Jahon | 11:32 / 09.11.2022
31232
6 daqiqa o‘qiladi

Qurigan daryoni to‘ldirgan va 70 ta qishloqni asrab qolgan inson –  hindistonlik shifokor tajribasi

Arvari daryosi 60 yil ilgari butunlay qurib bitgan, suvsizlik yon atrofda hayot belgilarini yo‘qotayotgandi. Ammo Rajyendr Singx hammasini o‘zgartira oldi. Ko‘pchilik umidini uzgan, tashlab ketayotgan yerlarning bahosi bugungi kunda 150 barobargacha, hosildorlik esa 10 martagacha oshgan. Aholi ko‘payib bormoqda, hududga qushlar va boshqa jonivorlar qaytmoqda.

Foto: Kun.uz

Hindistonning shimoli-g‘arbiy shtati Rajastxon aholi zich, hayot darajasi ancha murakkab hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerlarni bir vaqtlar suv bilan ta’minlagan Arvari daryosi esa 60 yildan beri tarixga aylangan, uning qurib bitgan suv yo‘li sahroda cho‘zilib yotgan ilondek ko‘rinishga kelib qolgan edi. Quduqlar suvsizlanib, bor yer osti suvlarini chiqarish uchun 100 metrgacha qazishga to‘g‘ri kelar, olingan suvning sifati esa havas qilgulik emasdi.

Yashash tobora qiyinlasha borgani sari odamlar ham ko‘chib ketishar, qashshoqlik va umidsizlik aholini tobora chulg‘ab borardi.

1985 yilda bu yerdagi Gopelpur qishlog‘iga tibbiyot kollejini yaqinda tugatgan shifokor Rajyendr Singx ishga keladi va o‘zining kichik kabinetini ochib, faoliyatini boshlaydi.

Rajyendr Singx / Foto: pikab.ru

Rajyendr kollejda o‘qib yurgan paytlaridayoq sog‘lom turmush tarzining faol targ‘ibotchisi edi. Qishloqqa kelganidan keyin ham bu odatini qo‘ymaydi. Aholining salomatligini o‘rgangan yosh shifokor asosiy muammo suvda ekanligini anglab yetadi. Bundan tashqari Rajyendr o‘z fermasini ham ochmoqchi edi, ammo sharoit bunga yo‘l qo‘ymasdi.

Hududda yiliga ikki oy davom etadigan yomg‘ir mavsumida kuchli jalalar quyar, qolgan paytlari qurg‘oqchilik hukm surardi. Mahalliy aholi bilan suhbatlashgan Rajyendr Singx qachonlardir Arvari daryosi to‘lib oqqani, daryo atrofida sellarni tutib qoluvchi o‘ziga xos kichik suv omborlari – johadlar bo‘lganligini bilib oladi.

Foto: pikab.ru

Rajyendr bir necha hamroh topib ishga kirishadi va chiqindiga to‘lgan, ko‘milib ketgan johadni tozalashga kirishadi. Ko‘pchilik uning bu harakati besamar ekanligini aytib kuldi, ammo shifokor o‘z ahdidan qaytmadi.

Dastlabki natijalar juda kamtarona bo‘lgan. Uzoq mehnat va mashaqqat bilan qazilgan johadga juda oz suv to‘plangan va tez qurib qolgan. Lekin atrofdagi quduqlarga suv qaytishi mahalliy aholida ham qiziqish uyg‘otadi va shifokorning yordamchilari soni kengaya boradi.

1986 yilda ilk johad to‘liq tiklanadi. U hosildorlikka ko‘p ta’sir qilmagan bo‘lsa-da, odamlarda umid uyg‘ota olgandi. Ishlar shitob bilan davom ettiriladi va keyingi yillarda navbatdagi johadlar foydalanishga topshiriladi.

