O‘zbekiston eksport-import va tranzit aloqalari 9 ta xalqaro transport yo‘lagi bo‘ylab amalga oshirilmoqda
2022 yil 11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Mavluda Irisbekova “Dunyo”ga taqdim etgan maqolasida mazkur tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi transport aloqalari haqida fikr yuritgan.
“Yaqin kunlarda ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti oliy darajadagi birinchi sammiti o‘z ishini boshlaydi, - deb yozadi ekspert. - Davlat rahbarlari darajasidagi mazkur sammitlar Tashkilotning oliy tuzilmasi bo‘lib, 2011 yildan boshlab har yili bir marotaba o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan yili Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Turkiy kengash nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Hozir tuzilma tarkibida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon hamda O‘zbekiston kabi mamlakatlar bor. Vengriya kuzatuvchi bo‘lsa, Turkmaniston betaraf davlat sifatida uning doimiy mehmonidir.
Turkiy davlatlar tashkilotining maqsadi – a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish. Asosiy vazifalari mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rag‘batlantirish, siyosiy, huquqiy muhofaza qilish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, bank moliya, madaniy-gumanitar kabi sohalar tashkil etadi.
Mazkur vazifalar o‘tgan yili 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” istiqbolli dasturiy hujjatda o‘z aksini topgan. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun transport va tranzit masalalariga alohida e’tibor qaratish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish kabi takliflar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan edi.
Hozir tashkilot diqqat-markazida – a’zo davlatlar o‘rtasida transport aloqalarini ta’minlash, bojxona va transport tartiblarini soddalashtirish masalalari turibdi. O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari bilan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Ushbu masala “Turkiy dunyo nigohi – 2040” strategik hujjatida alohida o‘rin tutadi. Asosiy e’tibor mamlakatlar transport aloqalarini ta’minlash, bojxona va transport tartiblarini, raqamlashtirish orqali soddalashtirishga qaratilmoqda.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatlar transport xizmatlariga haq to‘lash uchun ikki baravar ko‘p mablag‘ sarflaydi. Ko‘p holda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari import qilinadigan tovarlar qiymati 60 foiziga yetadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston eksport-import va tranzit aloqalari 9 ta xalqaro transport yo‘laklari bo‘ylab amalga oshirilmoqda, ulardan 8 tasi kamida mazkur tashkilotga a’zo bir mamlakat orqali o‘tadi. O‘zbekiston bilan chegaradosh 5 mamlakatdan 2 tasi tashkilot a’zosi (Qozog‘iston va Qirg‘iziston) va 1 tasi davlat kuzatuvchi maqomiga ega (Turkmaniston).
Raqamli yechimlarni Markaziy Osiyo mamlakatlarini Xitoy va Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan quruqlik ko‘prigiga aylantirishga imkon beradi. Bu mintaqa davlatlari global ta’minot zanjirlariga va xalqaro tranzit yuk tashuvlariga yanada chuqurroq integratsiyalashuvini ta’minlaydi”.
Mavzuga oid
13:52 / 21.12.2024
O‘zbekiston eksportida xususiy sektor ulushi 60 foizga yetkaziladi
12:56 / 19.12.2024
AQSh O‘zbekiston za’faroni eksporti uchun berilgan ruxsatnoma muddatini uzaytirdi
20:50 / 17.12.2024
O‘zbekistonning 18 tonna zararli pomidori Rossiya bozoriga kiritilmadi
18:11 / 12.12.2024