Sport | 16:31 / 09.11.2022
29286
8 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 tanishtiruvi: 6-chempionlikni ko‘zlayotgan Braziliya - tarkib, yetakchilar, imkoniyatlar

JCh-2022 boshlanishiga 11 kun qoldi. Bugundan turnir favoritlari haqida so‘z yuritamiz. Tanishtiruvni eng ko‘p marta chempionlikni qo‘lga kiritgan Braziliya milliy jamoasidan boshlash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ustiga-ustak, g‘oliblikka da’vogarlardan hozircha faqat «pentakampeonlar» yakuniy tarkibni e’lon qilishdi.

FIFA reytingidagi o‘rni — 1

JCh-2022ga yo‘l — 14 g‘alaba, 3 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 40:5

Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Neymar (8)

JChdagi eng yaxshi natijasi — chempionlik (1958, 1962, 1970, 1994, 2002)

Tarkib

Braziliya milliy jamoasining yakuniy 26 kishilik qaydnomasidan quyidagi futbolchilar o‘rin oldi.

Darvozabonlar: Alisson («Liverpul»), Ederson («Manchester Siti»), Ueverton («Palmeyras»);

Himoyachilar: Aleks Sandro, Bremer, Danilo (barchasi – «Yuventus»), Aleks Telles («Sevilya»), Dani Alves («Pumas»), Eder Militao («Real»), Markinos («PSJ»), Tiago Silva («Chelsi»);

Yarimhimoyachilar: Kazemiro, Fred (ikkisi ham – «Manchester Yunayted»), Everton Ribeyro («Flamengo»), Fabino («Liverpul»), Lukas Paketa («Vest Hem»), Bruno Gimaraes («Nyukasl»);

Hujumchilar: Antoni («Manchester Yunayted»), Gabriel Martinelli, Gabriel Jyezus (ikkisi ham – «Arsenal»), Neymar («PSJ»), Pedro («Flamengo»), Rafinya («Barselona»), Risharlison («Tottenhem»), Rodrigo, Vinisius Junior (ikkisi ham – «Real»).

Chaqirilganlarning deyarli yarmi (12) APLda to‘p tepadi. «Real», «MYu» va «Yuventus»dan 3 nafardan o‘yinchi taklif qilingan.

Saralash mobaynida jalb etilgan Roberto Firmino («Liverpul»), Gabriel Magalyaes («Arsenal»), Mateus Kunya («Atletiko»), Emerson Royal («Tottenhem»), Renan Lodi («Nottinghem Forest») kabi futbolchilar mundialga yo‘l olgan tarkibdan tushib qolishdi. Filippe Koutino («Aston Villa») esa jarohat sabab turnirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Tarkibdagi eng yoshi katta futbolchi — Dani Alves. Meksika chempionatida harakat qilayotgan 39 yoshli qariya agar JChda maydonga tushsa, milliy jamoa rekordini yangilaydi. Hozircha Braziliya safida ushbu turnirda o‘ynagan eng yoshi katta futbolchi Jalma Santosdir — 37 yosh, JCh-1966da.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Alisson — Danilo, Markinos, Silva, Sandro — Kazemiro, Fred, Paketa — Rafinya, Neymar, Risharlison.

Har bir chiziqdagi yetakchilarga e’tibor qaratamiz.

Darvoza: Alisson

Beqaror mavsum o‘tkazayotgan «Liverpul»da Alisson jamoadoshlaridan farqli o‘laroq o‘z darajasida o‘ynamoqda.  

Darvozabon bu mavsumda Premer-ligada ehtimoliy gollarni (hG) bartaraf etish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etmoqda. U Saloh va Elliotni ortda qoldirib, jamoaning oktyabrdagi eng yaxshi futbolchisiga aylandi. «Manchester Siti»ga (1:0) qarshi markaziy bahsda jamoasining yagona goliga assistentlik qildi, «Vest Hem» (1:0) bilan o‘tgan og‘ir o‘yinda penaltini qaytardi.

Braziliyada bu chiziqda umuman muammo yo‘q. Alissonga nimadir bo‘lgan taqdirda ham, uning o‘rnini «Man Siti» posboni Ederson egallay oladi.

Himoya: Markinos

«Nega Tiago Silva emas?» deyishingiz mumkin. Chunki Silvaning «PSJ»dagi so‘nggi yillarida ham Markinos ko‘proq ko‘zga tashlanardi. Shu sabab Parij klubi yoshi o‘tib borayotgan himoyachidan osongina voz kechdi. Tiago uch markaziy himoyachi bilan harakat qiladigan «Chelsi»da ajoyib mavsumlar o‘tkazdi, ammo joriy mavsumda xatolar ko‘paygan. London klubi so‘nggi turlarda ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda.