1990 yilga kelib haqiqiy natijalar ko‘rina boshlaydi. Arvari daryosi shu yili nafaqat qayta oqadi, balki oktyabr oyigacha qurimay turadi. Ishlar davom ettiriladi, johadlar ochilaveradi. 1991 yilda endi daryo yanvargacha qurimaydi.

1992 yilda Arvari fevralgacha, 1993 yilda martgacha, 1994 yilda aprelgacha oqib turadi. Ishlar bir kunga ham to‘xtatilmaydi, natijani ko‘rgan odamlar Rajyendrga so‘zsiz bo‘ysuna boshlaydilar.

1995 yil hudud tarixida yangi sahifa ochadi. Dastlabki johadga kirishilganidan 9 yil o‘tib, Arvari daryosi yil davomida oqib turadi va umuman qurimaydi. 70 ta qishloq joylashgan 500 kvadrat kilometr maydondagi eroziya to‘xtatiladi. 100 metrlab chuqurga tushib ketgan yerosti suvlari 8-10 metrdan chiqa boshlaydi.

Foto: pikab.ru

Rajyendr va do‘stlari faqat johadlar bilan cheklanib qolishmaydi. Tepaliklarga daraxtlar ekiladi, shifokorning shaxsan o‘zi dorivor giyohlar urug‘ini sepishni yo‘lga qo‘yadi. Daraxtlar namlikni saqlashi ortidan o‘tloqlar ko‘payadi, mikroiqlim yaxshilanadi, hududga ancha vaqtdan beri ko‘rinmagan hayvonlar va qushlar qaytishadi. Johadlarda hatto baliq ham ko‘paytiriladi, ammo uni ovlashga ruxsat berishmaydi.

Arvari daryosi atrofidagi hamma tashlab ketayotgan yerlar bahosi 150 martagacha ortadi. Hosildorlik yanada hayratlanarli edi – mahalliy dehqonlar 10 karragacha ko‘proq natijaga erisha boshlaydilar.

Rajyendr hududning haqiqiy qahramoniga aylanadi. Uni “Hindistonning suv odami”, “Suv supermeni” deb alqay boshlaydilar. Shifokor bu ishlar qatorida aholi salomatligi, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha ishlarini ham unutmaydi. Qishloqlarga qaytayotgan odamlar o‘zgarishlardan hayron bo‘lish bilan birga Rajyendr Singxning muolajalaridan shifo topishadi.

Ammo suv hududda baribir tanqis bo‘lib, shiddat bilan ko‘payayotgan dehqonchilik ko‘lami murakkab vaziyat yaratardi. Rejyendr buning ham yechimini topadi. Qishloqlar faollarini jamlab “Suv parlamenti”ni tuzadi va obi hayot taqsimoti va johadlar boshqaruvini to‘lig‘icha faollarga topshiradi.

Foto: pikab.ru

Rajyendr Singxning bu faoliyati ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan. Uni hatto “Sayyorani qutqarishi mumkin bo‘lgan 50 odam” safiga qo‘shishgan. Shifokor faqat Rajastxondagi hudud bilan cheklanib qolmay, Tarun Bharat Sangh tashkilotini tuzadi va boshqa joylardagi suv muammolari yechimida ko‘mak berib keladi. O‘tgan yillar davomida uning tashkiloti 8600 dan ortiq johadlarni tiklashga yordam bergan va buning ortidan 1000 dan ortiq qishloqlarda turmush tarzi yaxshilangan. Arvari daryosidan tashqari Ruparel, Sarsa, Bxagani va Jaxajvali daryolari oqimi tiklangan.

Faoliyati davomida Rajyendrni hatto suv yo‘llari va quduqlarga salbiy ta’siri tufayli qator shaxtalarni yopishga erishgan. Ishsiz qolgan shaxtyorlar uni tutib olib do‘pposlaganlar.

Ana shunday! Yaxshilik hammaga ham yoqavermaydi, ammo baribir unga intilish kerak.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid