Jahon | 19:11 / 09.11.2022
17609
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV Ukraina bilan «hozirgi voqelikni hisobga olgan holda» muzokaralarga tayyorligini bildirdi

Moskva hech qachon muzokaralardan bosh tortmagan, dedi Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova. Volodimir Zelenskiy avvalroq muloqotni tiklash talablarini ilgari surgan edi, biroq TIV bundan keyin muzokaralar uchun oldindan qo‘yiladigan hech qanday shart yo‘qligini ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Rossiyaning Ukraina bilan muzokaralarga tayyorligi bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda, dedi Rossiy TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova.

«Biz hali ham muzokaralar uchun ochiqmiz. Biz ulardan hech qachon voz kechmaganmiz. Biz ularni, albatta, hozirgi paytda yuz berayotgan voqelikni hisobga olgan holda o‘tkazishga tayyormiz», — dedi u.

Mariya Zaxarova «hozirgi paytda yuz berayotgan voqelik» zamirida nimalarni nazarda tutayotganini aytmadi.

Sentyabr oyining oxirida Rossiya LXR va DXR, shuningdek, Zaporojye va Xerson viloyatlarini annexia qildi. Shundan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga Vladimir Putin rahbarlik qilar ekan, u bilan muloqot qilmasligini aytdi.

Shundan so‘ng, Rossiya rasmiylari hali ham muzokaralarga tayyor ekanligini bir necha bor ta’kidladi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov 7 noyabr kuni Kiyevning pozitsiyasi tufayli hozircha muzokara uchun imkoniyat yo‘qligini ta’kidladi.

Ertasi kuni Zelenskiy, agar Ukraina hududiy yaxlitligi tiklansa, BMT nizomi hurmat qilinsa, harbiy amaliyotlardan ko‘rilgan barcha zarar uchun Rossiya tomonidan tovon to‘lansa va «bu voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun kafolat berilsa», muzokaralar olib borish mumkinligini aytdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Ukraina prezidentining so‘zlaridan so‘ng, Rossiyaning Kiyev bilan muzokaralar olib borishi uchun oldindan qo‘yiladigan hech qanday sharti yo‘qligini aytdi.

Mavzuga oid