Kiyim almashtirish xonasida Silva yetakchi bo‘lsa-da, maydonda himoya Markinos bilan ishonchlikroq ko‘rinadi. «PSJ» sardorining yana bir ustun jihati — standart vaziyatlarda xavfliligi. U milliy jamoada so‘nggi 18 ta o‘yinda 3 gol va 2 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Yarimhimoya: Kazemiro

Himoya va hujumni bog‘lashda, chiziqlar orasida to‘g‘ri o‘ynashda Kazemiroga yetadigani yo‘q. U – dunyoning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachilaridan biri. Jamoaning 6-chempionlikka erishishi katta o‘yinlar tajribasi va g‘oliblik mentalitetiga ega 30 yoshli futbolchiga bog‘liq.

Qatardagi mundial Kazemiro uchun so‘nggisi bo‘lishi mumkin. Chunki tayanch yarimhimoyachilari 34 yoshida jismoniy jihatdan top darajada bo‘lishi ehtimoli past.

Hujum: Neymar

«PSJ» bilan shartnomasini uzaytirgan Kilian Mbappe Neymarning ketishini xohlashi haqida ko‘plab xabarlar chiqdi. Ammo braziliyalik futbolchi mavsumni yuqori formada o‘tkazyapti, u hatto kiyim almashtirish xonasida Mbappe tarafdorlarini o‘ziga og‘dirib oldi. U bu mavsumda «PSJ» safida barcha turnirlar doirasida 19 o‘yinda 27 ochko (15 gol, 12 assist) to‘pladi.

Braziliyada qanot vingerlari yetarli. Tite Neymardan markaziy hujumda yoki hujum ortida foydalanadi. Avvalroq u intervyusida Neymarni qanotda o‘ynatadiganlarni eshakka qiyoslagandi.

Neymar hozirgi Braziliya u o‘ynayotgandan beri tarkib jihatidan eng kuchlisi ekanligini bir necha bor ta’kidladi. Hujumchida chempionlik istagidan tashqari yana bir motivatsiya bor – milliy jamoada eng ko‘p gol urgan Pelening rekordini yangilash. Bunga esa atigi 3 ta gol qoldi.

Murabbiy

Tite Braziliyani 2016 yildan beri boshqarmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa JCh-2018 turnirida chorakfinalgacha borgandi, Amerika Kubogi-2019da g‘olib bo‘ldi, 2021 yil finalda Argentinaga yutqazdi. Bo‘lajak mundialda esa undan faqat chempionlik kutishmoqda. Murabbiy Qatardagi musobaqadan so‘ng jamoadan ketishini e’lon qilgan.

Braziliyada hujum avvaldan yaxshi bo‘lgan. Tite kelgach, jamoa himoyaviy harakatlarda ham ishonchli o‘ynay boshladi. U katta o‘yinlarda odatda 4-2-3-1, kuchsizroq raqiblarga qarshi esa 4-3-3 yoki 4-4-2 sxemalaridan foydalanadi. Hujumda universal futbolchilarning ko‘pligi murabbiyga turli taktikalardan foydalana olish va hatto o‘yin vaqtida ham sxemani o‘zgartirish imkonini beradi.

JCh-2022 uchun prognoz

Braziliya Serbiya, Shveytsariya va Kamerun bilan bir guruhdan o‘rin olgan. Jamoa salohiyati bilan qiynalmagan holda guruhdan chiqishi kerak. Neymar yetakchiligidagi jamoadan chempionlik kutilmoqda. Ammo pley-offlar oson bo‘lmaydi, chunki jamoa so‘nggi mundiallarda Yevropa grandlari bilan qiynalmoqda. 1/8 finalda Portugaliya yoki Urugvay, chorakfinalda esa Germaniya yoki Ispaniya kabi jamoalar to‘qnash kelishi mumkin. Agar Braziliya Yevropaning top jamoalarini mag‘lub etolsa, yarimfinalda Argentinaga duch kelishi ehtimoli bor. Pley-off yo‘li murakkabligi inobatga olinsa, braziliyaliklarga finalgacha yetib borish qiyin. Himoyadagi asosiy futbolchilarning yoshi kattaligi ketma-ket katta o‘yinlarda pand berishi mumkin.

A’zamjon Izzatillayev

Mavzuga oid