Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi yo‘lga qo‘yildi
Suv va salqin ichimliklarning guruhlarga bo‘linishini nazarda tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 1 noyabrdagi “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 631-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddati va mahsulot turlari guruhlar bo‘yicha belgilandi:
- birinchi guruh – achitilmagan va tarkibiga spirt qo‘shilmagan, shakar yoki boshqa shirinlik qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan meva sharbatlari (uzum shirasi mustasno) va sabzavot sharbatlari, shuningdek, gazlangan hamda gazlanmagan suv va ichimliklar – 2023 yil 1 iyuldan boshlab;
- ikkinchi guruh – metall, shu jumladan, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklar – 2024 yil 1 avgustdan boshlab.
Qaror bilan:
- raqamli markirovkalanadigan suv va salqin ichimliklarning identifikatsiya kodlari ro‘yxati;
- ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafiklari;
- suv va salqin ichimliklarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Shuningdek, raqamli markirovkalash tartibi joriy qilingan kundan boshlab:
- operator tomonidan majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash uchun markirovka kodlari mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida taqdim etilishi;
- O‘zbekiston Respublikasida PET qadoqlarida yarim (0,5) litr va undan oshmagan holda ishlab chiqarilgan gazlanmagan suvlarni majburiy raqamli markirovkalashda identifikatsiya vositalarini shakllantirish maqsadida raqamli markirovka kodlari operator tomonidan bepul taqdim etilishi;
- 2023 yil 1 iyuldan e’tiboran tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni import qiluvchilar zimmasiga bojxona yuk deklaratsiyasida import qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha agregatsiyalangan import kodini aks ettirish majburiyati yuklanishi belgilandi.
Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tartibi joriy qilingan kundan:
- tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkasiz mahalliy ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqarish bundan mustasno) taqiqlanishi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilinayotgan suv va salqin ichimliklarning agregatsiyalangan import kodi bo‘yicha ma’lumotlarni bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilmasdan, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida rasmiylashtirish taqiqlanishi;
- olti oy mobaynida tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan raqamli markirovkalanmagan suv va salqin ichimliklar qoldiqlarini sotishga ruxsat berilishi;
- to‘qqiz oy mobaynida tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarning ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan raqamli markirovkalanmagan suv va salqin ichimliklar qoldiqlarini sotishga ruxsat berilishi;
- to‘qqiz oy o‘tgach tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni mahsulotlar aylanmasi ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlashni faqat elektron hisobvaraq – fakturalarga markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritgan hamda “Asl belgisi” MATga ma’lumot yuborgan holda amalga oshirilishi;
- tegishli guruhlar uchun belgilangan majburiy raqamli markirovkalash sanasiga qadar ishlab chiqarilgan va yuqorida belgilangan muddatda erkin muomalaga kiritilgan suv va salqin ichimliklarni chakana savdo tashkilotlari tomonidan o‘n ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda identifikatsiya vositalarisiz sotishga ruxsat berilishi qayd etilgan.
Shu bilan birga qarorga muvofiq:
raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura bir kalendar kun ichida sotib oluvchi tomonidan tasdiqlanishi yoki sababi ko‘rsatilgan holda rad etilishi to‘g‘risida norma “Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni to‘ldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi to‘g‘risida” nizomga (VMning 2020 yil 14 avgustdagi 489-son qarori) kiritilishi;
raqamli markirovkalanishi shart bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlari “Asl belgisi” milliy axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi sharti chakana savdo qoidalariga (VMning 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori) kiritilishi nazarda tutilgan.
Mavzuga oid
12:21 / 12.12.2024
Sut mahsulotlarini markirovkalash boshlanadi
18:32 / 06.08.2024
Qalbaki markirovkali tovarlar savdosi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin
08:51 / 03.06.2024
Markirovkalash uchun zarur bo‘ladigan uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi
11:37 / 22.12.2023