Jamiyat | 16:53 / 04.11.2022
19157
2 daqiqa o‘qiladi

«Hech kimga og‘irligim tushmasin deb hunar o‘rgandim» – nogiron kosib hikoyasi

To‘lanbek Ismoilov yoshligida noto‘g‘ri ukol qilinishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan. U mustaqil yurolmaydi, skuter yordamida tuman markaziga borib, qosh qorayguncha kosiblik qiladi. Quyida hayotdan umidi katta bo‘lgan kosib yigitning hikoyasi bilan tanishasiz.

Astoydil ishlasam, kuniga 50 ming so‘m topaman

1995 yilda tug‘ilganman. 3 yoshimda noto‘g‘ri ukol qilinishim sabab nogiron bo‘lib qolganman. Hozirda I guruh nogironiman. Maktabni tamomlagach, kosibchilik qilishni niyat qildim. Bu hunarda asosan qo‘l va aql ishlaydi, men esa yurolmayman. Avvallari qishlog‘imizda kosibchilik qilardim, hozir Rishton tumani markazida ishlayman. Ota-onam bilan yashayman.

Odam nima bilandir band bo‘lishi kerak, uyda bekor o‘tirgan bilan siqilib qolaman. Kosibchilikka shogird tushgan edim. Xudoga shukr, mustaqil ishlay olaman. Shu kasb ortidan tirikchiligim o‘tib turibdi, har kuni uyga 3-4 so‘m bilan kirib boraman.

Dutir qishlog‘idagi saxiy fermerlar mana shu skuterni ehson qilishgach, og‘irim yengil bo‘ldi, shunda kelib ketyapman. Uyimiz ish joyimdan 3 km uzoqda. Astoydil ishlasam, bir kunda 50 ming so‘mgacha pul topaman. Qolgan paytlari kamida 30 ming so‘m topaman. Yakshanba kuni ish yaxshi bo‘ladi.

Qishda ishlash qiyin

Hali uylanmaganman. Mustaqil yurolmayman. Oilada 4 farzandmiz. Ikki akam va opam bor. Ota-onam ham keksayib qolishdi. Akalarimning qo‘lida qolib, ularga malol kelmay deb kosibchilikni o‘rgandim.

Qishda tashqarida kosibchilik qilish oson emas. Shuning uchun kichik bir do‘koncha ochsam deyman. Kelajakda do‘konni kattaroq qilish niyatim ham yo‘q emas. Do‘konim yo‘qligi uchun asbob-uskunalarim kam. O‘zim bilan birga kerakli jihozlarni olib yuraman xolos. Tuman hokimligi kichik do‘koncha qurib berishda yordam qilsa, xursand bo‘lardim, deb hikoyasini yakunladi qahramonimiz.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid