida qolsin. Taqdir bu oilani to‘rt farzand bilan siyladi. Katta farzand ayni kuch-quvvatga to‘lib, 23 bahorni qarshi olganda vafot etdi. Endi ikkinchi o‘g‘ilda juda murakkab dard aniqlangan va ota-onani butkul tushkunlikka tushirgan.

Katta farzandidan ayrilgan ota-ona qolgan bolalari uchun yashashga kuch topdi. U vaqtda oilaning ikkinchi o‘g‘li Alisher harbiy xizmatda edi. Xizmatlarni yaxshi o‘tab, imtiyoz bilan qaytishiga qaramay, akasidan keyin o‘zini katta farzand deb bilib o‘qimadi. Qo‘liga ketmon olib, adirda ishladi, ro‘zg‘orga yordamlashdi.

Ikki qizni uzatib, o‘g‘il uylantirib, nevaralarni o‘ynatib o‘tiradigan yoshga yetganda ota-ona yana bir hayot sinoviga yo‘liqdi. Alisherda akasini olib ketgan dard — jigar sirrozi borligi aniqlandi.

“O‘tgan yildan beri o‘g‘im shu dard bilan kurashadi. Og‘ir ish qilolmaydi, parhez taomlar bilan ovqatlanadi. Yotadi, turadi, uyga kiradi, hovliga chiqadi. Dalada ishlab yurgan, tinim bilmagan odam uchun bir joyda bo‘lib qolishdan og‘irroq azob yo‘q ekan. O‘g‘il bola uchun ayni ish qiladigan yoshda bunday o‘tirish judayam og‘ir. Uni ko‘rib yordam berolmaslik undanam qiyin.

Dadasining ham sog‘lig‘i yaxshi emas. Bittasini o‘zim tuproqqa qo‘ydim, ikkinchisini yuragim ko‘tarmaydi, deb yig‘laydilar. Men ham ikkinchi marta farzand dog‘iga chidolmayman. Kechasi-yu kunduzi bolamni o‘ylab halovatimiz yo‘q. Erta-yu kech ko‘ziga qarayman. Bolaginam ortimizda qolsin, hech kimning boshiga farzand dog‘ini solmasin”, - deydi Janonxon aya ko‘z yoshlarini tiyolmay.

Alisher akaning hali voyaga yetmagan ikki nafar farzandi bor. Ular otasiga shifo so‘rab tinmaydi. “Otam tuzalmasa, biz otasiz nima qilamiz? Bizni niyatlarimizga kim yetkazadi, boshimizda kim turadi?”, deydi farzandlari. Otaning dardi bolakaylarni ham bir zumda ulg‘aytirib qo‘ygandek, go‘yo.

“Ko‘nglimdan o‘tayotganlarini tasvirlab berolmayman. Erkak kishi bo‘la turib, pul topolmasangiz, bir ish qilolmasangiz, bundan og‘iri bo‘lmas ekan. Ota-onam ayni rohat ko‘radigan yoshda, lekin pensiyalari ham o‘zlariga nasib qilmayapti. Topganlari mening dori-darmonim-u davolanishimga ketyapti.

Bolalarim ham juda yosh. Menga bir nima bo‘lsa, ularni kim oyoqqa qo‘yadi, kim suyanchiq bo‘ladi? Ota-onam keksayib qolishgan, ular mensizlikni ko‘tarolmaydi. Shularni o‘ylab tinimsiz Allohdan shifo so‘rayman”, - deydi Alisher aka ko‘z yoshlarini yashirib.

Doktorlar operatsiya qilinishi kerakligi, jigar ko‘chirib o‘tkazishgina foyda berishini aytishyapti. Bemorning kichik singlisi donorlik qilishga tayyor. Faqat mablag‘ yetishmasligi bu amaliyotni ortga surmoqda.

Imkoningiz bo‘lsa, bir insonning salomatligini tiklashga, oilaning quvonchini, halovatini qaytarishga o‘z hissangizni qo‘shing. 

Alisher Nizomovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0301 7008 6125 bemorning singlisi Nozimaxon Nizomova nomida

Manzil: Andijon viloyati, Jalaquduq tumani, Teshiktosh qishlog‘i, 30-uy.

Mavzuga oid